Prezident maktablariga qabul boshlandi: Bu dargohga kirish va o‘qish osonmi?
Farzandini xalqaro standartlar asosida o‘qishini, malakali xorijiy ustozlar darslarida ishtirok etishini istamagan ota-ona bo‘lmasa kerak. Prezident maktablari ana shunday imkoniyat eshiklarini ochadi.
Mamlakatimizdagi Prezident maktablariga 2022-2023 o‘quv yili uchun qabul boshlandi. Prezident ta’lim muassasalari agentligi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Prezident maktablariga qabul 1 iyundan 20 iyunga qadar davom etadi. Hujjatlar ariza.piima.uz sayti orqali onlayn qabul kilinadi.
Samarqand, shuningdek, Toshkent, Nukus, Xiva, Namangan, Andijon, Farg‘ona, Qarshi, Termiz, Buxoro, Navoiy, Guliston, Jizzax va Nurafshon shaharlarida joylashgan Prezident maktablariga 4-sinfni tugatgan o‘quvchilar hujjat topshirishlari mumkin.
Prezident maktablariga hujjatlar hududiy mansublik asosida qabul qilinadi. Talabgor o‘zi tahsil olayotgan hududdagi Prezident maktabiga hujjat topshira oladi. Imtihonlar matematika, ingliz tili, tanqidiy fikrlash va muammoni hal qilish fanlaridan bo‘lib o‘tadi.
Prezident maktablariga hujjat topshirish uchun quyidagilar talab etiladi. Jumladan, tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma, maktab direktori tomonidan tasdiqlangan ma’lumotnoma shakli, oxirgi 2 oyda olingan 3x4 rasm, maktab direktori tomonidan tasdiqlangan baholar tabeli nusxasi, talabgorning ota-onasi yoki uning o‘rnini bosuvchi shaxsning pasport ma’lumotlari va doimiy ishlab turgan telefon raqamlari talab etiladi.
Shuningdek, talabgor matematika va tabiatshunoslik fanlaridan joriy o‘quv yilini a’lo baholarga bitirgan bo‘lishi shart.
Eng asosiysi, o‘quvchining ID raqami va imtihon bilan bog‘liq bo‘lgan barcha ma’lumotlarini jo‘natish uchun doimiy faol bo‘lgan ikkita raqamni kiritishi muhim. Bundan tashqari, qo‘shimcha ma’lumot olish maqsadida koll-markaz faoliyati tashkil etilgan bo‘lib, 1206 qisqa raqamiga murojaat etish mumkin.