«Qamchiq» dovonida 3 ta mashina xandaqqa tushib ketdi

Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, 25 dekabr kuni soat 12:40 larda Namangan viloyati Pop tumani A-373 “Toshkent–O‘sh” avtomobil yo‘lining 247 kilometrida “Toshkent — Vodiy” yo‘nalishida harakatlanib ketayotgan “Kobalt”, “Spark” hamda “Lacyetti” rusumli avtomashinalar haydovchilari boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetidagi xandaqqa tushib ketgan.

Xabarda aytilishicha, hodisada hech kim tan jarohat olmagan. Voqea joyiga 11-nazorat guruhi qutqaruvchi xizmatchisi D.Sultonov va “Qamchiq” navbatchilik maskanidan kichik serjant Y.Maxmetov boshchiligida 5 nafar qutqaruvchilar “Kamaz” rusumli maxsus avtomashinada hamda “Sherobod” YPX xodimlari, “Qamchiqavtoyo‘l” ixtisoslashgan yo‘llardan foydalanish UK maxsus texnikalari va xodimlari yetib borgan.

Qutqaruvchilar tomonidan yo‘l transport vositalarining haydovchi va yo‘lovchilariga psixologik yordam ko‘rsatilib, avtomashinalar xandaqdan chiqarildi. Shundan so‘ng avtoevakuator yordamida “Sherobod” YPX maskanining jarima maydonchasiga olib ketilgan.

Bundan tashqari, shu kunning o‘zida, soat 13:00 da yana bir yo‘l-transport hodisasi to‘g‘risidagi ma’lumot kelib tushadi. Unga ko‘ra, Namangan viloyati Pop tumani A-373 “Toshkent– O‘sh” avtomobil yo‘lining 247 kilometrida “Toshkent — Vodiy” yo‘nalishida harakatlanib kelgan “Neksiya” rusumli avtomashina haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, shu yo‘nalishda oldinda harakatlanib kelayotgan “Qamchiqavtoyo‘l” ixtisoslashgan yo‘llardan foydalanish UKga qarashli “MAN” rusumli KDM (tuz-qum sepadigan mashina) yuk avtomashinasining ortidan kelib urgan.

Buning oqibatida, “Neksiya” avtomashinasida 3 nafar yo‘lovchilar turli darajada tan jarohati olgan. Jabrlanganlarga birinchi yordam ko‘rsatilib, tibbiyot xodimlariga topshirilgan.