Prezident taklifidan so‘ng Turkiyaning Hatay viloyati yoshlari Samarqandga keldi

Joriy yilning 16 mart kuni Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev raisligida Anqara shahrida o‘tkazilgan Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdan tashqari sammitida Turkiy davlatlar yetakchilari favqulodda vaziyatlarni boshqarish va gumanitar yordam ko‘rsatish sohasida ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari hamda tabiiy ofatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish masalalarini muhokama qilgan edi.
Davlat rahbari sammitda so‘zlagan nutqida Turkiyaning Hatay viloyati yoshlarining O‘zbekistonga tashrifini tashkil qilish, ularning mazmunli hordiq chiqarishlari hamda qadimiy Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlariga safarini uyushtirish, yurtimiz yoshlari bilan qo‘shma tadbirlar o‘tkazish taklifi ham ilgari surilgan.
Bugun Turkiya Respublikasining Hatay viloyati yoshlari Samarqandda bo‘ldi. Yoshlar markazida hataylik va samarqandlik mas’ullar hamda volontyor yoshlar ishtirokida “O‘zbekiston-Turkiya yoshlarining birdamligi” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
- Joriy yil Turkiyaning janubi-g‘arbiy hududlarida ro‘y bergan vayronkor zilzilalar ko‘plab qurbonlar va talofatlarga sabab bo‘ldi, - deydi Turkiya Yoshlar va sport vazirligi mas’uli Serhat Sag‘ichn. - Shunday og‘ir damda qardosh o‘zbekistonliklar mamlakatimizga birinchilar qatorida yordam qo‘lini cho‘zganidan minnatdormiz. O‘zbekiston Prezidenti taklifi bilan bir guruh yoshlarni zaminingizdagi tarixiy shaharlarga olib keldik. Bugungi uchrashuvda volontyor yoshlar bilan suhbatlashib, tajriba almashdik, qolaversa, yoshlarimiz madaniy hordiq chiqardi. Do‘stligimiz va hamkorligimiz abadiy davom etadi.
Turkiyalik yoshlarning Samarqandning diqqatga sazavor maskanlariga sayohati tashkil etildi.
F.Ro‘ziboyev.