Prezident saylovi: Bu jarayonda kuzatuvchilarning o‘rni, vazifasi, burchlari qanday?

Prezident saylovini qonuniy va adolatli o‘tkazish katta tayyorgarlik va jiddiy mas’ullikni talab etadi. Saylov jarayonini samarali tashkil etish va o‘tkazishda bir tomondan keng jamoatchilik bilan birga siyosiy partiyalar, nodavlat tashkilotlari, o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari, mahalliy va xorijiy kuzatuvchilar, ikkinchi tomondan saylov kampaniyasini qonuniy o‘tkazilishiga mas’ul organlar, ya’ni saylov komissiyalarining faoliyati muhim ahamiyat kasb etadi.

Saylov jarayonlarining borishi keng aholi e’tiboriga qanday usul va vositalar orqali yetkazilishi g‘oyat muhim ahamiyat kasb etadi. Saylov jarayonlarining oshkoraligini ta’minlash saylovni qonun talablari doirasida tashkil etish va o‘tkazishda muhim omillardan biri bo‘lib, shubhasiz, unga saylov jarayonlari ustidan o‘rnatilgan jamoat nazorati orqali erishiladi.

Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek har bir saylov uchastkasida saylov kuni ovoz berish va ovozlarni sanab chiqish jarayonlarida kuzatuvchi qatnashish huquqiga ega.

Kuzatuvning maqsadi - birinchidan, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda, shu jumladan saylov kuni ovoz berish va ovozlarni sanab chiqish jarayonlarida saylov qonunchiligiga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, ikkinchidan, saylov jarayonlarining barcha bosqichlarida ochiqlik va oshkoralikni ta’minlashdan iborat.

Saylov komissiyalari kuzatuvchini mandati va shaxsini tasdiqlovchi hujjatiga asosan ro‘yxatga olgandan keyin unga o‘z vakolatlarini to‘laqonli hamda to‘sqinliksiz amalga oshirishi uchun sharoit yaratib beradi.

Saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari, boshqa davlatlardan, xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar ishtirok etish huquqiga ega.

Siyosiy partiya a’zosi yoki tarafdori yoxud siyosiy partiyaga xayrixoh har qanday O‘zbekiston Respublikasining 18 yoshga to‘lgan fuqarosi siyosiy partiyadan kuzatuvchi bo‘lishi mumkin.

Kuzatuvchilarga nimalar taqiqlanadi:

- saylovchi byulletenga belgi qo‘yayotgan paytda ovoz berish xonasida bo‘lish;

- fuqarolarga ta’sir o‘tkazish, tashviqot materialini yoki adabiyotini tarqatish;

- saylovchilardan qanday ovoz berganligini surishtirish;

- saylovchilarga byulleteniga belgi qo‘yishda biron tarzda yordam ko‘rsatish;

- saylov komissiyasining faoliyatiga, jumladan saylov qutilarini muhrlash, ochish, ovozlarni sanab chiqishga aralashish.

Xalqaro kuzatuvchilarning ishtirok etishi

Mamlakatimizda saylov kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilinganidan so‘ng Markaziy saylov komissiyasi xorijiy davlatlar saylov organlari va xalqaro tashkilotlarga Tashqi ishlar vazirligi orqali taklifnoma yuboradi. Tashqi ishlar vazirligi o‘z tashabbusiga ko‘ra yoki davlat hokimiyati organlari, vazirliklar, idoralar, ilmiy-tadqiqot institutlari, boshqa tashkilot va muassasalar takliflariga ko‘ra saylovlarga xorijiy (xalqaro) kuzatuvchilarni taklif etadi.

Xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar ham saylovlarda xorijiy (xalqaro) kuzatuvchi sifatida ishtirok etish istagini izhor etib, Tashqi ishlar vazirligiga murojaat etishi mumkin. Saylovda xorijiy (xalqaro) kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uchun taklif etilgan, shuningdek bunday istakni izhor etgan xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar o‘z kuzatuvchilarining ro‘yxati, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari nusxalari, elektron fotosuratlari va anketalarni Tashqi ishlar vazirligiga taqdim qiladi.

