Qabr toshlarini o‘g‘irlagan shaxslarga jinoyat ishi ochildi
Shu yilning 6 aprel kuni fuqarolardan biri Samarqand tumani IIBga murojaat qilib, 23 martdan 24 martga o‘tar kechasi shu tumandagi “Talibarzu” qabristoni hududida joylashgan o‘ziga tegishli qabr toshlarini ishlab chiqarish sexidan narxi 1000 AQSh dollari bo‘lgan 70x170 santimetr o‘lchamdagi “granit gabro” nomli tosh noma’lum shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketilganligini ma’lum qilgan.
Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlar natijasida mazkur o‘g‘irlikni Samarqand tumanida yashovchi 27 yoshli N.S., 20 yoshli I.Sh. va 18 yoshli A.Z.lar sodir etganliklari aniqlanib, ulardan “granit gabro” nomli tosh ashyoviy dalil tariqasida tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.
Ichki ishlar vazirligi huzuridagi tergov departamenti xabariga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan Samarqand tumani IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan yuqoridagi shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.