Qatag‘on qurbonlari xotirasi: Javoharlal Neru O‘zbekistonda izlagan olim kim edi?
Hindiston Angliya istibdodidan ozod bo‘lib, mustaqillikni qo‘lga kiritgach, mamlakat bosh vaziri Javoharlal Neru 1954 yilda sobiq sovet ittifoqiga o‘zining ilk tashrifini amalga oshiradi. Ana shu tashrif chog‘ida u O‘zbekistonda ham bo‘lib, respublika Fanlar akademiyasiga kelganda bir kishi – Po‘lat Soliyev ismli shaxs bilan uchrashmoq istagida ekanligini bildiradi. O‘rtada noqulay vaziyat vujudga keladi. Fanlar akademiyasi prezidenti: «U kishi vafot etganiga ancha vaqt bo‘lgan» deydi. Shunda Hindiston bosh vaziri bu olimning qabrini ziyorat qilmoqchi ekanligini aytadi. «U kishi yo‘lda vafot etgan, shu sababli qabri noma’lum», degan javobni eshitadi…
Javoharlal Neru izlagan inson 1930 yillarda O‘zbekiston tarixchilarining haqiqiy rahnamosi, ustozi bo‘lgan olim, professor Po‘lat (Bekpo‘lat) Majidovich Soliyev edi. Bosh vazir uning Hindiston ozodlikni qo‘lga kiritishidan 20-25 yil avval yozilgan maqolalari, risolalari hind vatanparvarlariga juda kuchli ta’sir qilganligi, ularga mustaqillik uchun kurashning asl mohiyatini chuqur anglash, idroq etishda qo‘llanma bo‘lganligini so‘zlab beradi. Bu yerda gap professor Po‘lat Soliyevning 1920 yillarda yozgan «Angliya imperializmi Sharqda», «Sharqdagi hozirgi ahvol», «Hindiston Angliya zulmi ostida» kitoblari ustida bormoqda edi. Bu asarlar qay yo‘llar bilan Hindistonga borib qolganligi, tarjima qilinib chop etilganligini aniqlash olimning ilmiy merosi bilan qiziquvchilar, tadqiqotchilar oldidagi vazifalardandir.
Ana shu uchrashuv tafsiloti, Javoharlal Neruning olim haqida chuqur hurmat bilan bildirgan fikrlari xususida Po‘lat Soliyevning qizi Farida Po‘latovna Muhiddinova (Soliyeva)ga ushbu suhbatda ishtirok etgan TashDU Sharqshunoslik fakultetining o‘sha paytdagi dekani A.Hamroyev va muloqotda bevosita tarjimonlik qilgan X.Xolmurodova-Barnoxo‘jayeva so‘zlab berishgan ekan.
Hindiston bosh vazirining bunday ehtiromiga sazovor bo‘lgan olim Po‘lat (Bekpo‘lat) Soliyev kim edi? U kishi 1882 yilda Astraxan guberniyasidagi qishloqlardan birida tug‘iladi. Bu qishloqda istiqomat qiluvchilarning ko‘pchiligi nug‘ay millatiga mansub kishilar va Turkistondan kelib o‘rnashib qolgan odamlardan iborat edi. Po‘lat (Bekpo‘lat) Soliyevning otasi Majid Soli ham asli turkistonlik, mang‘it urug‘iga mansub dehqon bo‘lgan. U farzandlarining ilmli bo‘lishi uchun imkoni darajasida ko‘maklashgan. Bulg‘usi olim o‘n besh yoshga to‘lganida qishloqdagi maktabni va Abdurahmon Umerov tashkil qilgan (yirik islomshunos olim, tarixchi, «Idel» gazetasining muharriri) madrasani o‘qib tugatgan edi. Ilmga chanqoqlik uni Qozon shahridagi «Muhammadiya» madrasasiga yetakladi. So‘ngra mashhur islomshunos, ko‘plab nodir tadqiqotlar muallifi Ziyo Kamoliy rahbarlik qilgan, yangi uslubda ta’lim beriladigan «G‘oliya» madrasasida tahsil oldi. Ikki madrasani ham a’lo baholarga bitirgan Po‘lat Soliyev bu paytda arab, turk, fors, rus va Markaziy Osiyo turkiy xalqlarining tillarini puxta o‘rgangan edi. Keyinchalik u fransuz va nemis tillarini ham o‘zlashtiradi.
