Qadimgi Vavilonliklar vaqtni “mina”larda o‘lchashgan

Eng qadimgi o‘lchash birliklari - antropometrik, ya’ni insonning muayyan a’zolariga muvofiqlikka yoki moyillikka asoslangan holda kelib chiqqan o‘lchash birliklari hisoblanadi. Masalan, Ladon’ - bosh barmoqni hisobga olmaganda qolgan to‘rttasining kengligi, fut - oyoq tagining uzunligi, pyad’ - yozilgan bosh va ko‘rsatkich barmoqlar orasidagi masofa, qarich, quloch, qadam va hokazolar. Asrlar o‘ta bizga yetib kelgan ba’zi o‘lchov birliklari hozirda ham ishlatiladi.

Misol uchun, qadimgi janubi-sharqda - loviya doni, - no‘xotcha ma’nosini bildirgan, turli qimmatbaho toshlarning o‘lchov birligi sifatida ishlatilgan. Karat - dorishunoslikda og‘irlik birligi qilib qo‘llanilayotgan, ingliz, fransuz, lotin va ispan tillarida - bug‘doy doni ma’nosini bildiruvchi - GRAN va hokazolar. Ba’zi bir tabiiy o‘lchovlar ham uzoq o‘tmishga ega. Ularning dastlabkilaridan biri, hamma yerda ishlatiladigan vaqt o‘lchovlaridir. Munajjimlarning ko‘p yillik kuzatishlari natijasida qadimgi Vavilonda vaqt birligi sifatida yil, oy, soat tushunchalari ishlatilgan. Keyinchalik yerning o‘z o‘qi atrofida to‘la aylanishiga ketgan vaqtning 1/86400 qismi sekund nomini olgan. Qadimgi vavilonliklar bizning eramizgacha bo‘lgan davrda vaqtni minalarda o‘lchashgan.

Mina taxminan ikki astronomik soat vaqt oralig‘iga teng bo‘lib, bu vaqt mobaynida Vavilonda rasm bo‘lgan suv soatidan massasi taxminan 500 gramga teng bo‘lgan - mina suv oqib ketgan. Keyinchalik mina o‘zgarib, biz o‘rganib qolgan minutga aylandi. Vaqtlar o‘tishi bilan suv soatlari o‘z o‘rnini qum soatlariga, ular ham vaqti kelib mayatnikli mexanizmlarga bo‘shatib berdilar. Insoniyat taraqqiyoti rivojlanishining ilk davrlaridanoq - moddiy o‘lchashlar va o‘lchov birliklarining katta ahamiyatini tushunib yetganlar. Fan va texnikaning rivojlanishi har xil fizikaviy kattaliklarning o‘lchamlarini muayyan o‘lchovlarga qiyoslab kiritishni taqozo eta boshladi.

Bunday faoliyat jarayoni va rivojlanishi davomida o‘lchashlar haqidagi fan, ya’ni, metrologiya yuzaga keldi.  Ishlab chiqarish munosabatlarining rivojlanishi o‘lchash vositalari va usullarini mukammallashtirishni talab eta boshladi. O‘lchashlar nazariyasi hamda vositalarining rivojini aniqlab bergan texnika yutuqlarining uchta asosiy bosqichini ajratib ko‘rsatish mumkin. Birinchisi ishlab chiqarish jarayonida qatnashadigan va uskunalarga biriktirilgan o‘lchash vositalarining yaratilishini talab qiluvchi texnologik bosqich (manufaktura va mashina ishlab chiqarishning yuzaga kelishi). Ikkinchisi  ishlab chiqarish jarayonlarini kuchaytirish sharoitida foydalanilayotgan o‘lchash vositalarining aniqligi, ishonchliligi va unumdorligini keskin oshirishni talab qiluvchi energetik bosqich (bug‘ energiyasini ishlatish, ichki yonuv dvigatellarining yuzaga kelishi, elektr energiyasini ishlab chiqarish va ishlatish).

