Qariyb 92 mingga yaqin fuqaromiz karantin muddatlarini o‘tayapti
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov koronavirusga chalingan bemorlar haqida ma’lumot berdi:
– Mamlakatimizda ayni daqiqalarga kelib, koronavirus kasalligi bilan 1582 bemor ro‘yxatga olingan. Virusologiya ilmiy-tekshirish institutidan olingan ma’lumotga ko‘ra, ushbu institut klinikasida davolanayotgan 94 bemorning 29 nafarida pnevmoniya klinik belgilari kuzatilyapti, 4 nafarining ahvoli og‘ir, 1 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir. Epidemiologiya-mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish institutida davolanayotgan 83 bemordan 2 nafarining ahvoli og‘ir. Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasida davolanayotgan 194 bemordan 54 nafarida pnevmoniya klinik belgilari bor, 5 nafarining ahvoli og‘ir, deb baholanyapti.
Karantin tadbirlari davom etyapti. Qariyb 92 mingga yaqin fuqaromiz karantin muddatlarini o‘tayapti. Oxirgi bir kun davomida 11 ming 800 dan ko‘proq holatda virusologik tekshirishlar o‘tkazildi. Bundan asosiy maqsad kasallikka chalinganlarni erta aniqlash, kasallik o‘chog‘ini jilovlashdir.
Karantin tadbirlariga rioya qilishimiz shart. Qachonki, ushbu tartib-qoidalarga rioya etar ekanmiz, vaziyatni barqarorlashtirishga ko‘maklashgan bo‘lamiz. Bu hech birimizning yodimizdan chiqishi kerak emas. Keling, sog‘lig‘imizga qaratilgan tadbirlarga to‘liq rioya qilib, karantin muddatini sabr-qanoat bilan o‘tkazaylik.