Unga «G‘oliya» madrasasida qolib, talabalarga tahsil berish taklif etilgan bo‘lsa-da, ammo u asli ota yurti bo‘lgan Turkistonga yo‘l oladi.
Po‘lat Soliyev Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on volostida o‘rnashadi. Bu yerda u Segizboy Otaboyev xonadonida yashab, qishloqda yangi usuldagi maktab ochadi (keyinchalik mashhur davlat va jamoat arbobi bo‘lib yetishgan Sulton Segizboyev aynan Po‘lat Soliyev qo‘lida tahsil olgan va uning rahnamoligida o‘nib-o‘sgan edi). Albatta, uning yangi usuldagi jadid maktablarini ochishi va bu yo‘nalishdagi faoliyati ko‘plab qarshiliklarga ham duch keldi.
U Toshkent shahri, viloyati, Farg‘ona vodiysi, Buxoroda ko‘plab maktablar, bilim yurtlari ochilishiga ko‘maklashadi, ularga bosh bo‘ladi. 1917 yilda Moskva shahrida o‘tgan Butunrossiya musulmonlari qurultoyida ishtirok etadi. O‘sha yili Qo‘qon shahrida tashkil etilgan «Turkiston muxtoriyati»ni shakllantirishda qatnashadi. Qo‘qon shahrida mahalliy millat vakillaridan o‘qituvchilar tayyorlaydigan Xalq universitetini ochishda va faoliyatini yo‘lga qo‘yishda jonbozlik ko‘rsatadi. O‘sha paytlari tashkil etilgan O‘qituvchilar institutlarida Turkiston tarixi, arab tili, adabiyoti bo‘yicha ma’ruzalar qiladi. Bir qancha gazeta, jurnallarda muharrir vazifasini bajaradi.
1924-1927 yillarda oilasi bilan Moskvada yashaydi (u do‘sti Hodi Fayzining singlisi Fotima Fayzirahmonovaga uylangan edi). Bu yerda Sverdlov nomli universitetning tarix kafedrasida faoliyat yuritish bilan bir qatorda, Sharq xalqlari markaziy nashriyotida ishlaydi. O‘nlab maqolalari turli ilmiy jurnallar, gazetalarda chop etiladi. Agar olim bitgan maqola, risola, kitoblar, u turli viloyatlardan izlab topgan qadimiy qo‘lyozmalar, ilmiy izlanishlarining faqat nomi sanab chiqilsa, shuning o‘zi kata bir risola bo‘lishi muqarrar.
Bu maqolada ushbu fidoyi inson faoliyatining ayrim qirralariga to‘xtalish mumkin, xolos. 1926 yilda Leningradda o‘sha paytlar mavjud bo‘lgan Sharqshunoslik institutida unga professor ilmiy unvoni beriladi. 1927 yilda professor Po‘lat Soliyev O‘zbekistonning o‘sha paytdagi poytaxti Samarqand shahrida o‘qituvchilar tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasasi ochilishi munosabati bilan (keyinchalik SamDU) chaqirib olinadi. U ushbu oliy ilm dargohini tashkil qilishda faol qatnashadi, unda ochilgan Sharq mamlakatlari tarixi kafedrasini boshqaradi.
Keyinchalik mashhur akademik, professorlar bo‘lib yetishgan I.Mo‘minov, Ya.G‘ulomov, A.Aminov, R.Nabiyev, Hamid G‘ulom, Ayub G‘ulom, T.Zohidov, A.Hamroyev, V.Abdullayev, R.Boyjonov, B.Jo‘nayev uning shogirdlari edi.
