Prezident sovrini kimlarga nasib etadi?

Joriy yil 15 fevralda Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sovrini uchun “Raqamli texnologiyalar yo‘nalishida eng yaxshi startap” (President Tech Award) tanlovini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi.

Qarorga muvofiq, yoshlarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida umumiy mukofot jamg‘armasi bir million AQSh dollari bo‘lgan Prezident sovrini uchun tanlov joriy yilning may oyidan boshlab 5 ta asosiy va 1 ta maxsus yo‘nalishda o‘tkazilmoqda.

Bugun, 10 avgust kuni Samarqand shahridagi Yoshlar markazida tanlovining muhim qismi bo‘lgan “Bootcamp”, ya’ni yoshlarga yangi loyiha g‘oyalarini ishlab chiqish hamda kengaytirish uchun platforma taqdim etish loyihalari malakali spiker va startaperlar, soha o‘qituvchilari hamda ilmiy izlanuvchilar tomonidan tushuntirildi.

- Pul topishning eng katta yo‘li bu startap yaratish, - deydi rossiyalik spiker Denis Kalishkin. - Siz startap yaratib, sarmoya kiritasiz, go‘yo daromad unchalik tez sur’atlarda o‘smayotgandek bo‘ladi, keyin esa bir nuqtada u juda tez o‘sishni boshlaydi. Faqat startapni to‘g‘ri tanlasangiz, mahsulot bozorga mos bo‘lsa va texnologik to‘siqlar bo‘lmaganda amalga oshadi.
Shuning uchun startap yaratishdan oldin sohani chuqur o‘rganish, kompyuter va mobil o‘yinlardan katta dasturlargacha har bitta detalni hisobga olish va yaratilgan texnologiya odamlar uchun qulay va muhimi yoqishi kerak.

Tadbirda Buxoro, Navoiy, Jizzax, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlaridan kelgan "President Tech Award" tanloviga ariza topshirgan ishtirokchilar qatnashdi.

- Ushbu tadbir yangi aloqalar o‘rnatish, startap sohasida mutaxassislar, murabbiylar va muvaffaqiyatli tadbirkorlardan qimmatli bilim va yordam olish imkonini berdi, - deydi buxorolik Jonibek Negmurodov. - Tanlovning birinchi bosqichda o‘quv markazlarini avtomatlashtirish va o‘quvchilarni onlayn o‘qitishga yordam berish uchun yaratgan platformam saralab olindi. Bugungi tadbirda ushbu platformani eksport qilish bo‘yicha spikerlardan tegishli ko‘rsatmalarni oldim. Endi Prezident tanlovida g‘olib bo‘lib, mahsulotimni Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va Indoneziyaga sotmoqchiman.

Prezident sovrini uchun tanlov 5 ta asosiy yo‘nalishda bo‘lib, 1-o‘rin uchun 100 ming, 2-o‘rin 50 ming, 3-o‘rin uchun 30 ming hamda tanlovning maxsus yo‘nalishi bo‘yicha (bitta) - 100 ming AQSh dollari bilan taqdirlanadi.

Tanlovda ishtirok etish uchun viloyatimizdan 400 nafardan ziyod qatnashchi ro‘yxatdan o‘tgan. Ayni paytda tanlovning ikkinchi bosqichi davom etmoqda va yakuniy bosqich dekabr oyida tugaydi.