Probatsiyada ro‘yxatda turgan fuqarolar “Ishga marhamat” monomarkazida o‘qiyapti
Yoshlar o‘rtasidagi muammolar, xususan, jinoyatchilikning ildizi aksar hollarda ishsizlikka borib taqaladi. Kasb-kori, ishi, daromadi bo‘lmagan yoshlar o‘z ehtiyojlari uchun pul topishning muqobil yo‘llarini izlaydi. Oqibatda esa jinoyat yo‘liga kiradi.
Albatta, bilib-bilmay noto‘g‘ri yo‘llarga kirib qolgan yoshlar bilan ham bugun tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, ularni kasbga yo‘naltirish va bandligini ta’minlash maqsadida bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalari tashkil etilib, kasb-hunar markazlarida o‘qishga yo‘llanmalar berilyapti.
Samarqand shahridagi "Ishga marhamat" monomarkazida viloyat bandlik bosh boshqarmasi tomonidan profilaktik hisobda turgan, vaqtincha ishsiz bo‘lgan shaxslarni ish bilan ta’minlash, kasb-hunarga tayyorlash va qayta o‘qitishga bag‘ishlangan press-tur tashkil qilindi. Probatsiyada ro‘yxatda turgan ishlash istagida bo‘lgan fuqarolar monomarkazdagi kasb-hunar mutaxassisliklari, u yerdagi o‘qish va sharoitlar bilan tanishdi.
- Bu kabi sayohatlar probatsiya xizmati bilan hamkorlikda ular nazoratida turgan yoshlarning bandligini ta’minlash maqsadida tashkil etilyapti, - deydi Samarqand shahar bandlikka ko‘maklashish markazi mutaxassisi Zayniddin Sohibov. – Biror malakaviy kasbga ega bo‘lmagan fuqarolarni qiziqishiga qarab kasb-hunar maskanida o‘qishga yo‘llanma beramiz. Bu yerda qisqa muddatda mutaxassislikka ega bo‘ladi.
Viloyat bandlik bosh boshqarmasining ma’lumotiga ko‘ra joriy yil probatsiya hisobida turgan fuqarolardan ichki ishlar bo‘limlari hamda aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari orqali bandligi ta’minlanganlar 735 nafarga yetgan. Bundan tashqari, muayyan kasbga ega bo‘lmagan 31 nafari “Ishga marhamat” monomarkazida mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarga o‘qitildi. Kelgusi yil probatsiya hisobida turganlarni ishga joylashtirish uchun 311 ta ish o‘rinlari zaxirasi yaratildi.
- Bugungi kunda probatsiya hisobida turgan yoshlar va xotin-qizlarni ishga joylashtirish, bandligini ta’minlash hamda qayta huquqbuzarlik sodir etishining oldini olish bo‘yicha profilaktik tadbirlarni amalga oshirish, nazoratdagi shaxslarni mehnatga jalb qilish maqsadida kasbga tayyorlashga alohida e’tibor qaratilyapti, - deydi viloyat ichki ishlar boshqarmasi patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasi inspektori Nodir Karimov. - Joriy yilda 12 nafar nazoratdagi shaxs kasb-hunar maktablarini bitirib, sertifikat oldi. Yana 10 nafari o‘zi qiziqqan sohada kasb o‘rganyapti.
Hunar o‘rganganidan so‘ng ularga bandlik boshqarmasi tomonidan bo‘sh ish o‘rinlari taklif qilinadi. Ammo ko‘pincha taklif qilinayotgan ishlarning maoshidan qoniqmagan fuqarolar o‘zlari mustaqil ish topib, daromad topyapti.
- Ushbu markazda bundan avvalgi ko‘rgazmada qatnashib, buxgalteriya sohasida o‘qishga qiziqish bildirgan edim, - deydi Samarqand shahar Muborak mahallasida yashovchi Akmal Nasimov. - Yo‘llanma asosida o‘qib, shu sohada mutaxassislikka ega bo‘ldim. Hozirda xizmat ko‘rsatish sohasida mutaxassisligim bo‘yicha ishlayapman.
Soha mutasaddilarining ta’kidlashicha bunday chora-tadbirlardan maqsad bilib-bilmay jinoyat yo‘liga kirib qolgan fuqarolarni jamiyatga qo‘shish, ularning halol yo‘l bilan daromad topishlariga sharoit yaratish iborat.
Sulaymon Mardiyev.