Professional ta’lim muassasalarida yetuk va malakali mutaxassislar yetishib chiqyaptimi?

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mita a’zosi G‘.Abdiyev 13-14 avgust kunlari Urgut tumani 1- va 4-son, Jomboy tumani 1-son, Bulung‘ur tumani 2-son kasb-hunar maktablarida mehnat bozori talablaridan kelib chiqib kadrlar tayyorlash holati hamda ularni moddiy-texnik baza bilan ta’minlanganlik darajasini o‘rgandi.

O‘rganish davomida ushbu professional ta’lim dargohlarida ish beruvchilarning talab va takliflari asosida yosh kadrlarni o‘qitish, iqtisodiyot soha va tarmoqlari uchun zarur bo‘lgan malakali mutaxassislarni tayyorlash hamda jamiyatning kasblar va mutaxassisliklarga bo‘lgan talablarini qondirishga e’tibor qaratildi. Buning uchun yaratilgan sharoitlar o‘rganildi, tahlil qilindi va zarur takliflar ishlab chiqildi.

Ta’kidlash lozimki, 2020/2021-o‘quv yilida professional ta’lim tizimida viloyat bo‘yicha 74 ta ta’lim muassasasi, ya’ni 37 ta kasb-hunar maktabi, 15 ta kollej va 22 ta texnikum faoliyat ko‘rsatdi.
Bu muassasalarda 164 ta kasb bo‘yicha 21 ming 826 nafar o‘quvchi tahsil oldi.