Prokuratura Qo‘shrabotda ikkita maktab qurdi

Bu maktablarning biri Qo‘shrabot tumani markazidan 40 kilometr, ikkinchisi 60 kilometr uzoqlikda joylashgan. Ikkisida ham bir xil muammo — binolar eski, o‘quvchilar soni esa me’yordan ko‘p edi. Joy yetishmasligi, yaqin o‘rtada boshqa maktabning yo‘qligi sababli darslar ikki navbatda, hatto koridor va sport zalida ham o‘tilgan.

Viloyat prokuraturasi tashabbusi bilan Qo‘shrabotning eng olis mahallalaridagi mazkur ikki maktab yangi binoli bo‘ldi. Ularning ochilish marosimi munosabati bilan tashkil etilgan press-turda o‘qituvchi va o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar, hudud aholisining kayfiyati bilan tanishdik.

Birinchi manzil Oqchobsoy mahallasi bo‘ldi. Bu yerdagi 51-umumta’lim maktabining eski binosi 1970 yilda hashar yo‘li bilan xom  g‘ishtdan qurilgan va bugungi kunda foydalanishga butunlay yaroqsiz holatda edi. 2007 yilda investitsiya dasturi asosida qurib berilgan 140 o‘rinli bino 360 nafar o‘quvchini sig‘dira olmagan va darslarning asosiy qismi avariya holatidagi binoda o‘tib kelingan. Yuqoridagilarni inobatga olib, viloyat prokuraturasi hisobidan ajratilgan 2,4 milliard so‘m mablag‘ evaziga maktabga 220 o‘rinli qo‘shimcha bino qurib berildi. Shuningdek, muassasaning 2007 yilda qurilgan binosi to‘liq ta’mirlandi, mini futbol maydonchasi va o‘quvchilarning maktab hududiga xavfsiz kirib-chiqishi uchun soy ustida ko‘prik qurildi.

— Bu maktabda yaqin 15-16 kilometr atrofdagi qishloqlarda istiqomat qiluvchi aholining farzandlari o‘qiydi, - deydi tuman hokimi Dilshod Shakarboyev. – Ular qir oshib, piyoda ikki soatcha yo‘l bosib ilm olgani keladi. Qiyinchiliklardan qo‘rqmaydigan, maqsadi sari intiladigan metin irodali odamlar yashaydi bu yerda. Yangi maktab o‘quvchilarimiz uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Aynan shu yoshlar orasidan yurtimizni dunyoga tanitadigan olim va sportchilar chiqishiga ishonaman.

Tumanning yana bir olis mahallasi - Yuqori Jo‘shdagi 45-umumta’lim maktabi 1980 yilda hashar yo‘li bilan qurilgan bino yaroqsiz holatga kelib qolgandi. Bu maktabda ham 2017 yilda investitsiya dasturi asosida 140 o‘rinli qo‘shimcha bino qurib berilgan. Ammo o‘quvchilarning soni 270 nafardan ortiq.

Viloyat prokuraturasi tomonidan ajratilgan 2,1 milliard so‘m mablag‘ evaziga maktabda yana 180 o‘rinli bino qad rostladi. Bu yerda ham maktabga kirib-chiqish yo‘lini to‘sgan soy ustida 17 metrlik ko‘prik, bolalarning sport bilan shug‘ullanishi uchun mini futbol maydonchasi qurildi.

— Viloyat prokuraturasidan odamlar kelib, yangi maktab quramiz, deyishganida ishonmagan edik, - deydi 45-umumta’lim maktabi direktori Rahmiddin Boliqulov. – Ammo ishlar juda jadal boshlanib ketdi. 5 oy deganda yangi binomiz bitdi. Bu yerda 7 ta guzardan yoshlar kelib o‘qiydi. Endi sharoitimiz shahar maktablarinikidan ortiq bo‘lsa bordir, lekin kam emas. Bundan ayniqsa, o‘quvchilarimiz juda xursand.

Asqar BAROTOV.