Qaynonalarga ham himoya orderi berilyapti

«Qayerga borsang boraver, senga kim ham quloq solardi!» Bu – eri va hatto bolalari tomonidan muntazam kamsitilib kelinayotgan ayolga eri tomonidan aytib kelinayotgan tahdidlardan biri. Ayol bunday xo‘rliklarga chiday olmay, tegishli idoraga murojaat qildi.

Murojaat  natijasi qanday bo‘ldi? Umuman, bu ayolni eri, bolalari nega haqorat qiladi o‘zi?

Gap zo‘ravonlik, tazyiq haqida ketganida hanuzgacha ensasi qotadigan amaldorlar kam emas. Bu masalada haliyam ayolni ayblaydigan ayollar ham bor hatto. Bunday jamiyatda ushbu masalada gapirish, ayollarni himoya qilish yengil kechmasligi tabiiy. Ammo keyingi paytda ayollarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish masalasiga alohida e’tibor berilmoqda, bu borada jiddiy qadamlar tashlandi. Tegishli idoralarda bu masala bilan shug‘ullanadigan shtatlar ajratildi, oiladagi, umuman, xotin-qizlarga nisbatan bo‘layotgan zo‘ravonlik, tazyiqlarga e’tibor kuchaydi. 

- Ko‘pchilik oiladagi notinchliklarga ichki ishlar idoralari xodimlari aralashsa, bu oiladagi keyingi vaziyat yaxshilanmaydi, degan fikrda, - deydi viloyat IIB jamoat xavfsizligi xizmati huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Nigora Yodgorova. – Aksincha, oiladagi zulm, taz­yiq davom etaversa, bu xonadonda bir kuni jinoyat sodir etilishi mumkin. Uydagi gapni ko‘chaga chiqarma, milisani aralashtirsang, oila deganing oila bo‘lmaydi, degan fikr vaziyatni yanada og‘irlashtiradi. 

Viloyat bo‘yicha yil davomida 2033 nafar xotin-qizga himoya order berilgan. Tazyiq va zo‘ravonlik sodir etilgan joylar haqida gap ketganda, ularning 1814 tasi oilada, 177 tasi ko‘chada, 14 tasi jamoat joyida, 15 tasi ta’lim muassasasi hamda 13 tasi ish joyida yuzaga kelganini aytish joiz. Himoya orderlarining katta qismi er tomonidan xotinga o‘tkazilgan zo‘ravonlik natijasida berilgan. Keyingi yillarda yana bir holatni kuzatish mumkin, ya’ni qaynonalarga kelinlaridan himoyalanish uchun himoya orderlari berilayotgani. Jumladan, bu yil kelinlarning qaynonasiga zug‘um o‘tkazgani uchun 32 nafar qaynonaga himoya orderi berildi. 57 nafar kelinga esa qaynona tomonidan o‘tkazilgan tazyiq tufayli shunday hujjat taqdim etildi. Shuningdek, boshqa turli  holatlar bo‘yicha 499 holatda jabrlanganlarga order rasmiylashtirilgan.

Tazyiq va zo‘ravonlikning 781 tasi jismoniy zo‘ravonlik, 5 tasi jinsiy zo‘ravonlik, 7 tasi iqtisodiy zo‘ravonlik, 930 tasi ruhiy zo‘ravonlik, 310 tasi esa tazyiq sirasiga kiradi. 

Aholi orasida xotin-qizlarning zo‘ravonliklarga sabr qilishi emas, balki ularni vaqtida tegishli tashkilotlarga yetkazish kerakligi haqida doimiy targ‘ibot ishlarini olib bora­miz. Har bir shahar va tumandagi ichki ishlar idoralarida xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlarimiz ishlayapti. 

