Qatag‘on qurbonlari: Tuhmat girdobida azob chekkan Abdullayev kim edi?
Annaquli Abdullayev 1895 yilda Samarqand shahridagi Qalandarxona mahallasida tug‘ilgan. 1917 yil oktyabr to‘ntarishiga qadar masjid qoshidagi boshlang‘ich maktabda, ikki yil madrasada tahsil olgan. Otasi uni rus tilini o‘rganishga da’vat qilgach, 3 yil rus-tuzem maktabida o‘qigan.
1918 yildan e’tiboran shaharning ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok eta boshlaydi. Samarqanddagi militsiya maktabini bitirgach, shu sohada xizmat qiladi. Shaharning bir nechta uchastkalarida katta militsioner bo‘lib ishlaydi. Bu borada uning savodi va rus tilini bilishi qo‘l keladi. Shu sababli uni prokuratura organlariga ishga jalb etadi. 1924 yilda Samarqand rayon prokurorining yordamchisi vazifasiga tayinlanadi.
Ish davomida tergov jarayonlarini xolis olib borishga intiladi. Turli toifadagi aholini, hunarmandlarni, quloq deb e’lon qilingan shaxslarni noo‘rin tazyiqlardan asrashga intiladi. Bunday hollarni uning ustidan yozilgan, tuhmatlardan iborat xatlardan ham bilsa bo‘ladi.
Ana shunday tuhmatlar tufayli 1925-1926 yillarda O‘zSSR Oliy Sudi jinoiy ishlar kollegiyasi uning ustidan jinoiy ish qo‘zg‘ab, ikki marta sudga tortadi. Bir necha oy davom etgan bunday tekshiruvlar, sudlovlar natijasida barchasi uning ustidan uyushtirilgan tuhmat ekanligi ma’lum bo‘ladi va butunlay oqlanib, o‘z ishiga qayta tiklanadi.
1927 yil yanvar oyida O‘zSSR Adliya xalq komissarligiga uning ustidan yana shikoyat xati tushadi. Shikoyat mualliflari Samarqandning Qalandarxona mahallasilik Miryusuf Miryoqubov va Maxdumi Xorazmiy mahallasidan bo‘lgan Mirzo Nodirov edilar. Shunisi qiziqki, ilgari yozilgan va Annaqul Abdullayev ustidan O‘zSSR Oliy sudida jinoiy ish qo‘zg‘atilishiga sabab bo‘lgan ikkita shikoyat muallifi ham aynan shu kishilar edi. Lekin negadir bu hol Adliya xalq komissarligidagilarni ham, Oliy suddagilarni ham ajablantirmadi. Aksincha, darhol shikoyatni tekshirish va Abdullayevga nisbatan chora ko‘rish, jinoiy javobgarlikka tortish Adliya xalq komissarligining muhim ishlari bo‘yicha tergovchisi Bukinga topshiriladi. U zudlik bilan ishga kirishadi.
Shikoyat xatida nimalar ko‘rsatilgan edi?
1) Annaqul Abdullayev xizmat vazifasini suiiste’mol qilib, birovlarning uyini tortib olgan.
2) Og‘ir jinoyatlarda ayblangan Qurbon Mavlonovni, ayollarni o‘g‘irlash, zo‘rlashda, bosqinchilikda, qotillikda ayblangan Murod Ochilovni avval qamoqqa olib, keyin pora evaziga qo‘yib yuborganlikda (go‘yoki Murod Ochilovning onasi Annaqul Abdullayevning ishxonasiga (7 chervonets) 700 so‘m olib kelib bergan emish).
Bu shikoyatlar bilan cheklanmay, hibsxonada yotgan Rjevskiy, urgutlik tanishlari Mirza Qobilov, Samarqandning Qozi G‘affor mahallasidan Nosir Po‘latovni ham ishga solib, shikoyat yozdiradilar. Rjevskiyning yozishicha, go‘yoki A.Abdullayev hibsxonaga kelib, u yerda saqlanayotganlarni kaltaklatgan va hokazo.
