Prezident tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazadi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2023 yil uchun tadbirkorlar bilan navbatdagi ochiq muloqoti bo‘lib o‘tadi.
Ochiq muloqot "20 avgust - Tadbirkorlar kuni" doirasida tashkil etilishi kutilmoqda.
Ungacha hududlarda tadbirkorlar muammolarini o‘rganish va hal qilish bo‘yicha ishchi guruhlari tuzilib, ularning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanmoqda:
- tadbirkorlarning murojaat va takliflarini tunu kun qabul qilish va umumlashtirish;
- tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan tizimli muammolarni aniqlash va ularning yechimi bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
- tadbirkorlarning individual masalalari joylarda tezkorlik bilan hal etilishini ta’minlash.
Shuningdek, "Tadbirkor virtual ofisi" axborot portali, "Call-markaz", ijtimoiy tarmoqlar va sayyor qabullar orqali tadbirkorlar murojaatlarini tunu kun qabul qilish va umumlashtirish bo‘yicha Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida vazirlik va idoralar vakillaridan iborat shtab tashkil etildi.