Qarzdorga tegishli mol-mulk auksionda sotildi

“Trastbank” tomonidan Samarqand shahridagi “P.P.X.” MChJga tadbirkorlikni rivojlantirish uchun kredit ajratilgan.
Biroq MChJ kredit shartlarini bajarmagani sababli 305,3 ming AQSh dollari miqdorida muddati o‘tgan qarzdorlik yuzaga kelgan.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 2022 yil 24 avgustdagi qaroriga ko‘ra, qarzdorlik Samarqand shahri Semrug‘ MFY yaqinida joylashgan, yer osti maydoni 248,56 kv.metr, foydali maydoni 446,0 kv.metr bo‘lgan garovdagi mulkka qaratilgan.
MChJ rahbari bir necha bor ogohlantirilganiga qaramasdan to‘lovlarni amalga oshirmagan va mol-mulkka taqiq qo‘yilgan. Qarz to‘lanmagani sababli garov binosi 1 milliard 135 million so‘mga baholanib, onlayn auksionda sotishga chiqarilgan.
Hozirda auksion g‘olibi 1 milliard 157 million 700 ming so‘mga binoni sotib oldi. Sotuvdan tushgan mablag‘ qarzdorlikni qoplashga yo‘naltiriladi.
Sardor Shakarov,
MIBning viloyat boshqarmasi inspektori