Qarzdorning asosiy hisobraqamiga akseptsiz to‘lov talabnomasi qo‘yiladimi?

- Kreditlar bo‘yicha hisoblangan foizlarni o‘z vaqtida so‘ndirilmagan taqdirda, tijorat banklari tomonidan qarzdorning asosiy hisobraqamiga akseptsiz to‘lov talabnomasi qo‘yish mumkinmi?

J.SOBIROV,

Samarqand shahri. 

- “O‘zbekiston Respublikasida naqd pulsiz hisob-kitoblar to‘g‘risida”gi nizomda “Akseptsiz to‘lov talabnomasi - to‘lov talabnomasida nazarda tutilgan summa mablag‘larni to‘lovchining roziligi bo‘lishi yoki bo‘lmasligidan qat’i nazar, to‘lovlar amalga oshiriladigan hisob-kitob hujjati” deb keltirilgan.

Mazkur nizomda banklar tomonidan mablag‘larni to‘lovchining kreditlar bo‘yicha qarzlari o‘z vaqtida so‘ndirilmagan hollarda mablag‘lar akseptsiz hisobdan chiqarilishi belgilangan.

Kredit bo‘yicha hisoblangan foizni o‘z vaqtida so‘ndirilmagan taqdirda, tijorat banki tomonidan qarzdorning asosiy hisobvarag‘iga akseptsiz to‘lov talabnomasi qo‘yish mumkin.

B.SOYIPOV,

Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi bosh hisobchisi.

* * *

Kreditorga sanksiya qo‘llanilmaydi

- Jismoniy shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning kredit bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorliklari bo‘yicha jarima sanksiyalari qay tartibda qo‘llaniladi?

O.RASULOV,

Jomboy tumani. 

- Kreditlar bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorliklari yuzasidan qo‘shimcha foizlar, komissiya va neustoyka (shtraf, penya) hisoblash va ularni undirish tijorat banki va mijoz o‘rtasida rasmiylashtirilgan kredit shartnomasiga muvofiq amalga oshiriladi.

Qonun hujjatlarida qo‘shimcha foizlar, komissiya va neustoyka (shtraf, penya)larni eng ko‘p umumiy summasi tuzilgan kredit shartnomalari bo‘yicha yillik qarz summasining yarmidan oshib ketmasligi lozim.

Markaziy bank tomonidan barcha kredit tashkilotlariga 2020 yil 1 oktyabrga qadar:

- koronavirus infeksiyasining tarqalishi va uning oldini olish uchun joriy etilgan karantin rejimi faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan qarzdor - jismoniy shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning murojaatlariga asosan real daromadlari va imkoniyatlari hamda vaqtinchalik moliyaviy qiyinchiliklarni bartaraf etilish muddatlaridan kelib chiqib, kredit bo‘yicha to‘lovlarini qaytarish yuzasidan imtiyozli davr berish masalasini ko‘rib chiqish;

- jismoniy shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning muddati o‘tgan qarzdorliklarning kechiktirilishida jarima sanksiyalarini qo‘llamaslik hamda undiruvni kredit ta’minotiga qaratmaslik borasida tavsiyalar berildi.

T.QODIROV,

Markaziy bankning viloyat bosh boshqarmasi bosh yuriskonsulti.

* * *

Bankomatlardan naqd pul olish cheklanadi(mi?)

- Naqd pullar virus tashuvchisi hisoblanarkan. Shu bois bankomatlardan naqd pul olish ham cheklanadimi?

J.BOYMATOV,

Samarqand tumani.

- To‘g‘ri, jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti naqd pullardan foydalanish virus tarqalishiga olib keluvchi kanallardan biri bo‘lishi mumkinligi haqida ma’lum qilgan.

Shunga muvofiq koronavirus pandemiyasi davrida virusning naqd pullar orqali insondan insonga yuqishi mumkin. Buning oldini olish maqsadida Markaziy bank tomonidan joriy yil 24 martdan barcha bank muassasalari bank kassalariga kelib tushgan naqd pullar qayta sanalib, multivak apparati yordamida o‘rab-bog‘langandan so‘ng kamida bir hafta muddatda pul omborxonalarda alohida saqlangandan so‘ng chiqim qilish yuzasidan ko‘rsatma berilgan.

Bankomatlardan naqd pul olish bo‘yicha hech qanday cheklovlar joriy etilgani yo‘q.

F.AHMEDOV,

Markaziy bankning viloyat bosh boshqarmasi naqd pul muomalasini tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i.

