Qani edi, o‘zimiz tarbiyalagan, bugun xorijda ishlayotgan kadrlarimiz universitetga, quchog‘imizga qaytsa...

Respublikamizning nufuzli nashrlaridan biri bo‘lgan “Xalq so‘zi” gazetasida Samarqand davlat universiteti rektori, professor Rustam Xolmurodov bilan “Tamaddun daryosi hamon oqmoqda ravon...” sarlavhasi bilan chop etilgan suhbatni o‘qib, universitet professor-o‘qituvchilari qalbida uzoq yillardan buyon “uxlayotgan” g‘urur, iftixor qaytadan uyg‘onganday bo‘ldi. Muhimi, marhum ustoz, akademik Botirxon Valixo‘jayev tomonidan Samarqand davlat universiteti Mirzo Ulug‘bek tashkil etgan madrasai oliyaning davomchisi ekanligini tarixiy isbotlangani, bu akademik uchun armon bo‘lganligi va bu armonning ushalgani guvohi bo‘ldik.

Botirxon Valixo‘jayevning bundan 10-15 yillar avvalgi tashabbusidan universitet olimlari xabardor. Masalaning yuqori manzillarga ham yetib borgani matbuot orqali bo‘lmasa-da, eshitilgan. Lekin keyinchalik voqealarning teskari ketganligi hammamizda qandaydir tashvishlar uyg‘ota boshladi. Negadir sobiq ittifoq tuzumi tomonidan tashkil etilgan SAGU (Sredneaziatskiy gosudarstvenniy universitet) o‘rnida paydo bo‘lgan TashGUga Milliy universitet statusi berildi va ko‘p o‘tmay buyuk shoirimiz Alisher Navoiy nomi universitetimizdan olinib, nomsiz qoldik.

Men yuqorida qayd qilingan suhbatda keltirilgan bir faktga e’tibor qaratishni istardim: “...Sohibqiron Amir Temur 1387 yili jurjonlik mashhur olim Mir Sayyid Sharifni Samarqandga olib kelgan va poytaxtdagi o‘zi qurdirgan “Dor ush shifo” madrasasida dars berishga tayinlagan”.

Mirzo Ulug‘bekka ustozlik qilgan turkiyalik Qozizoda Rumiy ham Amir Temur qo‘shiniga qo‘shilib, Samarqandga, Ulug‘bek madrasasiga kelib qolgan. Tashqaridan yetuk mutaxassis olimlarni ishga taklif qilish deyarli barcha davlatlarda odat bo‘lgan. Xuddi shunday odat 1950 yillarda Samarqand universitetida ham mavjud edi.

Men universitetga 1955 yili o‘qishga kirgan bo‘lsam, fizika fakultetining deyarlik barcha kafedralarida Rossiyadan ishga taklif qilingan olimlar faoliyat ko‘rsatardi. Ularga universitet va shahar rahbarlari katta e’tibor berishar, turar joylar bilan taminlardi. O‘sha vaqtda universitetning fizika fakulteti O‘zbekiston Fanlar akademiyasi qoshida fizika sohasidagi barcha ilmiy tadqiqot institutlarini kadrlar bilan ta’minlagan. Respublikada fizika fanining rivojlanishida ushbu fakultetda tayyorlangan mutaxassislarning o‘rni beqiyos bo‘lganini bugun hech kim inkor etmasa kerak. Bora-bora milliy kadrlarimiz voyaga yetdi va  asta-sekin xorij kadrlari universitetni tark etdi. Lekin mustaqillik yillari maktab ta’lim tizimidagi o‘zgarishlar biror ijobiy natija bermaganligi sababli o‘rta ta’limda ham, oliy ta’lim tizimida ham inqirozlarni yuzaga keltirdi.

Bugunga kelib mamlakatimizda yangi islohotlar davri boshlandi. Davlat rahbari boshchiligida yurtimizda xalq xo‘jaligining barcha sohalarida yo‘l qo‘yilgan xatoliklarga barham berish, ilm-fan rivojini yangi bosqichlarga ko‘tarish, xalq farovonligini yuksaltirish, SamDUni asrimizning 30-yillargacha dunyoning eng nufuzli 500 universiteti qatoriga qo‘shish vazifalari qo‘yildi.

Quvonganim, oliygohimizga yana xorijning malakali mutaxassislarini ishga taklif qilish harakati boshlandi. Hozirgi kunda bir qancha chet el olimlari universitetimizning turli fakultetlarida talabalarga jahon andazalari asosida ta’lim bermoqda.

Fizik olim sifatida aytishim mumkinki, xorijlik mutaxassislarni fakultetimizga ham taklif qilinsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Qolaversa, fakultetimizning bir nechta sobiq bitiruvchilari bugun dunyoning rivojlangan davlatlaridagi nufuzli oliygohlarida muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Jumladan, Farrux Fattoyev AQShning Manhetten universiteti professori, Jamshid Temirov Florida universiteti professori, Hasan Shodiyev Kanada universiteti professori, Shavkat Nizomov, Laziz To‘raqulov Yevropa mamlakatlari universitetlarida ishlamoqda.

Qani edi, o‘zimiz tarbiyalab voyaga yetkazgan ana shu kadrlar universitetga taklif qilinsa, quchog‘imizga qaytsa, muassasamizning tamaddun daryosi bundan ham shiddatliroq oqarmidi?!

Ortiq PARDAYeV,
SamDU yadro fizikasi kafedrasi professori.