Prezident farmoniga ko‘ra
18 yoshgacha bo‘lgan fuqarolarning madaniy meros ob’yektlariga bepul kirishi belgilangan. Ammo...
Aksariyat hollarda tarixiy obida, muzey va yodgorliklarga kirish uchun berilgan imtiyoz hamda qabul qilingan yangi qonun hamda farmonlarni bilmaslik natijasida fuqarolarning madaniy meros obidalariga pul to‘lab kirayotgani yoki tarixiy ob’yektlarga kirish nega pullik degan holatlarni uchratamiz.
Mamlakatimizda qabul qilingan tegishli qaror va qonunlarga ko‘ra, mahalliy fuqarolar uchun yosh toifasida madaniy meros inshootlariga to‘lov orqali kirish va ayrim sana hamda dasturlar doirasida imtiyoz bilan bepul kirish belgilangan.
2023 yil 8 maydagi “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni bilan yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlikni, xalqning boy madaniy merosidan faxrlanish, vatanparvarlik tuyg‘ularni shakllantirish maqsadida 2023 yil 1 sentyabrdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarning madaniy meros ob’yektlariga to‘lovsiz kiritilishi joriy etildi. Ushbu tartib amaldagi Konstitutsiyamizning 78-moddasida ham aks etgan.
Ammo 18 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar hozir ham tarixiy ob’yektlarga kirish uchun pul to‘lamoqda. Xo‘sh, madaniy meros ob’yektlari mas’ullari nega Prezident Farmoniga amal qilmayapti yoki tizim haligacha eski qaror va qonunlar asosida ishlayaptimi? Bunga aniqlik kiritish maqsadida viloyatimizdagi madaniy meros ob’yeklari mas’ullariga murojaat qildik.
Ta’kidlanishicha, tarixiy obidalarga kirish uchun beriladigan elektron biletlar narxlari 2023 yilda Madaniy meros agentligi tomonidan tasdiqlangan bo‘lib, yosh bolalar uchun 5 ming so‘m, kattalar uchun 10 ming so‘m etib belgilangan. Joriy yilning 30 avgust kuni Madaniy meros agentligi mas’uli ishtirokida o‘tkazilgan brifingda yuqoridagi farmonga asosan, ob’yektlarga bepul kirish to‘g‘risida shunday ma’lumot berilgan:
“Respublika fuqarosi hisoblangan va 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar har yilning 2-8 sentyabr kunlari o‘tkaziladigan “Muzeylar haftaligi” doirasida, har oyning birinchi yakshanbasida uyushtiriladigan “Ochiq eshiklar kuni” doirasida hamda haftaning har seshanba va juma kunlari madaniyat muassasalariga bepul kiritiladilar. Bunda tashrif buyuruvchi 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar tegishli ob’yektlar kassasiga shaxsini tasdiqlovchi pasport yoki ID-kartalarini taqdim etishlari talab etiladi. 18 yoshgacha bo‘lgan yosh san’at ixlosmandlari madaniyat o‘choqlariga guruh bo‘lib yoki yakka tartibda tashrif buyurishlari mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, tashrif buyuruvchilar guruhining ob’yektlarga bepul kiritilishini tegishli ta’lim va tarbiya muassasasi yoki ularga guruhlarga jamlangan tashkilot rahbariyati hamda ob’yektlar hamkorligida ishlab chiqilgan reja-jadval asosida ham amalga oshirishlari mumkin bo‘ladi. Bunda ta’lim yoki tarbiya muassasasi yoki ularning guruhga to‘plagan rahbariyati oldindan ob’yektlarga tashrif buyuruvchilarning tarkibi, bolalar guruhlariga hamrohlik qiluvchi mas’ul shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ob’yektlar ma’muriyatiga kamida uch kun oldin yozma ravishda taqdim etishlari talab etiladi. Yosh sayohatchilar guruhiga hamrohlik qiluvchi ikki nafargacha mas’ul shaxsga ob’yektlarga bepul kirishga ruxsat beriladi. Ob’yektlarga bepul kiritilgan tashrifchilarga xizmat ko‘rsatish, jumladan, ekskursiya xizmati, tashrif buyuruvchilar uchun belgilangan umumiy tartibda amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasining muzeylar to‘g‘risidagi qonunini ro‘yobga chiqarish uchun zarur bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash haqida”gi hujjatga asosan, “Milliy muzey fondi tarkibiga kiritilgan muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini kirib ko‘rish tartibi va shartlari to‘g‘risida”gi nizomning tegishli bandiga muvofiq, har yilning 2-8 sentyabr kunlari davlat muzeylarida “Muzeylar haftaligi” o‘tkazib kelinadi. Mazkur haftalik dorasida barcha aholi davlat muzeylariga bepul kiritiladi” deyiladi agentlik ma’lumotida.
Biroq, yuqorida aytganimizdek, tegishli me’yoriy hujjatlar bilan respublika fuqarosi hisoblangan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarning madaniy meros inshootlariga, jumladan, ko‘rgazmalar tarixiy obidalar va ziyoratgohlar, shuningdek, davlat muzeylariga to‘lovsiz kirishi ko‘zda tutilgan. Biroq Madaniy meros agentligi mas’uli bergan ma’lumotda 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar haftaning ayrim kunlarida, sana va bayramlar munosabati bilan hamda turli dasturlar doirasida ma’lum bir kunlarda ushbu ob’yektlarga bepul kirishi aytilmoqda. Bizningcha, bu Prezident farmonida belgilangan vazifalarning bir qismi, xolos. Chunki bunda 18 yoshgacha bo‘lgan respublika fuqarolarining madaniy meros inshootlariga istalgan vaqtda, to‘liq bepul kirishi ta’minlanmayapti.
Bu masalani ko‘tarishimizning sababi bor. Gap shundaki, bugungi kunda yoshlar o‘rtasida tarixiy qadamjolar, xususan muzeylarga borish istagi quvonarli darajada emas. Xolbuki, milliy qadriyatlarga sodiqlik, xalqimizning boy milliy-madaniy boyliklaridan boxabar bo‘lish va faxrlanish hissi aynan shu joylarda ko‘proq shakllanadi. Aynan shuning uchun ham davlat darajasida bu masala ko‘tarilib, tegishli hujjatlar qabul qilingan.
Bu haqda Madaniy meros agentligi mas’ullari yana bir o‘ylab ko‘rishsa yoxud biz nazardan qochirgan jihatlarga batafsil izoh berishsa maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.