Qardosh ellar olimlari ta’limni rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlar bilan bog‘liq masalalarni muhokama qiladi
Samarqandda yana bir nufuzli anjuman – Turkiy davlatlari tashkilotining Turkiy universitetlar ittifoqining navbatdagi yig‘ini o‘tkaziladi.
“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida o‘tkaziladigan xalqaro tadbir Turkiya va boshqa turkiy davlatlar yetakchi universitetlari vakillarini har tomonlama fikr almashinuvlar asosida va oliy ta’lim sohasida hamkorlik qilish yo‘llarini izlash uchun birlashtiradi.
Ta’kidlash lozimki, 2009 yilning 3 oktyabr sanasida Naxichevan bitimiga muvofiq, asosiy maqsadi mamlakatlar o‘rtasidagi har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish bo‘lgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi tuzilgan. O‘zbekiston mazkur Kengashga 2019 yilning sentyabr oyida rasman a’zo bo‘lgan.
2021 yilda Istanbul sammitida Kengash tarixida yangi sahifa ochildi - “Turkiy davlatlar tashkiloti” deb qayta nomlandi. Bu paytda nafaqat tashkilot nomi o‘zgardi, balki mazmun jihatdan ham yangilanishlar kuzatildi. Turkiy dunyo nigohi deb nomlangan 2040 yilga mo‘ljallangan strategik hujjat qabul qilingani va qo‘yilgan maqsadlar to‘rt sohaga mo‘ljallab, aniq-ravshan belgilangani buning yaqqol isbotidir. Xususan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, xalqlar o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilash va xalqaro hamjamiyat bilan turkiy davlatlarning aloqalari shular jumlasidan.
Konsepsiyada ilmiy tadqiqotlarni faollashtirish, turkiy tilli universitetlar ittifoqi hamkorligini yetakchi mexanizmga aylantirish, olimlar, tadqiqotchilar va talabalar ixtiyorida bo‘lgan ilmiy maqolalar manbalarini va a’zo davlatlar ilmiy jurnallari uchun umumiy xalqaro indeksni yaratish ko‘zda tutilgani ham ahamiyatli. Bu borada davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 2022 yil Samarqanddagi Turkiy davlatlar tashkiloti I sammitidagi nutqida 2023 yilda O‘zbekistonda turk dunyosi yoshlarining ilm-fan va innovatsiyalar xalqaro kongressini o‘tkazish tashabbusini ilgari surgan edi.
Joriy yil avvalida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonovning Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev bilan o‘tkazilgan muzokaralarida mazkur tashabbusni hayotga tatbiq etish masalasi ko‘rib chiqildi. Jumladan, turkiy dunyo yoshlarining ilm va innovatsiyalar xalqaro kongresini o‘tkazish, shuningdek, talaba-yoshlar uchun turkiy davlatlar o‘rtasida stipendiya dasturlarini ko‘paytirish bo‘yicha fikr almashildi. Turkiy davlatlar o‘rtasida umumiy madaniyat, til va tarixni saqlab qolish borasida olib borilayotgan ishlarni yanada jadallashtirishga kelishib olingan. Muloqot davomida Turkiy universitetlar ittifoqi yig‘ilishining tashkiliy jihatlari ham ko‘rildi.
Turkiy tilli universitetlar ittifoqining navbatdagi anjumani “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida o‘tkazilishida ham ramziy ma’no bor. Zotan, oliy o‘quv yurti ayni tashkilotda berilgan tashabbus doirasida, a’zo davlatlar o‘rtasidagi madaniy va ilmiy aloqalarni yanada rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan.
Aslida Turkiy tilli universitetlar ittifoqi kengashi 2013 yilda tashkil etilgan. Hozirda ittifoqning Qozog‘iston, Turkiya, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Vengriyada 40 dan ortiq a’zosi bor. Ittifoqqa O‘zbekistondagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamda Qo‘qon davlat universitetlari a’zo hisoblanadi.
Ittifoqning Samarqandda o‘tadigan navbatdagi anjumani hamkorlik va do‘stlikni mustahkamlash, ta’limni rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlar bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilish maqsadida tashkil etilmoqda.
Tadbirlarda asosan ittifoqqa a’zo universitetlar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash, tajriba va bilimlarni almashish hamda qo‘shma ta’lim va tadqiqot dasturlarini ishlab chiqish imkoniyatlari muhokama qilinadi. Bundan tashqari, sessiyada Turk dunyosi universitetlari o‘rtasida talabalar almashinuvi tashabbuslari, talabalar uchun amaliyot dasturlarini yaratish va ularga stipendiyalar ajratishning imkoniyatlari ko‘rib chiqiladi.
Umuman, davlatimiz rahbarining TDTning Samarqandda o‘tgan sammitida bildirgan tashabbusini amalga oshirish yaqin istiqbolda quyidagi natijalarga olib keladi:
- yoshlar uchun intellektual platforma yaratiladi, yosh olim va tadqiqotchilar almashinuvi dasturlarini yanada rivojlantiradi;
- o‘z ilmiy ishlarida salmoqli natijalarga erishgan olimlar va innovatorlar, ilmiy va ta’lim muassasalari vakillari hamda turli ko‘rik-tanlovlarning yosh g‘oliblarini birlashtiradi;
- yosh mutaxassis kadrlarni tayyorlash, ilmiy-tadqiqot siyosatini olib borish, yosh avlodni ilmiy dasturlar va jarayonlarga jalb qilish borasidagi qarashlarini yaqinlashtiradi;
- yosh olimlarning ilmiy-tadqiqot va o‘quv-anglash faoliyatini rag‘batlantirish, ijodiy qobiliyatlarini yuzaga chiqarish, shuningdek, intellektual salohiyatini rivojlantirishga turtki beradi.
Darvoqe, Turkiy tilli universitetlar ittifoqining Samarqandda o‘tadigan anjumanida oliy ta’lim tizimida umumiy ta’lim standartlarini ishlab chiqqan holda yuqori sifatli ta’limni ta’minlashga doir muhim masalalar ham muhokama qilinishi belgilangan.
Jo‘liboy Eltazarov,
“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti birinchi prorektori, professor.