Yuqorida misol tariqasida keltirilgan, bir necha yildan beri turmush o‘rtog‘i tomonidan kaltaklanayotgan ayolda ruhiy xastalik mavjud. Bu xastalik o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmagan. To‘rtinchi farzandini dunyoga keltirganidan so‘ng chaqaloq ko‘p yashamay, nobud bo‘ladi. Turmush o‘rtog‘i Rossiyada bo‘lgani sababli qaynona har soniyada keliniga tazyiq o‘tkazib, «O‘g‘lim kelsa, seni o‘ldiradi, nevaramni nobud qilding», deya gapirishdan to‘xtamaydi. Bu gap-so‘zlardan so‘ng kelinning ruhiyatida o‘zgarishlar paydo bo‘la boshladi. Yillar o‘tib, o‘g‘il Rossiyadan kelsa, farzandi nobud bo‘lgani kamday, ayolining salomatligi ham haminqadar ekanini ko‘radi. Buni qarangki, bu sinovlar o‘g‘ilni sergak torttirmaydi, aksincha, ayolini do‘pposlab, alamini oladi. Ba’zida sog‘, ba’zida nosog‘ ayol ham taqdirim shunaqa ekan, deya ko‘nib yuraveradi. Buni qarangki, bu oilada ulg‘ayayotgan farzandlar ham otasidan ulgi olib, onasini kalaka qiladi, hatto qo‘l ko‘taradi. Bu azoblardan charchagan ayol oxiri ichki ishlar idorasiga murojaat qiladi.

- Ruhiy xasta insonlarning murojaati har doim ham jiddiy qabul qilinmaydi ba’zi idoralarda, - deydi Oqdaryo tumani ichki ishlar bo‘limining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektori Dildora Eshonqulova.  – Lekin bu ayol kelganda yuzlari shishgan, ko‘kargan edi. Shuning uchun ham bu ish bilan jiddiy shug‘ullanishga kirishdim. Avvalambor, u ayol oilasi bilan yashayapti, bir umr qiynaldi, eng yomoni, bugun farzandlari uning yoniga kirib, qanot bo‘lish o‘rniga kalaka qilyapti. Turmush o‘rtog‘iga bunday vaziyatda unga qanday chora ko‘rilishini aytib, ogohlantirdim. Ayolga himoya orderi berildi. Mahalla va boshqa tashkilotlarning shu oiladagi muhitdan xabardor bo‘lishini ta’minladik. Hozircha bu oilada vaziyat yaxshi, lekin ulardan doimiy xabardor bo‘lib turish kerak.

Tumanda bu yil 151 nafar xotin-qizga himoya orderi berildi. Himoya orderi berilganda zo‘ravonlik sodir etgan shaxsga uning xatti-harakatlari qonunga zid ekanligi, agar bir oy ichida yana shu holat takrorlansa, unga ma’muriy javobgarlik, ya’ni 15 sutka belgilanishi tushuntiriladi. Yil boshidan beri 8 holatda zo‘ravonlik takrorlangani uchun ma’muriy qamoq jazosi belgilandi. Shu yildan boshlab biz faoliyatimizni ijtimoiy xizmat xodimlari bilan hamkorlikda olib boryapmiz. Ijtimoiy xizmat xodimlarining asosiy vazifalaridan biri zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarga yordam ko‘rsatish bo‘lgani uchun bu masalada hamkorligimiz samarali bo‘lmoqda. Ikki nafar ayolning oilasida vaziyat og‘ir bo‘lgani uchun ularni reabilitatsiya markaziga joylashtirdik. 

To‘g‘ri, bu raqamlar bizga bo‘lgan murojaatlar asosida olib borgan ishlarimiz natijasi. Ammo oilasida doimiy kaltaklanib, bu haqda hech kimga bildirmay yashayotgan ayollar ham bor, afsuski. Shuning uchun joylarda targ‘ibot tadbirlarini olib borgan paytimizda xotin-qizlarga qo‘shningiz uyida sodir bo‘layotgan zo‘ravonliklarga befarq bo‘lmang, anonim tarzda bo‘lsa ham bu voqealardan bizni xabardor qiling, deb tushuntiramiz. 

Zo‘ravonlik masalasi faqat ayollar erlari­dan jabr chekadi, deb o‘ylaymiz. Ammo qay­nonalarga himoya orderlari berilayotgani, kelinning zug‘umidan qiynalayotgan yoshi ulug‘ onaxonlarning ko‘payayotganini nima bilan izohlashni bilmaysan kishi. 

Gulruh MO‘MINOVA.