Qarilikdan qo‘rqmang!
Jorj Vashington universiteti tibbiyot kolleji direktori keksa odamlarning miyasi odatda aytib o‘tilganidan ko‘ra ko‘proq qayishqoq (egiluvchan) ekanligini ta’kidladi. Ushbu yoshda miya o‘ng va chap yarim sharlarining o‘zaro ta’siri uyg‘unlashadi, bu inson ijodiy imkoniyatlarini kengaytiradi. Shuning uchun 60 yoshdan oshgan odamlar orasida o‘zlarining ijodiy faoliyatini endi boshlagan ko‘plab shaxslarni uchratishingiz mumkin.
Albatta, miya endi yoshlikdagi kabi tez ishlamaydi. Biroq u moslashuvchanligi bilan yutadi. Shuning uchun keksalikda biz to‘g‘ri qarorlar qabul qilishimiz va salbiy his-tuyg‘ularga duch kelmasligimiz mumkin. Inson intellektual faoliyatining eng yuqori cho‘qqisi taxminan 70 yoshda miya to‘liq quvvat bilan ishlay boshlaganida sodir bo‘ladi.
Vaqt o‘tgan sayin miyada miyelin miqdori ko‘payadi, bu neyronlar o‘rtasida signallarning tez o‘tishini osonlashtiradigan modda. Shu tufayli intellektual qobiliyat o‘rtacha ko‘rsatkichga nisbatan 300 foizga oshadi.
Ushbu moddaning faol ishlab chiqish cho‘qqisi 60-80 yoshga to‘g‘ri keladi. 60 yoshdan keyin odam bir vaqtning o‘zida ikkita yarim shardan foydalanishi mumkinligi ham bor gap. Bu bizga ancha murakkab masalalarni hal qilishga imkon beradi.
Monreal universiteti professori Monchi Uri keksa odamlarning miyasi eng kam energiya sarflaydigan yo‘lni tanlaydi, keraksizlarini kamaytiradi va vazifalarni hal qilish uchun faqat to‘g‘ri variantlarni qoldiradi, deb hisoblaydi. Bir misol: turli yosh guruhlari ishtirok etgan tadqiqot o‘tkazildi. Test sinovlaridan o‘tayotganda yoshlarning ko‘pi chalkashib ketdi, 60 yoshdan oshganlar esa to‘g‘ri qaror qabul qilishdi.
Endi 60-80 yoshdagi miyaning o‘ziga xos xususiyatlarini ko‘rib chiqamiz. Ular chindan ham quvonarli.
Keksaygan odam miyasining xususiyatlari
1. Oldinlari ta’kidlanib kelganidek miyaning neyronlari o‘chmaydi. Faqat agar inson ish bilan shug‘ullanmasa, ular orasidagi aloqalar yo‘qoladi.
2. Unutuvchanlik ma’lumotlarning ko‘pligi tufayli hosil bo‘ladi. Shuning uchun hayot davomida e’tiboringizni keraksiz mayda narsalarga qaratishga hojat qoldirmang.
3. 60 yoshdan boshlab, qaror qabul qilishda, odam bir vaqtning o‘zida yoshlar kabi bir yarim sharni emas, balki ikkalasini ham ishlatadi.
4. Agar inson sog‘lom turmush tarzini olib borsa, jismoniy va to‘liq aqliy faoliyat yuritsa, intellektual qobiliyat yosh o‘tgan sari pasaymaydi, aksincha hatto 80-90 yoshgacha o‘sib boradi.
Shuning uchun qarilikdan qo‘rqmang. Intellektual rivojlanishga intiling. Yangi hunarlarni, musiqa asboblarini chalishni, rasm chizishni o‘rganing. Raqsga tushing, hayotga qiziqish bildiring, kelajakka rejalar tuzing, iloji boricha sayohat qiling. Do‘konga, kahvaxonaga, konsertlarga borishni unutmang. O‘zingizni yolg‘izlik qafasiga qulflab qo‘ymang – bu halokatli. Hali hammasi oldinda shiori bilan yashang!
Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.