* * *

“Har bir oila - tadbirkor” dasturi bo‘yicha kredit cheklovlari yo‘q

- Men “Har bir oila - tadbirkor” dasturi asosida kredit olmoqchi edim. Karantin vaqtida tijorat banklari kredit bermaydi, deb eshitdim. Shu to‘g‘rimi?

Y.XUDOYQULOV,

Payariq tumani.

- “Har bir oila - tadbirkor” dasturi asosida kredit ajratuvchi banklar, ya’ni “Agrobank”, Xalq banki, “Mikrokreditbank” tomonidan karantin vaqtida mazkur dastur doirasida kredit ajratish bo‘yicha cheklov joriy etilmagan, kreditlar ajratilmoqda.

J.BAHRIYeV,

Markaziy bankning viloyat bosh boshqarmasi tijorat banklarida davlat maqsadli dasturlari ijrosini monitoring qilish boshqarmasi boshlig‘i.

 

Uy-joy qurish uchun yer olsam bo‘ladi(mi?)

Uy-joyga ehtiyojmand fuqarolarga yer beriladimi. Buning tartiblari qanday,  qaysi hududdan va necha sotix olish mumkin?

S.OLIMOV,

Past Darg‘om tumani. 

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 28 yanvardagi qarorida yakka tartibdagi uy-joy qurish uchun yer uchastkalari berish va yer uchastkalarini meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini berish tartibi belgilangan.

Ya’ni, «E-IJRO AUKSION» yagona savdo maydonchasi orqali hududlarda auksionga qo‘yilgan yer uchastkalari bilan tanishib borish mumkin. O‘tkazilgan elektron auksion savdolariga ko‘ra jismoniy va yuridik shaxslar elektron onlayn-auksion orqali yakka tartibda uy-joy qurish uchun bitta yer uchastkasini yilda bir marotaba sotib olishi mumkin. Yer uchastkalari faqat shaharsozlik hujjatlari (aholi punktining bosh rejasi va aholi punkti tegishli qismining batafsil rejasi loyihasi) bilan ta’minlangan aholi punktlari hududlarida beriladi (auksionga qo‘yiladi). Yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkalari halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar oilalariga, davlat va xususiy uy-joy fondidagi o‘zlari egallab turgan uy-joyni tuman (shahar) hokimliklariga o‘tkazayotgan fuqarolar va mulkdorlarga  ularning arizalari asosida 0,04 gektargacha auksionsiz beriladi.

Yer uchastkasini berish bo‘yicha imtiyozlar bir oilaga bir marta (mulkdorning nomiga) beriladi va oilaning boshqa a’zolariga tatbiq etilmaydi. Yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkasini olishga ariza tuman (shahar) hokimligiga beriladi.

Azamat NIShANOV,

viloyat yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi matbuot kotibi.

 

Xususiy korxonani vaqtincha boshqa shaxs boshqari mumkin

- Korxonamiz Farhod qo‘rg‘onida, shahar markazidan 12 kilometr uzoqlikda joylashgan. Bugungi kunda yer solig‘ini qaysi stavkada to‘laymiz?

A.PIRBAYeV,

“Shoxruxbek” MChJ rahbari.

- O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 9 dekabrdagi “2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonunga asosan shaharlar va posyolkalarda yer uchastkalaridan foydalanganlik uchun yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i stavkasi Samarqand shahrida 1 gektar uchun 28 741 121 so‘m qilib belgilangan.

Bundan tashqari, yangi tahrirdagi Soliq kodeksining 432-moddasiga asosan aylanmadan soliq to‘lovchi bo‘lmagan korxonalar, yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i summasining o‘n ikkidan bir qismi miqdorida, har oyning 10-kunigacha to‘lashi lozim.

* * *

- Xususiy korxona rahbari homiladorlik nafaqasiga chiqqanda korxonaga boshqa rahbar tayinlanishi mumkinmi?

N.AMIROVA,

“Progres finans” xususiy korxonasi rahbari.

- O‘zbekiston Respublikasining 2003 yil 11 dekabrdagi “Xususiy korxona to‘g‘risida”gi Qonunining 16-moddasiga (xususiy korxonani vaqtincha boshqarish) asosan xususiy korxona mulkdori o‘zi vaqtinchalik bo‘lmagan taqdirda shu muddatda rahbarlik vazifasini bajarib turishni boshqa jismoniy shaxs zimmasiga yuklash to‘g‘risida yozma qaror qabul qiladi. Xususiy korxona mulkdori muvaqqat rahbarning xususiy korxona mol-mulkini tasarruf etishga oid huquqini cheklab qo‘yishi mumkinligi ko‘rsatib o‘tilgan.

