Pulni kimga berishni bilmayapsizmi?

Unda tartib-qoida va mavjud talabni o‘rganing

Korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishda Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida islohotlar hal qiluvchi bosqichga kirayotgan hozirgi vaqtda yurtimizda korrupsiyadan xoli muhit yaratish bo‘yicha ishlarga baho berib, kelgusi vazifalarni aniq belgilab olish zarurligini ta’kidladi.

Harakat zo‘r, natija siz-u bizga bog‘liq

Sir emas, yaqin-yaqinlargacha odamlar yo‘l harakati xavsizligi bilan bog‘liq “ishini “boshqa yo‘llar” bilan hal qilishiga to‘g‘ri kelar edi. O‘tgan davrda aholining yo‘llarda xavfsizligini saqlash borasida ham talay ishlar amalga oshirildi. Yo‘l harakati xavfsizligi inspektorlari bodi-kamera bilan xizmat o‘tayotgani, avtoraqamlar auksionda sotilayotgani, “qo‘l radari” va qog‘oz bayonnoma tuzish bekor qilingani uchun bu sohada korrupsiya kamaygani e’tirof etildi.

Shu bilan birga, huquq-tartibot idoralari asosan korrupsiyani aniqlash va jazolash bilan ishlab, korrupsiyaviy omillarni tag-tomiri bilan yo‘qotadigan preventiv choralarni e’tiborsiz qoldirayotgani qayd etildi.

Xususan, sakkiz yil avval hududlarni kompleks rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan edi. Bu tizim yillar davomida yig‘ilib qolgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etib, vaziyatni o‘nglash uchun barcha kuchlarni safarbar etishga ko‘maklashdi. So‘nggi yillarda hududlar salohiyati bir necha karraga oshdi. Lekin keyingi paytda prokuratura, ichki ishlar va soliq rahbarlari sektorni bahona qilib, o‘z sohasidagi ishlarni susaytirib yuborgani tanqid qilindi.

Prezidentimiz Ichki ishlar vaziri zimmasiga mahallalardagi har bir profilaktika maskanlarini kuzatuv kamerasi va har bir inspektorni “bodi kamera” bilan ta’minlab, huquqbuzarliklarni ro‘yxatga olish bo‘yicha yangi platformani ishga tushirish hamda jinoyatlarni hisobga olish tizimini to‘liq raqamlashtirish vazifasini qo‘ydi.

Ammo tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, jarayon yangicha tartibda yo‘lga qo‘yilgani bilan uning ishtirokchilari – siz-u bizning fikrimiz, dunyoqarashimiz o‘zgarmasa bari bekor.

Misol uchun, dyepartamentning Kattaqo‘rg‘on shahar bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro M.J. fuqaro B.Sh.ning ishonchiga kirib, unga haydovchilik guvohnomasini olib berishi uchun 600 dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

To‘g‘ri, holat bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan, aybdorlarga tegishli jazo beriladi. Lekin savol tug‘iladi, raqamlashtirilgan jarayonda inson omili aralasholmasligini bilishmaydimi?

Holat faqat shundangina iborat bo‘lsa mayli edi. Yaqinda viloyat imtihon olish markazida 20 ga yaqin fuqaroga tanishlari orqali “prava” olib berishni va’da qilgan “azamat” ushlandi.

Pyensiyaga chiqish uchun endi “xarajat” qilmaysiz

Aytish mumkinki, yuqorida qayd qilingan kabi holatlarga qaramasdan parlament yuqori palatasi korrupsiyaning oldini olish borasida tizimli ishlarni amalga oshirmoqda.

Xususan, oltinchi yalpi majlisda “Aholiga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

Mazkur qonun aholiga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan. Qonun bilan aholiga pensiya tayinlash tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalarini faol tatbiq etgan holda, davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada oshirish maqsadida “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunga pensiya olish yoshiga to‘lgan (erkaklar 60 yosh, ayollar 55 yosh) fuqarolarga yoshga doir pensiyani ularning alohida murojaatini talab etmagan holda proaktiv shaklda tayinlash tartibini belgilashga oid o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Mazkur tartib amaliyotga tatbiq etilishi natijasida fuqarolardan pensiya tayinlash uchun Pensiya jamg‘armasining hududiy bo‘linmasiga yoki Davlat xizmatlari markaziga murojaat qilish talab etilmaydi.

Bundan tashqari, pensiya yoshiga yetgan fuqarolarga qonunchilikda belgilangan talablar doirasida pensiya tayinlash haqida qaror qabul qilinganida ularning telefon raqamlariga pensiya tayinlanganligi va uning miqdori to‘g‘risida SMS xabar yuboriladi.

Qonunda, shuningdek, fuqaro pensiya yoshiga yetib, ammo mehnat faoliyatini davom ettirib, keyinroq yoshga doir pensiya olish istagi bo‘lganida, proaktiv shaklda tayinlangan yoshga doir pensiyani rad qilish tartibini ham joriy etish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, qonunga asosan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga barcha nafaqalarni tayinlash va to‘lash Ijtimoiy himoya milliy agentligi vakolatiga o‘tkazilgani munosabati bilan “Davlat boji to‘g‘risida”gi va “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonunlarga ham o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Qizg‘in muhokamadan so‘ng qonunning dolzarbligi va zarurligini e’tiborga olib, u senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Fikrimcha, belgilanayotgan normalar fuqarolarga pensiya ta’minoti bo‘yicha ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari sifatini oshirishga hamda ortiqcha byurokratik to‘siqlar bartaraf etilishiga xizmat qiladi.

Maryam NIYoZOVA,

Oliy Majlis Senati a’zosi.