Xalqaro kuzatuvchilarning saylov jarayonidagi majburiyatlari

O‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, qonunlariga, jumladan O‘zbekistonda bo‘lish qoidalariga, saylovni tashkil etish va o‘tkazish borasidagi xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalariga amal qilish;

saylov ustidan xalqaro kuzatuvni amalga oshirish borasidagi o‘z vazifalarini xolislik, siyosiy betaraflik prinsiplariga amal qilgan holda bajarish, saylov komissiyalari, davlat organlari, mansabdor shaxslar, saylov jarayoni ishtirokchilariga nisbatan qanday bo‘lmasin biron-bir tarzda afzallik bildirishdan voz kechish;

barcha darajadagi saylov komissiyalariga, davlat hokimiyati va boshqaruv organlariga hamda boshqa tashkilotlarga kirganida MSK tomonidan berilgan mandatni shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan birgalikda ko‘rsatish;

o‘z xulosalarini o‘tkazilgan kuzatuv va haqiqiy materiallar bilan asoslantirish.

Xorijiy (xalqaro) kuzatuvchilarga quyidagilar man etiladi:

- saylovchi byulletenga belgi qo‘yayotgan paytda ovoz berish xonasida bo‘lish;

- fuqarolarga ta’sir o‘tkazish, tashviqot materialini yoki adabiyotini tarqatish;

- saylovchilardan qanday ovoz berganligini surishtirish;

- saylovchilarga byulleteniga belgi qo‘yishda biron tarzda yordam ko‘rsatish;

- saylov komissiyasining faoliyatiga, jumladan saylov qutilarini muhrlash, ochish, ovozlarni sanab chiqishga aralashish;

- biror partiya yoki nomzodga tegishli ramziy tusdagi belgilarni taqib yoki olib yurish;

- saylov kuni va ovoz berish boshlanishidan bir kun oldin jamoatchilik fikri so‘rovlari natijalarini, saylov natijalari prognozlarini, o‘tkazilayotgan saylov bilan bog‘liq boshqa tadqiqotlarni e’lon qilish.

Siyosiy partiyalarning vakillari va OAV vakillarining saylovdagi ishtiroki

Siyosiy partiyalar saylov komissiyasining majlislarida, hujjatlarni topshirishda, imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirishda, saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etish uchun vakolatli vakil tayinlashga haqli. U vakillar shaxsini tasdiqlovchi hujjatni, partiya tomonidan berilgan hujjatni va tegishli saylov komissiyasining mandatini o‘z yonida olib yurishi shart.

OAV vakillari saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarni yoritish, saylov kuni ovoz berish binolarida hozir bo‘lish, shu jumladan ovozlarni sanab chiqish chog‘ida hozir bo‘lish huquqiga ega.

Ommaviy axborot vositalari vakillarining vakolatlari Markaziy saylov komissiyasi, viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalari tomonidan berilgan hujjatlar bilan tasdiqlangan bo‘lishi kerak.

Boshqa davlatlarning ommaviy axborot vositalari vakillarini Markaziy saylov komissiyasi akkreditatsiyadan o‘tkazadi.

Har bir saylovchi saylov davomida saylov okruglari va uchastkalarini tuzishga, saylov komissiyalarining tarkibi, komissiyalar joylashgan manzil va ish vaqtiga, deputatlikka nomzodlarni ro‘yxatga olish, ovoz berish va saylov yakunlariga doir axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega.

Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek, saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda deputatlikka nomzodlar ko‘rsatgan siyosiy partiyalardan bittadan kuzatuvchi, ommaviy axborot vositalarining vakillari, boshqa davlatlar, xalqaro tashkilotlar va harakatlardan kuzatuvchilar qatnashish huquqiga egadirlar.

Prezident saylovi xalqimizning huquqiy demokratik davlat qurish, jamiyatni demokratlashtirish va yangilash borasidagi xohish-istagini ro‘yobga chiqarish yo‘lidagi navbatdagi muhim qadam bo‘lib qoladi.

Olim Yusupov,

O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti kafedra boshlig‘i o‘rinbosari.