* * *

- 2019 yil davomida dehqon xo‘jagigimizning mahsulot (tovar, ish va xizmat)larni sotishdan tushumi deyarli 700 million so‘mni tashkil qildi. 2020 yildagi soliq sohasidagi o‘zgarishlarga asosan qanday soliqlarni to‘laymiz? Ularning stavkalari haqida ma’lumot bersansiz.

I.RO‘ZIYeV,

Samarqand tumani.

- Yangi tahrirdagi Soliq kodeksining 408-moddasiga asosan yuridik shaxs tashkil etgan holda va tashkil etmagan holda tuzilgan dehqon xo‘jaliklarining a’zolari, shuningdek, maydoni to‘rt sotixdan kam bo‘lmagan dehqon xo‘jaligida, tomorqa yer uchastkasida band bo‘lgan yoki ushbu maydonda qoramol yoxud ellik boshdan kam bo‘lmagan xonaki parranda parvarishlayotgan jismoniy shaxslar ijtimoiy soliqni yiliga bazaviy hisoblash miqdorining kamida bir barobari miqdorida to‘laydi.

Mazkur kodeksning 418-moddasiga asosan mulkida ushbu Kodeksning 419-moddasiga muvofiq soliq solish ob’yekti, deb tan olinadigan mol-mulki bo‘lgan jismoniy shaxslar;

Shu jumladan, chet el fuqarolari, agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, shuningdek, yuridik shaxs tashkil etgan holdagi yoki etmagan holdagi dehqon xo‘jaliklari jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i to‘lovchilari, deb e’tirof etiladi. Soliq stavkalari Soliq kodeksining 422-moddasida keltirib o‘tilgan.

Soliq kodeksining 433-moddasiga asosan mulk huquqi, egalik qilish, foydalanish yoki ijara huquqlari asosida yer uchastkalariga ega bo‘lgan jismoniy shaxslar, shuningdek, yuridik shaxs tashkil etgan yoki etmagan holdagi dehqon xo‘jaliklari jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig‘i to‘lovchilari deb e’tirof etiladi. Soliq stavkalari 1 kvadrat metr uchun mutlaq miqdorlarda belgilanadi. Soliq stavkalarining aniq miqdorlari O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 9 dekabrdagi “2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonunining 9-ilovasida keltirilgan.

Soliq kodeksining 441-moddasiga asosan dehqon xo‘jaliklari suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq to‘lovchisi hisoblanadi. Belgilangan limitlar doirasida yer usti va yer osti manbalaridan olinadigan suv resurslari uchun soliq stavkalari bir kub metr uchun mutlaq miqdorda belgilanadi.

* * *

- Korxonamiz ko‘p qavatli turarjoy qurib, sotish bilan shug‘ullanadi. Qurilish ishlarining to‘xtab qolmasligi va ob’yektni o‘z vaqtida foydalanishga topshirish maqsadida ta’sischilardan qurilish materiallarini ustav fondiga kirim qilganmiz. Ayni paytda kvartiralarning ayrimlari sotilgan. Qolgan qismini esa ta’sischilar kiritgan qurilish materiallari shaklidagi ustav fondi miqdorida olib chiqishni mo‘ljallamoqda. Bunday operatsiyadan ta’sischilar va korxona qanday hamda qancha soliq to‘laydi?

Sh.QUTLIYeV,

korxona rahbari.

- Yangi tahrirdagi Soliq kodeksida tabiatning yoki inson faoliyatining (shu jumladan, intellektual faoliyatning) qiymat bahosiga ega bo‘lgan va realizatsiya qilish uchun mo‘ljallangan har qanday predmeti tovar deb e’tirof etilishi belgilangan. Tovarlar deb, xususan, elektr energiyasi, ma’lumotlar bazasi, axborot, intellektual faoliyat natijalari, shu jumladan, ularga bo‘lgan mutlaq huquqlar e’tirof etiladi. Soliq solish maqsadida mulkiy huquqlar ham tovar deb e’tirof etiladi.

Shuningdek, nomoddiy xususiyatga ega bo‘lgan, pulda ifodalangan bahoga ega mol-mulkka qaratilgan va ushbu mol-mulkdan mustaqil ravishda, unga bog‘liq bo‘lmagan holda muomalada bo‘lishga qodir fuqaroviy huquq ob’yekti soliq solish maqsadida mulkiy huquq deb e’tirof etiladi.

