Prezident farmoni asosida sud faoliyatida nimalar o‘zgaryapti? Yangiliklar nima beradi?
Davlatimiz rahbarining “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonida sud tizimini takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga qaratilgan bir qator tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan.
Xususan, viloyat darajasidagi fuqarolik, jinoyat va iqtisodiy sudlari birlashtirilib, ularning negizida sudyalarning qat’iy ixtisoslashuvini saqlab qolgan holda yagona umumyurisdiksiya sudlari tashkil etiladi.
Hozirgi kunda har bir viloyat sudida 4 tadan 15 tagacha sudyalar faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, yangi tashkil etilayotgan umumyurisdiksiya sudlarida ularning soni 19 tadan 47 tagacha bo‘ladi.
Aytish mumkinki, shu paytgacha viloyat sudlarida sudyalar sonining kamligi uchun ma’lum bir ishlar bir viloyatdan ikkinchisiga olib berilgan. Misol uchun, o‘tgan davrda 20 mingdan ortiq ishlarning olib berilishi, fuqarolarning sarsongarchiligiga sabab bo‘lgan.
Farmon bilan shuningdek, ilg‘or xorijiy tajriba va xalqaro standartlarni inobatga olgan holda respublikada samarali ma’muriy odil sudlov tizimini yaratish belgilangan.
Bunda ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga o‘tkaziladi. Tuman, shahar ma’muriy sudlari tugatilib, ularning negizida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tumanlararo ma’muriy sudlar tashkil etiladi.
Ya’ni, butun mamlakat miqyosida 199 ta tuman, shahar ma’muriy sudlari maqbullashtirilib, viloyat markazlarida 14 ta tumanlararo ma’muriy sudlar tashkil etiladi.
Davlatimiz rahbari imzolagan hujjatda sudda ishlarni ko‘rishda inson huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va taraflarning tortishuvchanlik tamoyilini amalda ro‘yobga chiqarish maqsadida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda dastlabki eshituv institutini joriy etish ko‘zda tutilgan.
2019 yilda 469 ta ish sudda bir necha oy ko‘rilgandan keyin dastlabki tergovdagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun prokurorga qaytarilgan. Endilikda ishni sudga tayinlash jarayonida 7 sutka ichida sudya mazkur masalani hal etishi mumkin bo‘ladi.
Bundan tashqari, prokurorning sudda, ish ko‘rilishi jarayonida ishtirok etish tartibi ilg‘or xalqaro standartlarga moslashtirilmoqda. Jumladan, prokuror sud jarayonida ayblovdan voz kechgan taqdirda, reabilitatsiya asoslariga ko‘ra jinoyat ishini tugatish mumkin bo‘ladi.
Endi prokuror tomonidan taraflar murojaati mavjud bo‘lgan holdagina, suddan ishni o‘rganish uchun chaqirib olish, prokurorning fuqarolik va iqtisodiy ishlarning ko‘rilishida o‘z tashabbusi bilan ishtirok etishini chegaralash nazarda tutilmoqda.
Farmon bilan tizimga kiritilayotgan o‘zgartishlardan yana biri ortiqcha sud bosqichlarini bekor qilish orqali sud tizimiga “bir sud – bir instansiya” tamoyilini joriy etish.
Bunda sud ishlarini nazorat tartibida ko‘rish instituti tugatiladi. Bir sudda ishlarni ikki bosqichda (birinchi hamda apellyasiya yoki kassatsiya) ko‘rish amaliyotiga barham beriladi.
Vaholanki, 2019 yilning o‘zida ayni bir viloyat sudida birinchi va apellyasiya (kassatsiya) instansiyasida ko‘rilgan ishlarning 13 mingga yaqini Oliy sudda o‘zgartirilgan yoki bekor qilingan.
Shuningdek, Farmonga ko‘ra, Oliy sud tuzilmasida investitsiyaviy nizolarni va raqobatga oid ishlarni ko‘rish bo‘yicha alohida sudlov tarkibi tuziladi.
Birgina, 2019 yilda iqtisodiy sudlar tomonidan chet el investorlari bilan bog‘liq 3 mingga yaqin, raqobatga oid 30 dan ortiq ishlar ko‘rilgani bu yangilikning nechog‘lik ahamiyatga egaligini ko‘rsatib turibdi.
Bir so‘z bilan aytganda, qayd qilingan farmonning qabul qilinishi sud himoyasini ta’minlashdagi ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etishga, sud qarorlarini qayta ko‘rishning bir-birini takrorlovchi bosqichlarini bekor qilishga, investorlar huquqlarining ishonchli sud himoyasida bo‘lishini ta’minlash hamda sud organlarining amaldagi tuzilishini zamon talablari va xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishga xizmat qiladi.
Jahongir ARSLONOV,
jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudining sudyasi.
Abdusattor ABDURAZZAKOV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar sudining raisi.