Adliya halq komissarining tergovchisi Bukin ishga kirishadi. U shikoyatlarni va guvohlarni birma-bir so‘roq qilar ekan, A.Abdullayevning ustidan ochilgan jinoyat ishi xuddi gugurt qutisidan yasalgan uydek, bir chertsa, qulab tushishiga ishonch hosil qiladi. Masalan, jinoyatchilar Qurbon Mavlonov va Murod Ochilov nafaqat hibsdan ozod etilgan, balki har biri 10 yildan qamoq jazosiga hukm qilingan. Murod Ochilovning onasidan «Annaqul Abdullayevga 700 so‘m olib kelib berganmisiz», degan savolga u ayol «cho‘ntagimda besh so‘m ham pulim yo‘q, buncha mablag‘ni qayerdan olaman?», deb javob bergan. «Nega bo‘lmasa, prokuratura xodimi ustidan shikoyat yozdingiz», degan savolga «Urgutdagi hamsoyamiz Mirza Qobilov bir xatni olib kelib, shunga barmoq bosib bersangiz o‘g‘lingiz tezda qamoqdan chiqadi, deb barmoq bostiruvdi», deya javob qaytaradi. Rjevskiyning shikoyati ham xuddi shu yo‘sinda o‘z tasdig‘ini topmaydi...
Voqea bunday bo‘lgan edi. Kunlarning birida Samarqand aroq zavodining 5-6 nafar ishchisi mehnat vaqti tugagandan so‘ng yaqin-atrofdagi oshxonaga kirib, ichkilikbozlik qilishadi. Bir-birini tanimaydigan darajaga kelgach, o‘rtalarida janjal chiqib, mushtlasha boshlaydilar. Yetib kelgan militsiya xodimlari ularni vaqtinchalik hibsxonaga olib borib, bir kameraga qamab qo‘yishgan. Lekin ular kamerada ham bir-birlari bilan mushtlashib ketishadi. Ularni tinchlantirish uchun kirgan 2 nafar militsiya xodimlariga ham tashlanib, urmoqchi bo‘lishadi. Shunda boshqa militsiya xodimlari yordamga kelib, kuch ishlatib, bu mast odamlar to‘dasini tinchlantiradi.
Rayon prokurori yordamchisi Annaqul Abdullayev bu voqealar sodir bo‘lgan paytda shu yerda edimi, degan savolga hibsxonani bevosita qo‘riqlagan ikki militsioner, «Yo‘q», deb javob berishadi. Chunki uni borib kinoteatrda kino ko‘rib o‘tirgan joyidan chaqirib kelishadi. Bu paytda haligi mast kishilar ancha tinchlanib qolishgan edi. Militsionerning aytishicha, A.Abdullayev ularga bu odamlarni bir-biridan ajratib, boshqa-boshqa kameralarga joylashtirishni va ertaga ma’muriy jarimaga tortib, qo‘yib yuborishlarini tayinlab chiqib ketgan.
Nazarimizda, tergov jarayonida bu holatlarning guvohi bo‘lgan Bukin o‘zini chetga olish chorasini ko‘rganga o‘xshaydi. Shundan so‘ng Adliya xalq komissari o‘rinbosari buyrug‘i bilan ushbu ishni davom ettirish uchun muhim ishlar bo‘yicha tergovchi Ginsburg tayinlanadi.
Ginsburgning Abdullayevni so‘roq qilish jarayonida nega Miryusuf Miryoqubov va Mirza Nodirovlarning uning ustidan har xil tuhmatlardan iborat shikoyatlar yozish sabablari bir qadar oydinlashadi.
Tergovchi Ginsburgning savoliga A.Abdullayevning javoblaridan: “Miryusuf Miryoqubov masalasiga kelsak, biz u bilan bir mahalladan – Qalandarxonadanmiz. 1923 yilda mahalla oqsoqoli - raisi saylovi paytida odamlar o‘sha paytda ushbu vazifada ishlagan Miryusuf Miryoqubovning qo‘li egri, faqat o‘z manfaatini ko‘zlashini bilib, uning o‘rniga meni saylashdi. Bu uning menga nisbatan g‘ayirligini qo‘zg‘adi. 1924 yil Samarqand rayon prokurori yordamchisi etib tayinlanganidan so‘ng bu ishni xalq saylagan boshqa kishiga topshirdim. 1925 yilda menga turarjoy sharoitimni inobatga olib, shahar kommunal xo‘jaligiga tegishli honadonlardan birini berishdi. Keyin bilsam, bu xonadon katta hovlisi bo‘lishiga qaramay, Miryoqubov tomonidan egallab olingan ekan. Kommunal xo‘jalik ma’muriyati buni bilib qolib, undan uyni bo‘shatishini talab qilgan. Oradan bir oy o‘tib, aynan shu xonadon menga ajratiladi. «Annaqul Abdullayev xizmat vazifasini suiiste’mol qilib birovlarning uyini tortib olgan», deganida u xuddi shu holni nazarda tutyapti”.
