Qasdma qasd qurilgan uylar

Ularning paydo bo‘lishiga ajrashishlar, meros olish mojarolari, qo‘shni yoki amaldorlar bilan bo‘lgan kelishmovchiliklar sabab bo‘ldi. Boshqalarning tinchligini abadiy buzgan g‘aroyib uylar bilan tanishing.

"Yovuz uy”

G‘arb me’morchiligida spite house (ingliz tilidan “yovuz uy” deb tarjima qilingan) tushunchasi mavjud. Birovning tinch hayotini haqiqiy do‘zaxga aylantirish maqsadi bilan qurilgan binolarga shunday nom berilgan. Ular zamonaviy qurilish qoidalari qabul qilingunga qadar juda keng tarqalgan edi. Bunday binolar yo‘llarni yopadi, quyosh nurlariga to‘sqinlik qiladi yoki shunchaki qo‘shni derazalaridagi ko‘rinishni buzadi.

Egalari bunday uylardan doimiy yashash uchun foydalanishni rejalashtirmaganliklari sababli, ular ko‘pincha noqulay va beso‘naqay bo‘lib qolgan. Spite houselarning aksariyati AQShda joylashgan.

Okean ko‘rinishini to‘smoq

Birinchi jirkanch uylardan biri 1715 yilda Massachusets shtatining Marblxed qirg‘oqbo‘yi shahrida paydo bo‘lgan. Uning muallifi yelkan yasovchi usta Robert Vud hisoblanadi. Afsonaga ko‘ra, u akasidan xafa bo‘lgan va otasi merosining kichik qismi tekkan mahalliy baliqchi uchun uy qurgan. Birodariga g‘azablanganini ko‘rsatish uchun mijoz akasining dang‘illama uyi yonida uch metrli taqab qurilgan imorat yasashni va shu bilan Atlantika okeani ko‘rinishini to‘sib qo‘yishni iltimos qildi. 300 yildan so‘ng, Orn-strittdagi g‘ayrioddiy uy mukammal saqlanib, hozirgacha foydalanilib kelinmoqda.

Shahar amaldorlarini g‘azablantirish

1814 yilda Frederik shahridagi taniqli oftalmolog Jon Tayler amaldorlar ko‘chani kengaytirib, uning hovlisi orqali yo‘l ochmoqchiligini bilib oldi. Shifokor nima bo‘lsa ham ushbu rejaning amalga oshishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaror qildi. Bundan tashqari, mahalliy qonunchilikda uy yoki poydevor bo‘lgan joylarda yo‘llar qurish taqiqlangan edi. Amerikalik tunda o‘z rejasini amalga oshira boshladi, ertalab yo‘lsozlar yetib kelganida, ishchilar allaqachon uch qavatli dang‘illama uy qurish uchun qizg‘in osh olib borishganining guvohi bo‘lishdi. Yer egasi esa kursida o‘tirib qurilishni kuzatardi.

Quyosh nurlarini to‘sish

Xoll ko‘chasidagi och yashil rangdagi to‘rt qavatli uy Bostonning eng tor binosi sanaladi. Uning kengligi 3,16 metrni tashkil etadi, shuningdek, unda old eshik yo‘q - ichkariga derazaga o‘xshash yon eshikdan suqilib kirish mumkin, xolos. Kichkinaligiga qaramay bu ko‘chmas mulk yaqinda 895 ming dollarga sotilgan. G‘alati uyning ko‘rinishi janjal bilan bog‘liq. Akasi urush paytida, birodari marhum otasining yerlarini o‘zlashtirib olgan. Mulkiga xiyonat qilganini bilib qolgan aka 1874 yilda urushdan qaytib kelgach, ukasining quyosh nurlarini to‘sib qo‘yadigan uy qurdi. 

Sobiq xotindan qutulish

Massachusets shtatidagi Nyuberiportda turgan yolg‘iz pushti rangli uy ko‘plarni hayajonga solib keladi. Bu chirigan tashlandiq bino sho‘r botqoqning markazida joylashgan. Jurnalist Keyt Bolik tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishga ko‘ra, uy bu yerda 1925 yilda paydo bo‘lgan. Ajralish shartnomasining shartlariga ko‘ra, er o‘z xotiniga oila yashaydigan uyning aniq nusxasini qurib berishi kerak edi. Ammo hujjatda qurilajak uyning joyi ko‘rsatilmagan. Fursatdan foydalanib qasoskor sobiq sevgilisiga zarar yetkazish uchun xarobazorda uy qurdi.

Xasis qo‘shnidan qasos olish

1908 yilda qo‘shnisi yerini sotib olmoqchi bo‘lib taklif qilgan narxini bermaganligi uchun kembrijlik ishbilarmon Frensis Orayli unga qasos qilish niyatida bu yerdan o‘zi foydalanishga qaror qildi va 28 kvadrat metrlik joyda uy qurdi. Kichkina bino bugun ham foydalanishda - u dizaynerlik firmasi tomonidan ijaraga olingan. Ofis xodimlarining ta’kidlashicha, ular o‘zlarini 3D reklama taxtasi ichida his qilmoqda, bu uy sayyohlar orasida juda mashhurdir.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.