Professional ta’limda yangi tashabbuslar – integratsiya va innovatsiyalar

 

Samarqand shahrida viloyatda ish va ta’lim beruvchilar integratsiyasi innovatsion forumi o‘tkazildi. Unda oliy o‘quv yurtlari, professional ta’lim muassasalari rahbarlari, ish beruvchilar, kollej va kasb-hunar maktablari o‘quvchilari ishtirok etdi.

Bugun O‘zbekistonda keng miqyosli islohotlar samarasi o‘laroq, iqtisodiyotning barcha tarmoqlari jadal rivojlanib bormoqda. Butun mamlakat bo‘ylab yangi va zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari ishga tushirilib, yirik ijtimoiy, texnologik infratuzilma rivojlantirilmoqda.

Shubhasiz, yaratilayotgan yangi va zamonaviy ish o‘rinlari malakali o‘rta bo‘g‘in mutaxassislariga bo‘lgan talabni oshirmoqda. Chunki har bir sohaning rivoji, loyihalarning ijrosi aynan yetuk kadrlarga bog‘liq.

Shuning uchun ham mamlakatimiz Prezidenti tomonidan qabul qilingan “Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon hamda qarorda ilg‘or xorijiy mamlakatlar tajribasi asosida kasb-hunar ta’limi tizimini tubdan takomillashtirish, kasb-hunar ta’limi milliy standartlarini xalqaro ta’lim andozalariga, xalqaro malaka talablariga muvofiqlashtirish, butunlay yangi, samarali tizimga aylantirish vazifasi belgilandi.  

Shu ma’noda, professional ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish, ta’lim dasturlarini xalqaro ta’lim standartlari asosida joriy etish, mehnat bozoriga malakali o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarini yetkazib berish hamda ish beruvchi malaka talablari asosida ta’lim jarayonlarini tashkil qilish bugunning bosh maqsadidir.

Fan va texnikaviy taraqqiyot professional ta’lim muassasalari oldiga sifatli ta’lim berish, mehnat bozori ehtiyoji va istiqbolini inobatga olgan holda malakali kadrlar tayyorlashni dolzarb masala sifatida qo‘ymoqda.

Bu borada ish beruvchilar bilan o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarini tayyorlovchi ta’lim muassasalari integratsiyasini yo‘lga qo‘yish g‘oyat muhim ahamiyat kasb etadi.

“Chet elga asal eksport qilmoqchiman” 

Bugungi kunda viloyatda xorijiy investitsiya dasturlari asosida yirik qo‘shma korxonalar ishga tushirilib, minglab ish o‘rinlari yaratilmoqda. Shuningdek, kichik tadbirkorlik subyektlarida ham malakali ishchilar zarur bo‘lmoqda.  

- 1991 yildan beri asalarichilik bilan shug‘ullanaman, - deydi Ishtixon tumani “Asror hosili dalalari” asalarichilik fermer xo‘jaligi raisi Shermamat Bobonazarov. – Hozirgi kunda 100 ta asalari qutim bor, bir yilda o‘rtacha 2 tonna asal olaman. Endi bizga ishchi kuchi kerak bo‘lyapti. Agar ishchilarim yaxshi bo‘lsa, 100 quti asalarini 100 taga yetkaza olaman. Ishtixon tumani 1-son kasb-hunar maktabi bilan dual ta’lim asosida shartnoma qildim va 5 nafar  o‘quvchini ishga oladigan bo‘ldim. O‘quvchilar fermer xo‘jaligimda amaliyot o‘taydi, ham mehnatiga yarasha ish haqi oladi. Bir yildan keyin, ya’ni kasb-hunar maktabini bitirish arafasida ular orasidan mehnatkash, o‘z kasbini astoydil bajaradiganlarini ishga olaman.

Forumga kasb-hunar maktablaridan asalarichilik yo‘nalishida tahsil olayotgan o‘quvchilar ham jalb etilgan bo‘lib, ularning fikrlari bilan ham qiziqdik.

- Ikki yildan beri asalarichilik yo‘nalishida o‘qiyapman, - deydi Narpay tumani kasb-hunar maktabi o‘quvchisi Dadaxon Toirov. – Bizning quyoshli o‘lkamizda tayyorlanadigan asal boshqa mamlakatlarnikidan ko‘ra toza va sifatli. Yurtimizda keyingi yillarda asalarichilik rivojlanyapti, lekin dunyo miqyosiga chiqa olganimiz yo‘q. Nasib bo‘lsa, asalarichilikni dunyo miqyosiga chiqarish niyatim bor.

Talabalar Germaniyaning nufuzli klinikalarida ishlaydi

Hozirgi kunda Germaniya, Angliya, Yaponiya va shu kabi bir qator rivojlangan davlatlarda elektrik, payvandchi, chilangar, haydovchi kabi texnik kasblar, maishiy xizmat ko‘rsatish, mehmonxona va turizm xizmatlari, umumiy ovqatlanish, sog‘liqni saqlash kabi kasbiy ta’lim bo‘yicha minglab ishchilarga ehtiyoj bor.