Bundan tashqari, kreditorning qarzdorga talab qo‘yish huquqi, xo‘jalik jamiyatining ustav fondida (ustav kapitalida) ishtirok etish ulushi, qimmatli qog‘ozlar, muallifning (yoki boshqa huquq egasining) intellektual mulk ob’yektiga bo‘lgan huquqi, shuningdek huquqlarning zamirida yotgan mol-mulk bilan bog‘liq, sotilishi yoki o‘z mulkdoridan o‘zga shaxsga boshqacha tarzda o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan boshqa turlari ham kirishi belgilab berilgan.

Mazkur kodeksda tovarlarga bo‘lgan mulk huquqini haq olish asosida o‘tkazish yoki haq evaziga xizmatlar ko‘rsatish, shu jumladan, qarzdor garov bilan ta’minlangan majburiyatlarini bajarmaganda garovga qo‘yilgan tovarlarni ayirboshlash va o‘tkazish tovarlarni yoki xizmatlarni realizatsiya qilish deb e’tirof etiladi. Kodeksda nazarda tutilgan hollarda tovarlarga bo‘lgan mulk huquqini bepul asosda o‘tkazish yoki bepul asosda xizmatlar ko‘rsatish ham realizatsiya qilish deb e’tirof etiladi.

Yuqoridagilarga asosan yuridik shaxslarga mulk xuquqi asosida tegishli bo‘lgan mol-mulkni sotishdan olinadigan daromadlari soliqqa tortiladigan daromadlar hisoblanishi ushbu kodeksda belgilab berilgan. Ya’ni tovar aylanmalari chegaraviy miqdoridan kelib chiqib, umumbelgilangan soliq tizimidagi yoki maxsus soliq tizimidagi soliqlar (aylanmadan soliq va resurs soliqlari) bo‘yicha soliq majburiyatlari yuzaga keladi.

O‘zbekiston Respublikasining 2012 yil 24 dekabrdagi “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonunda qonunosti hujjatlar normalariga rasmiy sharhni ularni qabul qilgan vakolatli organlar tomonidan berishi ko‘rsatilgan.

Savollarga viloyat Davlat soliq boshqarmasi mas’ul xodimi

Valisher TEMIROV javob berdi.

  Import qilingan o‘simlikda kasallik aniqlansa

- Xorijdan keltirilayotgan o‘simlik va ko‘chatlarda ham kasallik kirib kelishi mumkin ekan. Bunday mahsulotlar qanday tartibda tekshiriladi va kasallik aniqlanganda qanday choralar ko‘riladi.

O.ZOHIDOV,

Oqdaryo tumani.

  - Qonunchiligimizga ko‘ra respublika hududiga olib kirilayotgan va olib chiqilayotgan hamda tranzit tarzida o‘tkazilayotgan karantin ostidagi mahsulotlarga nisbatan bir qator talablar qo‘yilgan.

Jumladan, bunday o‘simliklar karantin ob’yektilaridan holi bo‘lishi hamda uning har bir turkumi fitosanitariya sertifikatlarining asl nusxasi bilan ta’minlangan bo‘lishi lozim. Fitosanitariya sertifikati o‘simliklar karantini nazoratidagi mahsulotning zararli organizmlar bilan zararlanmaganligini tasdiqlovchi eksport qilayotgan mamlakatning o‘simlik karantini va muhofazasi bo‘yicha davlat organi tomonidan beriladigan xalqaro namunadagi hujjat hisoblanadi. Ammo fuqarolarimiz tomonidan kasallangan o‘simliklarni respublikamizga olib kirish holatlari ham uchramoqda.       

Misol uchun, yaqinda respublikamiz hududiga fuqarolar tomonidan Turkiya davlatidan olib kelingan 6 dona dekarativ gul ko‘chati olib kelingan. Ko‘chatlar o‘simlik karantini Davlat inspektori tomonidan veziuval nazoratdan o‘tkazilganda kasallik aniqlandi va fuqaroga tegishli tushuntirish berilib, ko‘chatlar hududiy laboratoriyaga topshirildi.

Mamlakatimzda o‘simliklar va meva-sabzavot mahsulotlari eksporti uchun yetarli sharoit yaratilgan, shu bilan birga import qilinayotgan o‘simliklar karantini borasida ham izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Savolga Samarqand xalqaro aeroporti o‘simliklar karantini chegara maskani inspektorlari A.TURSUNOV va U.XOLIQOV javob berdi.