Qirg‘iziston delegatsiyasi Samarqandda

Mehmonlar dastlab Samarqand shahridagi Hazrati Xizr majmuasida bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qildi. Buyuk Yurtboshimiz ruhi poklariga hurmat bajo keltirildi. Majmuada amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari, mahobatli maqbara, milliy uslubdagi ayvon va boshqa inshootlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. 

Shundan so‘ng Qirg‘iziston delegatsiyasi vakillari Islom olamining buyuk vakili Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qildilar. Shuningdek, Registon majmuasi, Amir Temur maqbarasi, Ulug‘bek rasadxonasi va Samarqand shahridagi tarixiy obidalar, muqaddas qadamjolarda bo‘lishdi. Mehmonlarga osori-atiqalar tarixi, shaharda keyingi yillarda olib borilgan bunyodkorlik-obodonchilik ishlari haqida hikoya qilindi.

Mehmonlarga viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Sh.Xudoyberdiyev hamrohlik qildi.