Jumladan, Germaniya Federativ Respublikasida yuqoridagi mutaxassisliklar bo‘yicha 562,6 mingta ish o‘rni ajratilgan.

- Bizning texnikumda farmatsiya ishi, hamshiralik ishi, feldsher laborant, feldsher akusher, stomatologiya yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanmoqda, - deydi  Samarqand Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumi maxsus fani o‘qituvchisi Nasiba O‘roqova. – Ikki mingdan ortiq talabamiz o‘ttizga yaqin davolash-profilaktika muassasalari bilan shartnoma asosida o‘quv ishlab chiqarish va diplom oldi amaliyotlarini o‘tab kelmoqda. Texnikumda Germaniya standartlari asosida hamshiralarni qayta tayyorlash va til o‘rgatish bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil qilingan. Biz o‘quvchilarni kasbga va tilni o‘rgatishga tayyorlayapmiz. Bugungi kunda yuzdan ortiq talabamiz Germaniyaning nufuzli klinikalari bilan shartnoma imzolagan, ishlashga tayyor, faqat diplom olishlari kerak. Talabalarimizni raqobatbardosh, yetuk, malakali, deb ayta olaman.

Bugungi kun talabi shuki, o‘rta bo‘g‘in kadrlarini ilg‘or xorijiy tajribalar asosida tayyorlash, ish beruvchi va ta’lim beruvchi integratsiyasini yo‘lga qo‘yish hamda ish beruvchi tomonidan ishlab chiqilgan malaka talablari asosida kadrlar tayyorlash zarur.

- Uchta go‘zallik salonim bor, - dedi Toyloq tumani Ukrach mahallasida istiqomat qiluvchi tadbirkor Gulmira Karimova. – Samarqand tumani kasb-hunar maktabi bilan dual ta’lim bo‘yicha shartnoma qilmoqchiman. Ayni kunda menga to‘qqiz nafar ishchi kerak. Shuning uchun forumda qatnashib, qizlarning ishini kuzatyapman. Go‘zallik salonlarim Samarqand tumani kasb-hunar maktabiga yaqin hududda joylashgan. Talabalar to‘rt kun salonda ish o‘rgansa, ikki kun kasb-hunar kollejida nazariy bilim oladi.

“Dual ta’limda ham ish, ham bilim o‘rganyapman”

Forumda dual ta’limda tahsil olayotgan talabalar ishini ham kuzatdik.

- Bizga uch xil stol bezash topshirilgan. Birinchisi oddiy nonushta, ikkinchisi romantik kechki ovqat va uchinchisi diplomatik tushlik dasturxoni, - dedi  Samarqand turizm va madaniy meros texnikumi servis va turizm yo‘nalishi talabasi Zafar Xo‘jayev. – Stolni bezash nimadan boshlanadi? Dasturxonning ostida molten degan narsa bor, u dasturxon siljib ketmasligi va stolga idishlar qo‘yilganda baland ovoz chiqmasligi uchun qo‘yiladi. Oddiy nonushtada dasturxonga ikkita likopcha qo‘yiladi, ular stol chetidan ikki barmoq uzoqlikda bo‘lishi kerak. Pichoq o‘ng tomonda likopchaga qaragan holda qo‘yiladi. Stol yanada jozibali bo‘lishi uchun romantik dasturxonni atirgul barglari bilan bezadik. Diplomatik tushlik dasturxoni rasmiy kishilar uchun bo‘lib, unda ortiqcha narsalar qo‘yilmaydi. Men bularni ish jarayonida o‘rgandim. O‘zim Samarqand shahridagi to‘rt yulduzli “Madina” mehmonxonasida ishlayman, haftada ikki kun o‘qiyman. Nazariy bilimni texnikumda olsam, amaliy bilimni mehmonxonada o‘rganyapman.

Tadbirda tumanlardagi kasb-hunar maktablari o‘quvchilari ham o‘z yo‘nalishlarida berilgan topshiriqlarni bajarishdi. Masalan, quruvchilik yo‘nalishida o‘qiydigan talabalar bino maketini qurib ko‘rsatdi, duradgorlik yo‘nalishi talabalari uy-ro‘zg‘or mebellarini yasashdi.

- Men quruvchi kasbi bo‘yicha 2-kursda o‘qiyman, - dedi Urgut tumanidagi 1-son kasb-hunar maktabi talabasi Dilshod Abdusattorov. – Forumda bizga ramziy Sherdor madrasasini qurish topshirilgan. Ushbu topshiriqni ish beruvchilar oldida bajarib, o‘z malaka va mahoratimizni ko‘rsatyapmiz.

