Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda
Kun tartibiga ikkita muhim masala kiritilgan:
- aholini sifatli uy-joy bilan ta’minlash, "Yangi O‘zbekiston" massivlarini barpo etish;
- shaharlar, tuman markazlari hamda aholi punktlarida ekologik vaziyat va havo tozaligini yaxshilash maqsadida “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish.
***
Yig‘ilish avvalida davlatimiz rahbari “Inson qadri uchun” tamoyili asosida kelgusi besh yildagi barcha islohotlar aholiga munosib turmush sharoiti yaratishga qaratilishini ta’kidladi.
"So‘nggi yillarda ipoteka dasturlari doirasida 140 mingdan ortiq uy-joy barpo etildi. Mamlakatimizda har yili 300 mingga yaqin nikoh qayd etilmoqda, aholi soni kelgusi besh yilda 38 millionga yetishi kutilmoqda.
Bularni inobatga olib, aholini uy-joyga bo‘lgan talabini qondirish uchun kelgusi besh yilda yiliga 80 mingtadan xonadon qurishimiz zarur.
Joylardagi saylovoldi uchrashuvlarida har bir hududda barcha iqtisodiy va ijtimoiy infratuzilmaga ega bo‘lgan “Yangi O‘zbekiston massivlari”ni barpo etish, bu orqali kelgusi besh yilda 250 mingdan ziyod xonadon qurish reja qilingan", dedi Prezident.