Pul millat g‘ururi, davlatning ramzi 

Pul sizu bizning shaxsiy buyumimiz emas, u millatimiz g‘ururi. 

Afsuski, keyingi paytlarda to‘y-hashamlarda pulni sochib, oyoqosti qilayotgan kishilar ham uchramoqda. To‘qlikka sho‘xlik qilayotgan bu boyvachchalarni ko‘rnamak deb atagan bo‘lardim. 

Har oyning belgilangan sanasida pensiya puli olib turamiz. Yirik-yirik summalik pul olar ekanman, ular yonida bir dasta ming so‘mlik kupyuralar ham tushib qoldi. Uyga kelib pullarimning saranjomini olishimda o‘sha ming so‘mlik qog‘oz pullarning siyqasi chiqib g‘ijimlanganiga hayron qoldim. Bunisi yetmagandek pullarning ustiga kishilarning ism-shariflari, yurakning rasmi, turli belgilar, hatto telefon raqamlari yozib tashlangan edi. Odamlarda pulga bo‘lgan munosabat shu darajaga yetganidan afsuslandim.

Yevropa mamlakatlarida, jumladan, Germaniyada nemis xalqi qog‘oz pulni nihoyatda e’zozlaydi. Pul aslida qanday bo‘lsa, shundayligicha saqlashga o‘rganishgan. Pulni buklash, sindirish, yozish bu xalq uchun o‘ta madaniyatsizlik hisoblanadi. Pulga bo‘lgan munosabatni ular pulda ko‘rishadi.

Yaponiya, Xitoy va Koreya mamlakatlarida ham pulga hurmat bilan qarashadi. Pulni kir qilmaslikka odatlanishgan. Ba’zi davlatlarda pulga yozish jinoyat hisoblanar ekan.

Har qanday pulni toza, asl holida saqlaydigan kishilar oramizda bor, albatta. Buni inkor etmoqchi emasman. O‘zim guvoh ham bo‘lganman. Pulni hamyonda taxtlangan joyidan avaylab sug‘urib oladiganlarni, raxini buzmasdan ishlatadiganlarni ko‘rganman. Ularga havas bilan qarayman. Aslida madaniyatli kishilar shunday qiladilar. Buni o‘rganishimiz kerak.

Nabiralarimni hozirdanoq oddiy oq qog‘ozni ham buklamaslikka, sindirmaslik, keraksiz narsalarni yozmaslikka, har doim kitob, daftarni toza tutishga da’vat etaman.

Buning mevasini ko‘raman ham. Hatto 3-5 yoshli nabiralarim kitoblarning suratlarini tomosha qiladi, ammo yirtmaydi, bo‘yamaydi. Biz-chi, azizlar. Har qanday qog‘ozni, ayniqsa millat vijdoni hisoblanadigan pulni qachon hurmat qilishni o‘rganamiz?

Fayzulla ISMOILOV,

mehnat faxriysi.