“PROM PRO EXPO 2025”: Sanoat sohasidagi yangiliklar va mahsulotlar namoyishi

Jomboy tumanidagi “SOF EXPO Samarkand” xalqaro ko‘rgazmalar majmuasida hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi o‘z ishini davom ettirmoqda.
Oltinchi bor o‘tkazilayotgan “PROM PRO EXPO 2025” sanoat ko‘rgazmasida nafaqat Samarqand, balki respublikamizning boshqa viloyatlaridan kelgan 70 dan ortiq korxona 2 mingdan ortiq mahsuloti bilan ishtirok etmoqda. Mazkur ko‘rgazmada malakali tadbirkorlar bilan birgalikda o‘z ishini endi boshlayotgan sub’yektlarga turli yo‘nalishlarda tushunchalar berish uchun soliq, bojxona, statistika, tijorat banklari mutaxassislari ham jalb etilgan. Unda asosan avtomobilsozlik, to‘qimachilik, farmatsevtika, qurilish materiallari, elektrotexnika, kimyo sanoati, turizm, oziq-ovqat va mebelsozlik sanoati mahsulotlari namoyish etilmoqda.
Ko‘rgazmada ishtirok etayotgan “SAMARKAND GOLDEN CHICKPEAS” oilaviy korxonasi 50 dan ortiq turdagi qishloq xo‘jalik mahsulotlarini dehqonlardan qabul qilib, saralab, qayta ishlash, qadoqlash va talabga ko‘ra pishirilgan holda eksport qilish bilan shug‘ullanadi. Mahsulotlar Yevropa, MDH davlatlari, AQSh, Argentina kabi davlatlarga sotilmoqda. Bu yildan yangi bozorlar o‘zlashtirilib, Avstraliya, Fransiya, va Dubayga eksport yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, Yevropa, AQSh bozorlaridagi eksport faoliyati kengaytirildi.
Hozirgi kunda isitish tizimlari, tejamkor uskunalarga talab yuqori bo‘lmoqda. Ko‘rgazmaga qo‘yilgan ana shunday zamonaviy uskunalar ishtirokchilarda qiziqish uyg‘otdi.
- Biz 2025 yil yanvar oyidan xitoylik tadbirkorlar bilan hamkorlikda xonadonlar, tashkilotlar, va issiqxonalar uchun kichik, o‘rta hajmdagi ko‘mir va o‘tinda ishlaydigan isitish qozonlari, pechlar, kamenlar, ikki pallali pechlar ishlab chiqarishni boshladik, - deydi “Eko qurilmalar” MChJ rahbari Mamayusuf Toshev. – Hali mahsulotlarimiz yangi bo‘lsa-da, qiziquvchilar ko‘pchilikni tashkil etmoqda. Hozir mahsulotlarimizni asosan ichki bozorga yo‘naltiryapmiz, lekin Tojikistondan kelgan xaridorlar shu yerning o‘zidan xarid qilib olib ketishyapti. Endilikda yil yakunigacha investitsiya jalb qilib, mahsulotni to‘liq mahalliylashtirishni rejalashtiryapmiz.
Bundan tashqari, ko‘p qavatli uylar uchun markazlashgan isitish qozonxonalari ishlab chiqarish loyihasi ustida ish olib boryapmiz.
“Progress-s” xususiy korxonasi tomonidan taqdim etilayotgan 60 kilovatt quyosh paneliga akkumulyator biriktirilgan holda kunu-tun ishlay oladigan ko‘chma svetofor ham ishtirokchilarda qiziqish uyg‘otdi. Ushbu korxona yo‘l belgilari, maktab, bog‘chalar uchun kichik hajmdagi svetoforlar ham ishlab chiqaradi. Shuningdek, sim kartali mikrosxema o‘rnatilgan svetoforlarni uy, ofisdan, umuman, masofadan boshqarish imkoniyati yaratilgan. Yana svetoforlarda ovozli signal berish tizimi ham o‘rnatilgan bo‘lib, piyoda yoki haydovchini harakatlanish yoki to‘xtash haqida ogohlantiradi.
Ko‘rgazmada tadbirkorlar va ishtirokchilarga qulaylik yaratish uchun panel sessiyalar, V2V uchrashuvlar o‘tkazish, sohalar muammolari yuzasidan muhokamalar o‘tkazish imkoniyati ham yaratilgan.
O‘ktam XUDOYBERDIYeV,
F.RO‘ZIBOYeV (surat).