Sobiq aspirantlaridan bo‘lgan A.Aliyevning xotirlashicha, Po‘lat Soliyev akademik V.Bartold bilan tez-tez muloqotda bo‘lgan. Ba’zan u bilan bahsga kirishib, akademikning ayrim ilmiy qarashlari, sharq qo‘lyozmalari tarjimalarida xatolar, chalkashliklar mavjudligini ro‘y-rost aytgan.
1920 yillarda olimning Qur’oni karim matnini ilmiy sharhlar bilan ilk bor o‘zbek tiliga o‘girgani ma’lum. Lekin uning sakkizta katta yashchikka solingan ko‘plab qo‘lyozmalari, kitoblari, shaxsiy arxivi, qadimiy yozma manbalar 1937 yilda olim «xalq dushmani» sifatida qamoqqa olinganda NKVD organlari tomonidan musodara etilgan. Ularning bir qismi izsiz yo‘qolgan bo‘lsa, olim to‘plagan qadimiy yozma manbalar, shaxsiy kutubxonasi negizida O‘zR Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik institutiga asos solingan edi.
Po‘lat Soliyevning qamoqdagi so‘nggi kunlari haqida uning katta qizi Roza Soliyevaga 1968 yilda Samarqandda Ulug‘bek rasadxonasi muzeyi direktori bo‘lib ishlagan Abdusalom Husainovich Akramov so‘zlab bergan ekan. 1937 yilda Po‘lat Soliyevning aspiranti bo‘lgan bu inson ham «xalq dushmani» tamg‘asi bilan o‘sha yillari qatag‘on domiga tortiladi. Buni qarangki, tasodifan u Toshkent qamog‘ida ustozi bilan bir xonaga tushib qoladi va qo‘lidan kelgunicha, soch-soqoli oqarib ketgan, ancha cho‘kkan ustoziga ko‘maklashadi.
- Ellik kishi sig‘ishi mumkin bo‘lgan xonada bir yuz ellik nafar tutqun saqlanardi, - deya xotirlagan edi Abdusalom Akramov. – Bu yerda siyosiy tutqunlar bilan birga har xil toifa o‘g‘rilar, sovet tuzumiga qarshi qo‘lda qurol bilan kurashgan kishilar bor edi. Ba’zan ular o‘rtasida turli masalalar bo‘yicha bahslar bo‘lib turardi. Ular «xalq dushmani» tamg‘asi bilan qamalgan partiya, davlat organlarida ishlagan odamlarga, olimlarga «Bizku bu tuzumga qarshi kurashganimiz rost. Lekin uni yoqlab, xizmat qilgan sizlar nega qamaldinglar», deya ta’na qilishardi. Shunda men domladan ularga Turkiston tarixidan so‘zlab berishini iltimos qilardim. Po‘lat Majidovich bu yerdagilarga Amir Temur saltanati, Alisher Navoiy hayoti va ijodi, Vatanimiz tarixining turli davrlari haqida soatlab hikoyalar so‘zlardi.
O‘sha paytlar biz bilan qamoqxonada yotgan qurboshilardan biri «Yo tovba, bu avliyo odamni qamashga kimning qo‘li bordi ekan», deya alam bilan gapirgani yodimda. Meni 1938 yil yozida Rossiyadagi lagerlardan biriga jo‘natishdi. Afsuski Toshkent qamoqxonasidagi o‘sha uchrashuv domla bilan so‘nggi ko‘rishishimiz bo‘lib qoldi…
Qatag‘on qurboniga aylangan teran fikrli olim, zukko inson Po‘lat Majidovich Soliyev xotirasi u qoldirgan asarlar, avlodlari qalbida yashamoqda.
Muzaffar MUQIMOV,
Qatag‘on qurbonlari xotirasi viloyat muzeyi direktori.