Qarzdor emas, haqdor ekan – 3 316 000 so‘m iste’molchi foydasiga hal etildi

3 316 000 (uch million uch yuz o‘n olti ming) so‘m!  Bu summa har qanday odamni biroz o‘ylantirishi mumkin. Agar shuncha qarzingiz bo‘lsa, tinchingiz qochishi ham turgan gap. Pastdarg‘om  tumanining “Balxiyon”  mahallasida yashovchi  Sherali Mirzayev  gaz to‘lovlarini o‘z vaqtida to‘lab borishiga qaramasdan, uning nomida shuncha miqdordagi qarzdorlik paydo bo‘ldi.

“Onam Karimova Sofiya  tuman MIBga ariza bilan murojaat qilgandan so‘ng, ariza o‘rganilib,  2018 yilning 3 fevral kuni xonadonimizning tabiiy gazdan qarzdorligi yo‘qligi haqida xat oldik ”, deydi murojaatida fuqaro.  2019 yilda ham Mirzayevlar tomonidan gaz uchun to‘lovlar muntazam to‘lab borilgan va barcha to‘lov kvitansiyalari saqlab qo‘yilgan.  Joriy yilning  8 fevral kuni esa, uy egalari uyda bo‘lmagan paytda tuman MIB xodimlari tomonidan xonadonning  gazdan 3 316 000 so‘m qarzi bor deb dalolatnoma tuzilgan,  hisoblagich tamg‘alanib,  gaz tarmoqdan uzib ketilgan.

Mirzayev buzilgan huquqlari tiklab berilishini so‘rab, O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasining Samarqand viloyat hududiy birlashmasiga yozma murojaat qildi. Murojaat tegishliligi bo‘yicha,  Pastdarg‘om tuman jamiyati mutasaddilari tomonidan mutaxassis va arizachi ishtirokida o‘rganib chiqildi. Xonadonda o‘tkazilgan qayta xatlov natijasida gaz hisoblagich ko‘rsatkichi  va kvitansiyalar o‘rganilib, Mirzayev qarzdor emas, aksincha haqdor ekanligi ma’lum bo‘ldi.

3 316 000 so‘m iste’molchi foydasiga  hal etildi. 

Gulchehra Berdiyorova.