Burchni unutmoqlik gunohdir

Hayotda har kimning o‘z burchi bor, ya’ni ota – otaligini, ona – onaligini, farzand – farzandligini qilishi lozim. Mabodo ularning birortasi o‘z burchini ko‘ngildagidek bajarmasa, oilaga putur yetadi.

Bu aqidalar yillar davomida ajdodlarimiz tomonidan aytib kelinadi. Ming afsuski, ayrim hollarda biz bunday ko‘ngilsiz hollarga duch kelyapmiz…

Yaqinda qabulimga nuroniy otaxon keldi. Ochig‘i, bu kishining ustidagi kir, dazmollanmagan kiyimlari, o‘zini tutishidagi noqulaylik kayfiyatimni buzdi. Shu yoshdagi insonni oilasidagilar ko‘chaga chiqarganda u yoq-bu yog‘iga qarashmabdi-da, degan fikr o‘tdi xayolimdan. Sabr bilan otaxonni tingladim.

- Qizim, pensiyamni rasmiylashtirishda muammoga duch kelyapman.

- Nega, – so‘radim u kishidan.

- Mehnat daftarchamni topa olmayapman. Hech qayerda yo‘q. Pensiya idorasidagilar esa o‘sha ordona hujjatsiz pensiya tayinlay olmaymiz deyishyapti.

Suhbatdan ma’lum bo‘lishicha, otaxon yoshlikdagi xatolari tufayli, keyinchalik turmushda ancha qiyinchilikka duchor bo‘lgan. Ana shu pala-partish hayot tufayli mehnat daftarchasini qayerga qo‘ygani yoki yo‘qotganini ham eslay olmaydi. Men esa darhol tegishli tashkilotlar bilan bog‘landim. Davlat xizmatlari markazidan tushuncha oldim, otaxon nomidan arxivga ariza yozib berdim. Pensiya jamg‘armasiga ham ana shunday hujjat tayyorladik. Murojaatchi bitta tashkilotga kirib, shuncha masalani birato‘la hal qilish mumkinligiga ishondi.

- Bolam, ilgari bunaqa muammo uchun odamlar yillar sarson bo‘lgan-da, men ham shunaqa holga duch keldim, deb o‘ylagandim. Rahmat sizlarga.

Kasbim taqozosida, otaxon bilan samimiy suhbatlashdim, davlatimizning qariyalarga, yolg‘iz keksalarga ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rliklarini gapirib berdim. U kishi ham yuragini ochdi.

Ma’lum bo‘lishicha, bu inson yoshligida juda faol bo‘lgan. Uylanib, ikki nafar farzand ko‘rgan, biroq yomon davraga tushib, ichkilikka ruju qo‘ygan. Uni hech kim yo‘ldan qaytara olmagan. Onasi ana shu armonning g‘amida olamdan o‘tgan. Xotini bilan ikki bolasini esa haydab chiqargan. Hatto keyinchalik ham ular holidan xabar olmagan.

Hayot esa to‘xtab turmaydi. Bolalari o‘sib, ulg‘ayib, yaxshi o‘qib, tayinli joyga ishga kirganlar. Ona ularni chin yurakdan tarbiyalagan, odamiylikni o‘rgatgan. Bolalar onasini haj safariga yuborishgan. Otaxon esa e’tiborsiz qoldi, qarovchisiz qoldi. Ayniqsa, yoshi o‘tgandan keyin ulfatlar ham kelmay qo‘yishdi.

U kishining dardli hikoyalarini eshityapman-u yuragimdagi og‘riqni to‘xtata olmayman: nega biz noto‘g‘ri harakatimiz uchun birovlarni ayblaymiz? Burchimizni bajarmasdan boshqalarga nega menga qarashmading, deb iddao qilamiz.

Yo‘q, bu otaxon bunday yo‘l tutgan emas. Lekin juda ko‘pchilik ana shunday o‘jarlik yo‘liga o‘tib olgan. O‘zining jamiyat oldidagi, oila oldidagi vazifasini bajarmasdan, men e’tiborsiz qoldim, deb uvvos soladi. Ular mehr buyruq yoki ko‘rgazma bilan paydo bo‘lmasligini tushunishni istamaydilar ham.

Suhbatdoshimning ko‘ngli yorishdi:

- Bolam, demak, mening pensiya olishim aniq, a?

- Albatta, otaxon. Davlatimiz sharoit yaratibdimi, demak, siz mehnat stajingizga yarasha, albatta pensiya olasiz.

- Qizim, unda sendan bir iltimosim bor. Mabodo pensiyamni olsam huzuringga kelaman. Menga xotinim uchun do‘kondan bitta ko‘ylaklik material tanlashda yordam berasan. Sovg‘ani olgach, xotinimdan, bolalarimdan barcha gunohlarim uchun kechirim so‘ragani boraman…

Menga juda ta’sir qildi bu so‘zlar. Qani endi, bilib-bilmay gunoh qilgan har bir inson tazarru qilsa. Nasib etsa, shu otaxon pensiyani olib kelgach, yanganing oldiga u bilan birga boraman.

Feruza RAHIMOVA,

xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.