Qimmatga tushgan xato

O‘zbek detektiv janri nomoyandalaridan biri Komil Sindarovning ana shu nomdagi asari ingliz tiliga tarjima qilinib, “Lust for Revenge” nomi ostida chop etildi.
Quvonarlisi, bu kitob AQShdagi “Xlibris Us” nashriyoti tomonidan shu yil boshidan buyon nashr qilingan yozuvchining ikkinchi asari hisoblanadi. Noshirlar buni o‘zbek detektiv asarlariga talab tobora ortib borayotgani bilan izohlashyapti.
Binobarin, Komil Sindarovning “Temuriylar kutubxonasi siri” (“The Secret of Temurid Library”) romani nafaqat AQSh, balki ingliz tilida so‘zlashuvchi dunyo kitobxonlari tomonidan katta qiziqish, zo‘r ishtiyoq bilan kutib olindi. Shu bois nashriyot jamoasi muallifning boshqa detektiv asarlarini ham ingliz tilida chop etishga qaror qildi.
Aytish joizki, “Qimmatga tushgan xato” asari allaqachon o‘zbek o‘quvchilari tomonidan sevib mutolaa qilinadigan kitoblar qatoridan joy olgan. Chunki u hayotiy voqealarga asoslangan bo‘lib, syujetining jumboqliligi, voqealarning g‘ayrioddiy rivoji o‘quvchini rom etib qo‘yadi. Kishi kitobning ilk sahifalaridanoq voqealar ichiga sho‘ng‘ib ketadi.
Asar o‘z xizmat vazifasini fidokorona ado etib kelayotgan prokuratura bo‘lim boshlig‘ining sirli tarzda g‘oyib bo‘lishi voqeasi bilan boshlanadi. O‘z kasbining fidoyisi, bir oila boshlig‘ining kelgusi taqdiri qanday kechadi?
Muallif yo‘qolgan mas’ul xodimni izlashda gumon qilingan shaxslarni aniqlash, tergov qilish jarayoni, oilasi, qarindosh-urug‘larining chekkan jafolari, tahlikali o‘tgan kunlarini o‘ta mahorat bilan hikoya qiladi. Shuning uchun o‘quvchi qahramonlarning ruhiy holatlari, alamli kechinmalari, quvonchu shodliklariga sherik bo‘ladi, asar bilan yashay boshlaydi.
Nazarimizda, Komil Sindarov uzoq yillar davomida prokuratura tizimida mehnat qilib, katta kasbiy tajribaga ega bo‘lgani asar muvaffaqiyatining bosh omillaridan biri hisoblanadi. Zero, ushbu kitob dunyo yuzini ko‘rgach, rus tiliga tarjima qilinib, keng kitobxonlar o‘rtasida “Jajda mesti” nomi bilan shuhrat qozongan edi. Asarning ingliz tiliga o‘girilishi uning o‘quvchilar qalbidan mustahkam joy egallaganidan yorqin dalolat.
Bugungi kunga qadar sermahsul ijodkor Komil Sindarovning o‘ndan ortiq detektiv asarlari e’lon qilingan. Ularning aksariyati xorijiy tillarga tarjima qilinmoqda.
Shubhasiz, bu o‘zbek detektiv janri yuqori pog‘onaga ko‘tarilib borayotganini anglatadi.