Prezident faoliyati to‘xtatib qo‘yilgan tadbirkorlarga yordam berishga ko‘rsatma berdi

Shavkat Mirziyoyev Davlat byudjeti parametrlarini ijro etish va hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha joriy yilgi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishini o‘tkazdi.

— Yagona yo‘limiz – tadbirkorlar sonini ko‘paytirish, odamlarni ishbilarmon qilish! Har bir hokim byudjetga qo‘shimcha daromadlarni ta’minlashi uchun o‘zi izlanishi, tadbirkorga sharoit yaratib, biznes vakillari bilan yelkama-yelka ishlashi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Joylardagi rahbarlarning eskicha ish uslubi, energiya resurslari iste’moli va to‘lovi bo‘yicha hisob-kitob yuritishi, tadbirkorlarni qiynayotgan masalalarga yondashuvi tanqid qilindi. O‘tgan yili Mirzo Ulug‘bek, G‘uzor va Muborak tumanlarida faoliyat ko‘rsatmayotgan tadbirkorlar soni oshgani ko‘rsatib o‘tildi.

"Bitta tadbirkor o‘z faoliyatini to‘xtatsa ham bunga “favqulodda holat” sifatida qaralishi kerak, – deya ta’kidladi prezident. – Iqtisodiy barqarorlik asosi raqobatbardosh tadbirkorlarni ko‘paytirishdir".

Avvalo, yangi tadbirkorlik sub’yektlarini tashkil qilish hamda faoliyatini to‘xtatgan korxonalarni tiklashga ko‘maklashish kerakligi ta’kidlandi. Buning uchun elektr, gaz, yo‘l, suv bilan bog‘liq infratuzilmani yaxshilash, yangilarini barpo etish zarur. Shu bois hokimiyatlar tomonidan oshirib bajarilgan daromadlar, birinchi navbatda, hududlarda mavjud infratuzilmani yaxshilashga yo‘naltirilishi belgilandi.

Shuningdek, tayyor infratuzilmasi bor kichik sanoat zonalarining 263 gektar maydoni va 50 mingdan ziyod ob’yektlaridan samarali foydalanilsa, ko‘plab yangi quvvatlar tashkil etish mumkin. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga viloyat hokimliklari bilan birgalikda shu borada manzilli dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Har bir tuman kesimida resurs solig‘i to‘lovchilarni hamda ularning ob’yektlarini hisobga olish, ish o‘rinlari va tadbirkorlar faoliyatini legallashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’moli uchun qarzdorlikni qisqartirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Toshkent, Sirdaryo, Samarqand, Navoiy viloyatlari va boshqa joylarda debitor qarzdorlik ko‘paygani, avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarida katta miqdorda talon-torojliklar aniqlanayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Bu energiya ishlab chiqaruvchi korxonalarning moliyaviy ahvoliga salbiy ta’sir etishi bilan birga hududlardagi tadbirkorlarning elektr va tabiiy gaz ta’minotida uzilishlarga sabab bo‘lmoqda.

Prezident bunday holatlarga chek qo‘yib, elektr energiyasi va tabiiy gazdan qarzdorlikni qisqartirish, aholi va tadbirkorlarni ushbu manbalar bilan uzluksiz ta’minlash zarurligini ta’kidladi.

Ma’lumki, Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlari, “O‘zbekneftgaz”, “O‘ztransgaz”, “O‘zqurilishmateriallari”, “O‘zkimyosanoat” kabi yirik korxona va tashkilotlar byudjet ko‘rsatkichlariga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Endilikda ulardan tushumlar yaqinda tuzilgan Yirik soliq to‘lovchilar bilan ishlash inspeksiyasi tomonidan mustaqil yig‘iladi.

Byudjetga tushumlarni oshirishda yana bir muhim yo‘nalish – davlat aktivlari. O‘tgan yili davlat ishtirokidagi korxonalar tomonidan byudjetga jami 1,6 trillion so‘m dividend to‘langan, xolos.

Shu bois mutasaddilarga davlat mulki ob’yektlarini, jumladan, yog‘-moy va alkogol mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarni xususiylashtirish, yirik soliq to‘lovchi sub’yektlar bo‘yicha dividend to‘lash miqdori va davriyligini belgilash vazifasi yuklatildi.

Videoselektorda yangi Soliq kodeksini hayotga to‘liq tatbiq etish masalasi ham atroflicha muhokama qilindi. Joriy yil 1 yanvardan mamlakatimiz soliq tizimida 120 dan ortiq yangi qoidalar amaliyotga kiritildi. Bu qoidalar to‘g‘ri qo‘llanishi, aholining huquq va manfaatlari ta’minlanishi uchun o‘zgarishlardan barcha xabardor bo‘lishi kerak.

Davlat soliq qo‘mitasi, Adliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va Biznes-ombudsmanga xalqaro tajriba asosida, tadbirkorlar bilan muhokama qilgan holda soliq tekshiruvlari o‘tkazish tartibini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.