Qidiruvdan keyin "toshbag‘ir ota" topildi
Xabaringiz bor, bugun ijtimoiy tarmoqlarda noma’lum erkakning ikki nafar yosh bolaga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘layotganligi haqidagi video yuzasidan murojaat joylangan edi.
Tasvirdagi erkak shu yil 15 yanvar kuni Namangan viloyati, Chust shahrida yashovchi 1991 yilda tug‘ilgan S.P. ekanligi aniqlandi.
Fuqaro S.P. voyaga yetmagan farzandlarini tashlab Rossiya Federatsiyasiga ketib qolgan turmush o‘rtog‘ini qaytarish maqsadida o‘zi videoga olganligi va turmush o‘rtog‘iga yuborganligi, video turmush o‘rtog‘i tomonidan ijtimoiy tarmoqlarga tarqatilganligini ma’lum qilgan.
Fuqaro S.P. qilgan ishidan pushaymonligini bildirib, ushbu holat yurtdoshlarimiz orasida shov-shuvga va ularning haqli e’tiroziga sabab bo‘lganligi uchun kechirim so‘ragan.
IIV axborot xizmati xabariga ko‘ra, ayni vaqtda Chust tumani IIB tomonidan holat bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirilmoqda.
Shu o‘rinda, holatga oydinlik kiritishda ko‘maklashgan yurtdoshlarimizga Ichki ishlar vazirligi rahbariyati minnatdorchilik bildirgan.