Psixologiya fani bilimdoni

Muso Xalilov ilm-fan sirlarini puxta egallagan, fidoyi, mehnatsevar insonlardan biri edi.  

Muso aka 1936 yilda Gruziyaning Adigey tumanida tug‘ildi. Ikkinchi jahon urushi yillarida 5 yoshli Muso oilasi bilan birgalikda O‘rta Osiyoga surgun qilinadi.

O‘rta Osiyoning turli joylariga tarqatilgan oilalar orasida Samarqand viloyati Oqdaryo tumanining Loyish qishlog‘i Muso uchun yangi xayotning boshlanish joyi bo‘ldi. Bu qiyinchiliklar sabab Muso tengdoshlaridan biroz kechroq maktabga borgan bo‘lsa-da, ilm olishga mehr ko‘ydi. U dastlab Okdaryo tumanidagi 20-maktabda o‘qidi. Maktabni bitirgach, SamDUning o‘zbek tili va adabiyoti fakultetiga o‘qishga kirdi. Talabalik yillaridanoq universitet hayotida faol qatnashib, ustozlari mehrini qozondi.

M.Xalilov 1961 yilda o‘qishni imtiyozli diplom bilan tugatgach, pedagogika va psixologiya kafedrasida ilmiy faoliyat olib bordi, yoshlarga saboq berdi, shogirdlar yetishtirdi.

U 1973 yilda Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetida psixologiya yunalishi bo‘yicha oliy talim o‘qituvchilarining malakasini oshirish bo‘limida ta’lim oldi. Keyinchalik «O‘quvchilarning ma’naviy tarbiyasida o‘zbek adabiyotini o‘qitish prinsiplari», «Bilish jarayonlari psixologiyasi», «Umumiy psixologiya», «Umumiy psixologiya 1-2-qism» kabi yuzlab maqola, o‘nlab ilmiy kitoblar yaratdi.

U 2000 yilda xalq ta’limi sohasining moddiy ashyoviy asosini mustahkamlash, o‘qituvchi va o‘quvchilarni rag‘batlantirishdagi xolisona xizmatlari uchun «Ta’lim fidoyisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Ilmiy izlanishlarining so‘nggi yillarida oila psixologiyasi bilan shug‘ullanar ekan, baxtli oila qurishning yo‘llari, farzand tarbiyasida ota-onaning roli masalalarida ilmiy izlanishlar olib bordi. Buning natijasida «Hayot charog‘isan, qizgina» kitobini yozdi.

Tajribali psixolog, mohir murabbiy Musa Xalilov 2008 yilda vafot etdi. Ustoz vafotidan so‘ng «Hayot charog‘isan, qizgina» kitobi SamDU tomonidan chop etildi. Ustozning ilmiy-amaliy asarlaridan hozirgacha universitet o‘qituvchi va talabalari foydalanib kelmoqda.

Bugungi kunda olimning farzandlari otasining ijodiy ishlarini jamlab, uyida kutubxona tashkil qilgan.

Musharraf Salohiddinova.