Bundan tashqari, «mahalla ahli ularning xonadoniga soliqchilar kelganida bir narsani bilib qolishadi. Ular mahalla oqsoqoliga to‘plab bergan 9 ming so‘mlik soliq puli bankka topshirilmay, M.Miryoqubov tomonidan o‘zlashtirib yuborilgan ekan. Bu voqeani eshitib men uning oldiga bordim va agar qamalib ketishni istamasa, zudlik bilan halqdan olingan pulni joyiga qo‘yishi lozimligini aytdim va bu ishni qildirdim ham. Mana shularning hammasi jamlanib, uning menga nisbatan g‘arazini ro‘yi-rost yuzaga chiqardi».
Shu yerda bir masala haqida to‘xtalish lozim. Annaqul Abdullayev boshiga shuncha tuhmat toshlari yog‘iladi-yu nahotki, uning tarafini oladigan biror-bir kishi topilmagan bo‘lsa? Yo‘q, topilgan. Ular yosh va haqgo‘y prokuratura xodimini qo‘llab-quvvatlashgan. Bular, O‘zbekiston Kompartiyasi (b) Samarqand okrug komitetining kotibi Rahimiy va okrug ijroiya komitetining raisi Shirinov edi. Ular respublika Adliya xalq komissarligiga murojaat qilib, bu ishni xolisona hal qilishni so‘raydi. Ikki yarim yildan buyon goh hibsga olinib, goh qo‘yib yuborilib davom etayotgan so‘roqlar A.Abdullayevni holdan toydirgandi.
Quyida tergovchi Ginsburgning Samarqand okrug partiya komitetining kotibi yuborgan so‘rovnomaga yozgan javobini keltiramiz: «Partiya a’zosi Abdullayev Annaqulning hozirgi paytda ishsiz ekanligi va uning ishi yuzasidan tergov cho‘zilib ketganligi sababli Sizning so‘rovnomangizga javoban shuni ma’lum qilamanki, tergov tamom bo‘lguniga qadar u rahbarlik bilan bog‘liq bo‘lmagan oddiy ishlarga tayinlanishi mumkin».
1929 yil avgust oyi boshida Gingsburg tergov tugaganini e’lon qildi. U O‘zbekiston SSR Oliy Sudining Jinoiy ishlar kollegiyasiga yozgan ma’lumotida A.Abdullayev ustidan olib borilgan tergov davomida unga qo‘yilgan ayblarning hech qaysi o‘z isbotini topmaganligini bildiradi. Va nihoyat, 1929 yil 14 avgustda O‘zSSR Oliy Sudining Jinoiy ishlar bo‘yicha kollegiyasi A.Abdullayevga nisbatan ochilgan 34-raqamli Jinoiy ishni Oliy sud a’zosi Toropkov raisligida ko‘rib chiqib, Jinoyat-protsessual kodeksining 4-moddasi 5-bandiga asosan, A.Abdullayev harakatlarida jinoyat alomatlari bo‘lmaganligi sababli harakatdan to‘xtatadi.
Shundan keyin Abdullayevning taqdiri qanday kechgan? Hozirgacha hech kim buni bilmaydi. Ehtimol, o‘zi xizmat qilayotgan soha xodimlari ham og‘ir damlarda yaqqol ko‘rinib turgan tuhmat balolaridan uni asrashga harakat qilish o‘rniga boshidan mag‘zava ag‘darish payida bo‘lishgani tufayli bu ishdan ko‘ngli qolib, boshqa yumushning boshini tutgandir. Balki yaqinlashib kelayotgan katta qatag‘on to‘fonini his qilib, bunday mudhish jarayonda ishtirok etishni istamagandir... Nima bo‘lganda ham biz uning nomini Samarqand viloyati prokratura organlari xodimlari ro‘yxatida boshqa uchratmaymiz.
Xurshid Musurmonov,
viloyat prokuraturasi bo‘lim prokurori.
Muzaffar Muqimov.