Qirg‘iziston O‘zbekistondan 100 dona "Isuzu SAZ LE-60" yo‘lovchi avtobusi sotib oladi

Bu haqda O‘zbek-qirg‘iz taraqqiyot jamg‘armasi (O‘QTJ) matbuot xizmati xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, O‘sh shahri hokimligi Samarqand avtomobil zavodidan (SamAuto) 100 dona "Isuzu SAZ LE-60" yo‘lovchi avtobusini xarid qiladi. Ushbu xarid O‘zbek-qirg‘iz taraqqiyot jamg‘armasi hisobidan moliyalashtiriladi.

13 mart kuni jamg‘arma ofisida Qirg‘izistonning O‘sh shahri hokimligi bilan lizing shartnomasi imzolandi. Jamg‘arma Samarqand avtomobil zavodi tomonidan ishlab chiqarilgan past polli yo‘lovchi avtobuslarini xarid qilishni moliyalashtiradi. Bu avtobuslar O‘sh jamoat transporti parkini kengaytiradi va modernizatsiya qiladi.

Ta’kidlash lozimki, ushbu shartnoma taraqqiyot jamg‘armasi uchun ikkinchisi bo‘ldi. Fevral oyi oxirida O‘QTJ «Akun» YoAJ bilan SamAuto kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan 10 ta o‘rtacha yuk ko‘taruvchi "Isuzu" yuk avtomashinasini lizingga olish bo‘yicha shartnoma imzolagan edi.