Psixotrop dori vositasi bojxonada ushlab qolindi
Bugun kimdir bir kasbni egallab, oilasi, yurti manfaatlariga munosib hissa qo‘shish uchun mehnat qilsa. Kimdir pul topish ilinjida xorijga yo‘l oladi. Ammo o‘zga yurtda mehnat qilishning ham tosh-tarozisi bor. Ishtixonlik Layloning xatti-harakati bunga misol.
Laylo turmush o‘rtog‘idan ajrashgach, ishlash maqsadida Turkiya davlatining Istambul shahriga jo‘nab ketadi. U yerda bir turk xonadoniga joylashadi va u yerdagi oshxonada oshpazlik qila boshlaydi.
Oradan ma’lum muddat o‘tgach, uning ko‘rinishida charchoq borligini bilgan tanishlari “Medazepam” psixotrop dori vositasi bosh og‘rig‘ini qoldirib, asablarni tinchlantirishini aytadi. Uni doimiy iste’mol qilib borish zararsiz ekanini uqtiradi. Shu sabab Laylo “Medazepam”ni iste’mol qilishni o‘rganadi.
Biroq bu dori maxsus ro‘yxatda turuvchi bemorlar uchun qo‘llanilishi, har kimga ham sotish ta’qiqlangani bois dorini ancha vaqt topolmay qiynaladi.
2018 yilning dekabr oyida ish joyiga yaqin bo‘lgan “Medikal Park” xususiy shifoxonasiga borishga majbur bo‘ladi. Shifokor ko‘rigidan o‘tgach, u vrachning tavsiyasiga asosan 60 dona “Medazepam”ni olib qaytadi.
Laylo joriy yilning 1 martida O‘zbekistonga qaytdi. U “Istambul-Samarqand” yo‘nalishidagi aviareys bilan Samarqandga keldi. Bojxona nazoratidan o‘tayotganda uning sumkasida 35 dona “Medazepam” psixotrop dori vositasi borligi aniqlandi. Bunday noqonuniy xatti-harakati uchun Laylo O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalarini buzganlikda aybli deb topildi.
Dilafruz Astonova,
Samarqand shahar “Amon” advokatlar
hay’ati advokati.