Muayyan kasb-hunarni puxta egallagan bitiruvchilar bilan ularning sifatli mehnatidan samarali foydalanishdan manfaatdor bo‘lgan ish beruvchilar o‘rtasidagi ijtimoiy munosabatlar va hamkorlikni yanada yaxshilash muhim ahamiyat kasb etadi.

Bugungi kunda viloyatda 73 ta professional ta’lim muassasasi (37 ta kasb-hunar maktabi, 14 ta kollej va 22 ta texnikum) faoliyat yuritib kelmoqda. Ushbu professional ta’lim muassasalarida 162 ta kasb va mutaxassisliklar bo‘yicha 48 ming 706 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda. Jumladan, kasb-hunar maktablarida 23 ming 468 nafar, kollejlarda 5 ming 186 nafar,texnikumlarda 20 ming 52 nafar o‘rta bo‘g‘in kadrlar tayyorlanmoqda.

 

“Professional ta’limda kompetensiyaviy yondashuv” o‘quv qo‘llanmasi taqdim etildi

Shu yil 5 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida professional ta’lim muassasalarida o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlashni tizimli yo‘lga qo‘yish, ta’lim muassasalari va ish beruvchilar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, dual ta’lim shakli bo‘yicha o‘quvchilar sonini 50 ming nafarga yetkazish vazifalari belgilab berildi.

Forumda Samarqand tumanida joylashgan “SITONNI” xususiy korxonasi ishlab chiqarish jarayonlari, charm poyabzal tikish texnologik liniyasi bo‘yicha yaratilayotgan yangi ish o‘rinlari taqdimoti o‘tkazildi.

Taqdimot jarayonida charmdan erkaklar poyabzalini tayyorlash, har bir ish o‘rni mehnat xususiyatlari, malaka darajalariga qarab klassifikatsiya qilinishi hamda malaka darajalarini belgilash jarayoni namoyish etildi.

Forumda ilk marta kasbiy faoliyatni standartlashtirish va shu orqali professional ta’limda ta’lim sifati va samaradorligini ta’minlash, ya’ni yoshlarning aynan ish beruvchi talab etayotgan bilim va malakalarga ega bo‘lishini ta’minlashga e’tibor qaratildi.

Endi ta’lim sifati va samaradorligi, chinakam bilim berish, haqiqiy professional kadrni tayyorlash, ularda tadbirkorlik, daromad topish ko‘nikmalarini shakllantirish va mehnat bozorida o‘rnini topib ketadigan mutaxassisga aylantirish ustuvorlik kasb etadi.

Mamlakatimizda ham iqtisodiyot tarmoqlariga kiritilayotgan innovatsion texnologik jarayonlar, tadbirkorlik, kichik biznes sohalarida yaratilayotgan yangi texnologik ish o‘rinlari uchun o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlovchi professional ta’lim muassasalari tarmog‘ini shakllantirishda jahonning ilg‘or tajribalarini puxta o‘rganish va ta’lim jarayonini xalqaro standartlar asosida tashkil etish lozim. Shuning uchun ham forumda professional ta’lim tizimida kompetensiyaviy yondashuv masalasi kun tartibiga qo‘yildi hamda bu jarayonni o‘quv-metodik ta’minlash maqsadida professional ta’lim muassasalari pedagoglari va ishlab chiqarish ta’limi ustalari uchun M.Xolmuhammedov, S.Sanaqulovlar muallifligida tayyorlangan “Professional ta’limda kompetensiyaviy yondashuv” o‘quv qo‘llanmasi taqdimoti o‘tkazildi.

Forum doirasida yirik ish beruvchi korxona va tashkilotlar hamda professional ta’lim muassasalari ishtirokida “Dual ta’limni tashkil etishning afzalliklari” mavzusida muhokamalar tashkil etildi. Unda viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Feruz Abilov turizm, mehmonxona, restoranlarda o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarining xizmat ko‘rsatishi yaxshi emasligini qayd etdi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Professional ta’lim tizimini rivojlantirish departamenti boshlig‘i O‘tkir Alijonov Germaniya tajribasiga asoslanib, dual ta’limni O‘zbekistonga moslashtirish kerakligini aytdi. Shuningdek, tadbirda Mehnat bozori tadqiqotlari instituti direktori Murodulla Xolmuhammedov dual ta’lim, uning afzalliklari, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) loyihasi eksperti J.Kurt Germaniya tajribasi haqida o‘z fikr va takliflarini bildirdi.

Tadbirda ish beruvchilar bilan dual ta’limni samarali tashkil etish bo‘yicha ikki tomonlama kelishuvlarga erishildi.

Forumda faol ishtirok etgan bir guruh talabalar sertifikatlar bilan taqdirlandi.

Xurshida Ernazarova,

Baxtiyor Mustanov (surat).