Uchinchisi zamonaviy fan yutuqlarining barchasini o‘lchash vositalarining tarkibiga kiritishni talab qilgan ilmiy-texnikaviy inqilob (fanni ishlab chiqarish bilan bog‘lash va uni bevosita ishlab chiqaruvchi kuchga aylantirish) bosqichlaridir. Bu bosqichning alohida xususiyatlaridan biri ob’yektlar va jarayonlar holatini muayyan parametrlar yordamida umumiy baholovchi o‘lchash tizimlarini yaratish bo‘lib, olingan natijalarni bevosita texnik tizimlarni avtomatik boshqarish uchun foydalanishdan iboratdir. Amaliyot juda keng ko‘lamdagi fizikaviy kattaliklar qiymatini, ko‘pincha juda tez (sekundning milliarddan bir ulushlarida), yuqori aniqliqda (xatolik o‘lchanayotgan qiymatning 10 foizidan kichik) va nafaqat inson sezgi organlari to‘g‘ri ilg‘ay olmaydigan, balki hayot uchun sharoit bo‘lmagan holatlarda ham aniqlashni talab qiladi.

Shu kunlarda fanga yuzdan ortiq har xil fizikaviy kattaliklar ma’lum bo‘lib, ularning 70 dan ortig‘ini o‘lchash mumkin. Hozirgi kunlarda fan va texnikaning rivojlanishi tufayli ilgari o‘lchab bo‘lmaydi, deb hisoblangan kattaliklarni o‘lchash va baholash imkoni yaratilmoqda. Masalan, Sankt Peterburg aloqa instituti olimlari hidni o‘lchash borasida birmuncha yutuqlarni qo‘lga kiritganlar. Bu xususda buyuk italiyalik olim Galileo Galiley “O‘lchash mumkin bo‘lganini o‘lchang, mumkin bo‘lmaganiga esa imkon yarating”, deb ta’kidlagan. Kondensatorning elektr sig‘imi, nurlanish oqimi, erigan metallning temperaturasi va atomning magnit maydoni kuchlanganligi kabi kattaliklarni maxsus texnikaviy vositalar - o‘lchash o‘zgartkichlari, asboblari va tizimlaridan foydalanmasdan o‘lchashni amalga oshirish mumkin emas.

Bularning hammasi ongimizga, hayotimizga shunchalik singib ketganki, aksariyat hollarda biz ularning atrofimizda mavjud ekanligini sezmaymiz. Hamma joyda uy-ro‘zg‘or va ishlab chiqarishda, dalada va kasalxonada, avtomobilda va ilmiy laboratoriyada ular bizning beg‘araz va tengsiz yordamchilarimizdir. Ishonch bilan aytish mumkinki, o‘lchash inson ongli hayotining asosini tashkil etadi. Bu borada ko‘plab olimlar o‘lchash texnikasining rivojiga munosib hissa qo‘shgan. Ular ichida Ahmad Farg‘oniy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug‘bek, Mixail Lomonosov, Dmitriy Mendeleyev va boshqalarni alohida ko‘rsatib o‘tish mumkin.

Ahmad Farg‘oniyning “Miqyosi Nil”, ya’ni Nil daryosi sathini tutash idishlar qonuniyati asosida o‘lchash va uning natijasiga ko‘ra yilning yog‘ingarchiligi va uning ekin hosiliga ta’siri to‘g‘risidagi ma’lumotlar keltirgan. Mirzo Ulug‘bek Zij jadvallarida keltirgan, hozirgi kunlarda eng zamonaviy o‘lchash qurilmalarida olingan natijalardan juda oz tafovut qiluvchi ma’lumotlari alohida tahsinga sazovor.

Bundan tashqari, Forobiyning astronomik kuzatishlar va o‘lchashlar uchun maxsus asbob - usturlob yasash sirlari xususidagi qimmatli ma’lumotlari juda katta ham ilmiy, ham falsafiy ahamiyatga ega. O‘lchash texnikasi ehtimollar nazariyasi, boshqarish nazariyasi va boshqa ilmiy yo‘nalishlar bilan birgalikda informatsion-o‘lchash, ya’ni o‘zida asosiy ma’lumotni olish imkonini beradigan vositalarni jamlagan (o‘lchash, nazorat qilish, hisoblash, tashxis, umumlashtirish va tasvirlarni aniqlash) texnikasining rivojiga asos bo‘ldi. Qo‘yilgan muammolarning, ularni yechish usullari va olingan natijalarning har xilligidan qat’iy  nazar, ma’lumotlar olish mobaynida asosiy o‘lchash, ya’ni qayta ishlash, qabul qilish va biror jarayon yoki manba haqidagi ma’lumotni tasavvur qilish amallarini bajarish ko‘zda tutiladi.

Isroil ISTAMOV,

O‘zbekiston milliy metrolgiya instituti

davlat korxonasi viloyat filiali mutaxassisi.