"Qeshm Air" aviakompaniyasi Toshkent va Samarqandga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘ymoqda
22 dekabrdan Eronning "Qeshm Air" aviakompaniyasi Tehronni O‘zbekistonning ikki shahri — Toshkent va Samarqand bilan bog‘laydi.
Parvozlarning ochilishi O‘zbekiston va Eron rahbariyati o‘rtasida, joriy yil sentyabr oyida Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Rayisining mamlakatimizga rasmiy tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlar samarasidir. Xususan, tashrif davomida Eron va O‘zbekiston o‘rtasida bir qator viza tartib-taomillarini soddalashtirish va sayyohlik oqimini kuchaytirishga qaratilgan turizm sohasida hamkorlik dasturi qabul qilindi.
22 dekabrdan "Tehron — Toshkent — Olma-Ota-Tehron" va "Tehron — Samarqand — Tehron" yo‘nalishlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muntazam qatnovlar yo‘lga qo‘yilmoqda.
Parvozlar qulay "Airbus 320" samolyotlarida, dastlab haftasiga bir marta amalga oshiriladi. Keyinchalik, yo‘lovchilar tomonidan yo‘nalish ijobiy qabul qilinsa, reyslar sonini ko‘paytirish rejalashtirilmoqda.
Ma’lumot uchun: 1993 yilda tashkil etilgan "Qeshm Air" — shtab-kvartirasi Tehronda joylashgan Eron aviakompaniyasi bo‘lib, mahalliy va xalqaro, shuningdek, charter yo‘lovchi reyslarini amalga oshiradi.