Prezident o‘qituvchilar nufuzini va maoshini yanada oshirmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 23 avgust kuni xalq ta’limi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimiz yig‘ilishda maktab ta’limi tizimini isloh qilish bo‘yicha mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, bu borada oldimizda turgan dolzarb vazifalar haqida fikr yuritdi.
Maktablardagi kamchiliklarni tuzatish, ta’lim sifatini nazorat qilish uchun ota-onalar, keng jamoatchilikning ishtiroki zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.
"Maktab o‘qituvchisini moddiy rag‘batlantirmasak, uning hayot sifati darajasini oshirmasak, islohot, natija haqida gapira olmaymiz", - deya ta’kidlagan davlat rahbari.
Maktablardagi ma’naviy-tarbiyaviy ishlarni yangicha asosda tashkil etish, “Milliy g‘oya”, “Odobnoma”, “Dinlar tarixi”, “Vatan tuyg‘usi” kabi fanlarni birlashtirgan holda, yagona “Tarbiya” fanini joriy qilish zarurligi qayd etildi. Maktablarga buyuk allomalar, davlat va siyosat arboblari, mashhur sarkarda ajdodlarimizning nomlarini berish muhimligi ta’kidlandi.
Oiladagi ta’lim-tarbiya muhiti, ota-onalarning mas’uliyati va o‘qituvchilar bilan hamkorligi masalalariga ham e’tibor qaratildi.
Maktab hayoti, fidoyi o‘qituvchilar haqida badiiy va hujjatli filmlar, spektakl va videoroliklar yaratish bo‘yicha tavsiyalar berildi.