Qirg‘izistonlik ijodkorlar Samarqandda: Adabiyot turizmini tashkil etish taklif qilindi

Qirg‘iz adabiyoti bizga 500 ming misradan iborat, qariyb o‘n asrlik tarixiga ega «Manas» eposi, Mulla Qilich, To‘g‘aloq Mo‘lda, To‘xtagul Sotilg‘anov, Qosimali Bayalinov va Chingiz Aytmatov kabi nomlar bilan yaxshi tanish. Bugun ana shu adabiyot vakillari, ya’ni qardosh va qo‘shni yurt adiblari Samarqandga keldi.

Dastlab viloyat axborot-kutubxona markazida ikki mamlakat ijodkorlari yosh kitobxonlar bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Qirg‘iz Respublikasining atoqli davlat va jamoat arbobi, yozuvchilar uyushmasi raisi, siyosat fanlari doktori, yozuvchi Qanibek Imanaliyev, «Jetkinchek» bolalar va o‘smirlar gazetasining bosh muharriri, Qirg‘iz Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, yozuvchi, tarjimon Abibilla Pazilov, taniqli yozuvchi Nurali Qobul, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Farmon Toshev xalqlarimiz o‘rtasida do‘stlik, madaniyat, ijtimoiy-siyosiy va adabiy aloqalar mustahkamlanib borilayotganini ta’kidladilar.

- O‘zbek va qirg‘iz xalqining tili madaniyati va adabiyoti azaldan bir-biriga o‘xshash, chambarchas bog‘liq, - deydi Qanibek Imanaliyev. – Keyingi yillarda bu aloqalar tobora rivojlanib, o‘zbek va qirg‘iz adabiyotining eng sara namunalari kelishuv asosida tarjima kilinyapti. Jumladan, Abdulla Qodiriyning «O‘tkan kunlar» romani birinchi marta qirg‘iz tiliga o‘girilganligi, kirg‘iz adabiyoti namunalarining o‘zbek tiliga tarjima qilinayotgani yoki O‘zbekistonga eng ko‘p kelayotgan mamlakat vakillaridan biri qirg‘izlar ekani fikrimizning tasdig‘idir.

Bundan tashqari, 2019 yilda O‘zbekiston va Qirg‘iziston Yozuvchilar uyushmalari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolangan bo‘lib, ushbu hujjat asosida bir necha yillardan beri birgalikda tadbirlar o‘tkazilib, adabiy loyihalar amalga oshirib kelinadi. Markaziy Osiyo yosh ijodkorlari seminari, Turkiy tilli mamlakatlar yosh ijodkorlari forumi, «Mumtoz she’riyat» festivali kabi tadbirlar shular jumlasidan.

Yozuvchi Nurali Qobul bugun turizm jadal rivojlanib borayotganini qayd etib, barcha sohalarda mavjud sayyohlik nega adabiyot sohasida yo‘qligiga e’tibor qaratdi.

- Nazarimda, eko turizm, ziyorat turizmi, tibbiyot turizmi bo‘lgani singari adabiyot turizmi ham bo‘lishi kerak va bu ijodkorlar o‘rtasidagi yaqinlikni, hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi,  - dedi u.

Uchrashuv davomida Qirg‘iz Respublikasi Yozuvchilar uyushmasi raisi Qanibek Imanaliyevning «Qirg‘iznoma» kitobi taqdimot qilindi. Nurali Qobul tomonidan tarjima qilingan mazkur asar qardosh qirg‘iz xalqining urf-odati, odob-axloq, e’tiqod va an’analarini o‘zida aks ettirgan.

Tadbir davomida ikki xalq adabiyoti targ‘ibotiga hissa qo‘shib kelayotgan ijodkorlar viloyat axborot kutubxonasiga kitoblar sovg‘a qildi. Adiblarning xizmatlari e’tirof etilib, O‘zbekiston va Qirg‘iziston yozuvchilar uyushmasi faxriy a’zoligiga qabul kilindi.

Tashrif davomida mehmonlarning Samarqand shahridagi diqqatga sazovor maskanlarga sayohati tashkil etildi.

Fazliddin Ro‘ziboyev.