Prezident sovg‘asi - porloq kelajakka umid nishonasi

Samarqand shahridagi "Diyora" bazmgohida o‘tkazilgan asosiy tadbirda murg‘ak qalblarga quvonch ulashilib, yosh avlodga davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rliklar e’tirof etildi. Tadbirga mehribonlik uylari, maktab-internatlari, SOS bolalar mahallasi tarbiyalanuvchilari, Vatan sarhadlarini qo‘riqlab, yurtimiz va xalqimiz tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan ichki ishlar idoralari xodimlari, harbiy xizmatchilar farzandlari, ota-ona qarovisiz qolgan 980 nafar bolajonlar taklif etilib, ularga Yurtboshimiz nomidan 12 nomdagi o‘quv qurollari, 15 xil shirinliklardan iborat sovg‘alar ulashildi.
Viloyati hokimi T.Jo‘rayev, Vazirlar Mahkamasi vakili F.Mirzayev tadbir ishtirokchilarini Yangi yil bayrami bilan tabrikladi. Mamlakatimizda yosh avlodning har tomonlama sog‘lom va barkamol ulg‘ayishi, zamonaviy ta’lim-tarbiya olishi uchun barcha imkoniyat yaratilgani ta’kidlandi.
Tadbirda Qorbobo va Qorqiz, turli ertak qahramonlari ishtirokidagi tomoshalar, baxtli bolalik, go‘zal diyorimiz madh etilgan qo‘shiqlar bolalarga bir olam quvonch  bag‘ishladi.
– "Prezident archasi" biz uchun Yangi yilning eng esda qolarli, quvonchli bayrami, – deydi Samarqand shahridagi 10-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi Shaxram Jalilov. – Bugun bayramona bezatilgan ajoyib archa, to‘kin dasturxon atrofiga yig‘ilib, Prezidentimizning maxsus sovg‘asini olganimdan juda mamnunman. Bu Yurtboshimizning, bizga ko‘rsatayotgan otalarcha g‘amxo‘rligi namunasidir. Ushbu e’tiborga javoban kirib kelayotgan yangi yilda a’lo baholarga o‘qishga, Vatanga munosib farzand bo‘lishga harakat qilaman.

Abdug‘ofur ShERXOLOV,
Baxtiyor Mustanov (foto).