Prezident qaroriga ko‘ra Samarqandda qo‘l jangi bo‘yicha xalqaro turnir o‘tkaziladi

Bu haqda davlatimiz rahbarining joriy yil 20 iyundagi “Qo‘l jangi sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ma’lum qilindi.

Qarorga ko‘ra, qo‘l jangi sport turini aholi, ayniqsa, yoshlar, Qurolli Kuchlar harbiy xizmatchilari va huquqni muhofaza qilish organlarining xodimlari o‘rtasida yanada ommalashtirish, soha uchun moddiy-texnik bazani mustahkamlash hamda malakali kadrlar, trenerlar va hakamlar tayyorlashga bo‘lgan e’tibor yanada kuchaytiriladi.

Xususan, 2023 yildan boshlab qo‘l jangi bo‘yicha har yili Toshkent shahrida 14 yanvar ‒ Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan Qurolli Kuchlar chempionati hamda o‘z xizmat vazifasini bajarish chog‘ida qahramonlik va jasorat ko‘rsatib, halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va xodimlar xotirasiga bag‘ishlangan Xotira turniri tashkil etiladi. 

Shuningdek, Namangan shahrida har yili  professional sportchilar o‘rtasida “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti kubogi” hamda har ikki yilda bir marotaba Qarshi, Samarqand va Buxoro shaharlarida yoshlar o‘rtasida “Amir Temur kubogi” xalqaro turniri o‘tkaziladi.

Bugungi kunda viloyatimizda 9 ta bolalar-o‘smirlar sport maktabida qo‘l jangi bo‘limlari mavjud. Ular orasida xalqaro turnirga mos hudud tanlanib, qo‘l jangi bo‘yicha sport bazasiga aylantiriladi yoki ushbu sport turiga ixtisoslashtirilgan holda qayta tashkil etiladi.