Qirg‘iziston Prezidentining tashrifi yakunlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov 11-12 mart kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘ldi.
11 mart kuni Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovning muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va strategik sheriklikka asoslangan munosabatlarni yanada mustahkamlash va rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida ko‘p qirrali O‘zbekiston – Qirg‘iziston sherikligining deyarli barcha yo‘nalishlarini qamrab olgan 22 ta hujjat imzolandi.
Qirg‘iziston rahbari bugun, 12 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining ikkala palatasi rahbarlari va Bosh vaziri bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Sadir Japarov Ko‘ksaroy qarorgohidagi Faxriy mehmonlar xiyoboniga ko‘chat o‘tqazdi.