Qimmatbaho tilla zanjirlarni o‘g‘irlagan qo‘shni qiz jinoiy javobgarlikka tortildi
Ertalab Zulayhoni qo‘shni dugonasi Sevara kelib, birga somsa pishiramiz, menga yordam ber, deb uyiga chaqirdi. Dugonalar birgalikda somsa pishirishdi, yeyishdi, suhbatlashdi.
Sevara hovliga chiqqanida Zulayho uy ichini zimdan kuzatdi. U turmushidan ajralgan, hech qayerda ishlamasdi. Qiz shkaf ichida dugonasining onasiga tegishli bo‘lgan tilla taqinchoqlarni ko‘rdi. Zulayhoning xayoli buzildi, ularni o‘g‘irlash payiga tushdi. U tilla taqinchoqlarni olib chiqib ketish maqsadida ichkaridagi xonaning ko‘chaga qaragan derazasini bilinmaydigan qilib ochib qo‘ydi.
- Men shifoxonaga borib kelaman, - dedi Sevara somsalarni pishirib bo‘lgach.
- Unda men keta qolay, - deb o‘rnidan turdi Zulayho. Uyda ikkisidan boshqa hech kim yo‘q edi.
Sevara shifoxonaga ketgach, Zulayho qo‘shnisinikiga chiqib avval derazani chertib ko‘rdi. Hech kim chiqmagach, sekin o‘zi ochib qo‘ygan derazadan ichkariga kirdi. Shkafda turgan ikki dona tilla zanjirlarni olib, uydan chiqib ketdi.
Qiz darhol o‘g‘irlagan tilla taqinchoqlarni olib Bulung‘ur bozoriga tushdi. U yerda Avaz ismli zargar yigitga tilla zanjirlardan birini ko‘rsatib:
- Zanjir o‘zimniki, o‘g‘irlanmagan. Juda pul zarur bo‘lib qolgan edi, shunga sotmoqchiman, - dedi.
Zargar yigit zanjirni ko‘zdan kechirib, qizga 1.450.000 so‘m berishini aytdi. Aslida taqinchoq 2 million so‘mlik edi. Zulayho ham tortishib o‘tirmasdan darhol rozi bo‘ldi.
- Hozircha sizga 1 million 200 ming so‘m bera olaman. Qolgan 250 ming so‘mini keyin beraman, - dedi zargar yigit.
Qiz rozi bo‘ldi va undan 1 million 200 ming so‘m pulni olib, Bulung‘ur buyum bozoridan 500 ming so‘mga o‘ziga kiyim-kechak sotib oldi. So‘ngra bozordan chiqib, Samarqand shahriga ketish uchun taksilar to‘xtash joyiga keldi.
- Mening o‘zimga alohida taksi kerak. Samarqand shahriga ketmoqchiman, - dedi u shu yerda taksichilik qilayotgan Dilrabo ismli ayolga. Ayol o‘z boshqaruvida bo‘lgan “Neksiya” rusumli avtomashinasida qizni manziliga eltib qo‘ymoqchi bo‘ldi. Ular o‘zaro gaplashib, shahar tomon yo‘lga tushdi. Ko‘p o‘tmay, Dilraboning qo‘l telefoni jiringladi. Tanish taksi haydovchilaridan biri undan Zulayhoni so‘radi: “Hozir sizga IIBdan telefon qilishadi. Mashinangizdagi qiz o‘g‘irlikda gumonlanmoqda”, dedi haydovchi.
Oradan biroz vaqt o‘tib, Dilraboning telefoniga qo‘ng‘iroq qilgan IIB xodimi mashinani yo‘l chetiga to‘xtatib, qizni ushlab turishini tayinlashdi.
Aslida Sevara dugonasining xatti-harakatidan gumonlanib, shifoxonadan kelib darhol shkafda turgan tilla taqinchoqlarni tekshirgan va ularning joyida yo‘qligini bilgach, onasiga telefon qilgandi.
Voqea 2019 yilning 2 fevral kuni Bulung‘ur tumani “Bulung‘ur” mahallasi, Sayilgoh ko‘chasida sodir bo‘ldi. Zulayho qo‘shnisining uyidan bahosi 2 million so‘mlik “Medas” nomli tilla zanjir va bahosi 4 million so‘mlik kuloni bor tilla zanjirni yashirin ravishda o‘g‘irlab chiqib, jinoyatga qo‘l urdi.
Sud unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “g” bandi bilan har oyda oylik ish haqidan 10 (o‘n) foiz miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 (ikki) yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinladi.
Farhod Xudoyberdiyev,
jinoyat ishlari bo‘yicha
Bulung‘ur tuman sudi raisi.