Prokuratura qoralovchi organ emas, xalq himoyachisi

Xabar berganimizdek, viloyat  prokuraturasida “Prokuratura  organlarida  ma’naviy-ma’rifiy ishlarni  tashkil  etish”  konsepsiyasi doirasida ochiq eshiklar kuni hamda press-tur o‘tkazildi.

Samarqand davlat universiteti yuridik fakulteti professor-o‘qituvchilari va talabalari, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda prokuratura xodimlari ishtirok etgan tadbirlar avvalida viloyat prokurori o‘rinbosari D.Saidqulov va boshqalar viloyat prokuraturasi organlarining faoliyati, keyingi yillarda tizimda amalga oshirilgan yangilik va o‘zgarishlar, ishga qabul qilish tartiblari hamda xodimlar bilim va malakasini oshirish borasidagi ishlar, ular uchun sharoitlar  haqida ma’lumot berdilar.

– Ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish hamda aholi farovonligini yaxshilashga qaratilgan qonunlar va Prezident qarorlari ijrosini ta’minlash borasida ko‘rilgan choralar, shuningdek, davlat organlari huquqiy hujjatlarining doimiy ravishda o‘rganilishi natijasida 20 mingga yaqin prokuror nazorat hujjatlari qo‘llanildi, 15 ming 800 nafar fuqarolarning huquqlari tiklandi, – deydi Samarqand viloyati prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i Muharram Hamroyeva. – Prokurorlarning qarori va taqdimnomasi asosida 4066 nafar shaxs intizomiy, ma’muriy, moddiy javobgarlikka tortildi, noqonuniy qarorlarga nisbatan 3658 ta protest keltirilib, sudlarga 95 milliard so‘mlik 4976 ta da’vo arizalari kiritildi.

O‘tkazilgan tekshiruv va jinoyatlarni tergov qilish jarayonida 492  milliard so‘mlik zararlar undirilib, qo‘pol qonun buzilishi holatlari yuzasidan 1186 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.

Prokurorlar rahbarligidagi 2-sektor bevosita amaliy yordamida o‘tgan yil 63,1 ming nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi. Oilaviy tadbirkorlik, xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish hamda faoliyatni kengaytirish maqsadida 4153 nafar fuqaroga 182,6 milliard so‘mdan ortiq imtiyozli kredit mablag‘lari ajratildi. Prokurorlarning shaxsiy tashabbusi bilan 535 ta yangi tadbirkorlik sub’yektlari tashkil etilib, 390 tasining faoliyati qayta tiklanishi natijasida 860 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Bundan tashqari, sektorlardagi mahallalarda 17 ta maktab, 11 ta bog‘cha, 19 ta mahalla binosi, 5 ta oilaviy shifokorlik punkti, 35 ta bolalar maydonchasi va sport o‘yingohlari, 43 ta “workout”, 9 ta nuroniylar choyxonasi yangidan qurildi, 140 ta ijtimoiy soha ob’yektlarida ta’mirlash ishlari olib borildi.

Tadbir doirasida attestatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tib, prokuratura organlariga ishga qabul qilingan 3 nafar yosh xodimning qasamyod qabul qilish va ularga darajali unvon topshirish marosimi o‘tkazildi.

Tadbir davomida qonunchilikni targ‘ib qilish, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish hamda prokuratura organlari faoliyatini keng jamoatchilikka yetkazish borasida samarali hamkorlik qilib kelayotgan ommaviy axborot vositalari vakillariga viloyat prokurorining tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi. Samarqand davlat universitetiga Bosh prokuratura tomonidan tayyorlangan, qatag‘on yillarida nohaq ayblangan prokuratura organlari xodimlari hayot yo‘li va xizmat faoliyatiga bag‘ishlangan “Tarixiy xotira beqiyos” kitobining birinchi va ikkinchi jildlari topshirildi.

Viloyat prokuraturasi rahbarlari va talabalar uchrashuvida yoshlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytarildi.

– Bo‘limizda qasddan odam o‘ldirish singari og‘ir jinoyatlar hamda korrupsiyaga oid jinoyatlar ko‘rib chiqiladi, – deydi viloyat prokuraturasining o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi katta tergovchisi Begzod Hasanov. – Bu yerda har bir xodimga o‘z fazifasini bajarishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Situatsion markaz, tezkor tergov guruhi kerakli jihozlar bilan ta’minlangan. Bo‘limga kirish qat’iy tartib asosida amalga oshirilsa-da, ish o‘rganaman, degan talabalarga eshiklarimiz doimo ochiq.

Tadbir davomida ishtirokchilar viloyat prokuraturasi muzeyi va kutubxonasi, kriminalistika avtomashinasi, maxsus tergov xonasi, xodimlarning xizmat faoliyati, prokuratura organlarida tashkil etilgan shtablar faoliyati bilan yaqindan tanishdi.