Propan narxi oshdi. Bunga sabab nima?

Shu kunlarda avtomobillarga suyultirilgan gaz quyish shoxobchalarida (propan) yoqilg‘i narxi 2600-2700 so‘mdan 3600 so‘mgacha ko‘tarildi. Hech qanday ogohlantirishsiz suyultirilgan gaz narxining keskin ko‘tarilishiga nima sabab bo‘ldi va bunga soha mutasaddilari nima deydi?
Furqat YuLDAShEV,
Tovar xomashyo birjasi viloyat filiali direktori o‘rinbosari:
- Biz mahsulotlar narxini belgilamaymiz, aksincha narx talab va taklifdan kelib chiqib yuzaga keladi. Suyultirilgan gaz narxining ko‘tarilishi ishlab chiqaruvchilarning savdoga kam mahsulot chiqarishi bilan bog‘liq. Ishlab chiqaruvchilar yilning birinchi choragida ko‘p miqdorda mahsulot taklif etishdi va narx barqarorligi saqlandi. Misol uchun, “Lukoyl” O‘zbekiston-Rossiya qo‘shma korxonasi haftasiga 2 ming tonnagacha suyultirilgan gazni birja savdosiga chiqargan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich haftasiga 200 tonnani tashkil etmoqda. “Sho‘rtangaz” korxonasi esa haftasiga 500 o‘rniga 200 tonna mahsulotni sotuvga chiqaryapti. Mahsulot kam bo‘lgach talab oshib boryapti.
Hozirda “Lukoyl” qo‘shma korxonasi 1050 so‘mdan, “Sho‘rtanneftgaz” mas’uliyati cheklangan jamiyati 1160 so‘m, “Muborakneftgaz” mas’uliyati cheklangan jamiyati 2345 so‘m, “Muborak” GTZ mas’uliyati cheklangan jamiyati 532 so‘m, “Sho‘rtangazoximkompleks” korxonasi 580 so‘mlik boshlang‘ich narxda suyultirilgan gazni birja savdolariga chiqarmoqda.
Birja savdolariga qo‘yilgan suyultirilgan gazning 1 kilogrami 6 ming so‘mdan oshdi, joylardagi shoxobchalar esa uning 1 litrini 3,5 ming so‘mdan ortiq narxda sotishmoqda. Respublika bo‘yicha oladigan bo‘lsak, eng yuqori talab Samarqand, Qashqadaryo, Buxoro viloyatlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Chunki, bu hududlarda avtomobillarga suyultirilgan gaz quyish shoxobchalari ko‘p va talab yuqori. Shu bois ushbu viloyatlarda yuqori qiymatli narx taklif qilinmoqda.
Haydar OChILOV, haydovchi:
- 35 yildan buyon haydovchilik qilaman. Yoqilg‘i tanqisligi yangilik emas. Avvallari benzinda “yurardik”, uzundan-uzun navbatlarda turib yoqilg‘i olganmiz. Lekin yoqilg‘i tanqis bo‘lgan paytda ham ayrim olibsotarlarni aytmasa benzin shoxobchada narx bir xilda saqlanardi. Keyin qachon narx oshadi, qanchaga oshadi, avvaldan ma’lum bo‘lardi. Bugun boshqa, ertaga boshqa narx ko‘rsatilyapti. Bunda rejali ishlab bo‘ladimi? Axir gazni boshqa davlatdan sotib olmayotgan (import qilmayotgan) bo‘lsak, tabiiy boyligimiz bo‘lsa, nega kutilmaganda narx bunday oshib ketdi. Benzin uchun davlat tomonidan narx chegarasi belgilab berilgan bo‘lsa nega gaz uchun ham chegara belgilanmagan. Narx-navoning bunday keskin o‘zgarishi haydovchilargagina emas avvalo, xalqqa jabr bo‘lmoqda. Shu masalalarni ham tartibga solish fursati yetgandir.
Ikrom MAXSUMOV,
“O‘zneftgazinspeksiya” viloyat bo‘limi boshlig‘i:
Viloyatimizda 289 ta suyultirilgan gaz quyish shoxobchasi ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa hozirda shulardan 277 tasi faoliyat yuritmoqda. Ularning ham aksariyati faoliyatini vaqtincha to‘xtatish arafasida turibdi. Chunki tovar xomashyo birjasida 1 kilogramm suyultirilgan gazning narxi 6100 so‘mga teng bo‘ldi. Tadbirkor buni shoxobchada litrlab sotganda 3300 so‘mga tushadi, bu narxga 270 so‘mdan iste’mol solig‘i ham qo‘shiladi. Yana transport xarajati, ishchilar maoshi ham bor. Buning ustiga tadbirkor foydasini ham qo‘shib mahsulot taklif etsa, bozor buni ko‘tarmaydi. Suyultirilgan gazni birja savdolariga kam chiqarilayotganiga yana bir sabab eksportning ortgani va aholi ehtiyoji uchun yo‘naltirilgani bilan bog‘liq. 4-5 yil avval viloyatimizda aholi ehtiyoji uchun jami 5-10 ming tonna suyultirilgan gaz berilardi, xolos. 2018 yilda esa aholiga 48 ming tonna suyultirilgan gaz berildi. Joriy yilning o‘tgan 6 oyida bu ko‘rsatkich 28 ming tonnaga yetdi va yil yakunigacha 60 ming tonnani tashkil etishi kutilmoqda. Bir yilda viloyatimizda suyultirilgan gazga talab shuncha ortganini hisobga olsak, respublika bo‘yicha bu katta miqdorni tashkil etadi. Misol tariqasida oladigan bo‘lsak bir kunda o‘rtacha 200-210 mingta maishiy gaz ballonlari orqali aholiga suyultirilgan gaz tarqatilmoqda. Aholiga yetkazilayotgan suyultirilgan gaz narxi oshib ketmasligi uchun birja savdolariga qo‘yilmasdan 1 kilogrami uchun 950 so‘mdan belgilangan narx bo‘yicha yetkazib berilmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 17 oktyabrdagi “Avtomobillarni gaz bilan to‘ldirish kompressor stansiyalari tarmog‘ini rivojlantirish va avtotransport vositalarini siqilgan tabiiy gazga bosqichli o‘tkazish, hamda ularda gazballon asbob-uskunalarini xavfsiz ishlatishni ta’minlash qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan mamlakatimizda 2021 yilgacha avtomobillarni bosqichma-bosqich suyultirilgan gazdan siqilgan (metan) gazga o‘tkazish rejalashtirilgan. Shu jumladan gaz quyish shoxobchalari ham faoliyatini siqilgan gaz quyishga o‘zgartiradi.
Ma’lumot o‘rnida aytadigan bo‘lsak, bir necha yil avval viloyatimizda siqilgan gaz iste’moli 500 ming kubni tashkil etgan bo‘lsa, hozirda 900 ming kub gaz talab etiladi. 2022 yildan esa avtomobillar va shoxobchalar to‘liq siqilgan gaz tarqatish bilan shug‘ullanishi natijasida suyultirilgan gaz faqat aholi ehtiyoji uchun ishlatilishi belgilangan.
O‘ktam XUDOYBERDIYEV yozib oldi.