Qishloq xo‘jaligidagi imtiyozlarlardan xabardormisiz?
Qishloq xo‘jaligida mehnat qilayotgan fermer-dehqonlar, agrofirmalar uchun qator imtiyozlar berilgan. Afsuski, hamma ham ulardan xabardor emas. Qishloq xo‘jalik vazirligi mazkur eslatmalarni havola qilmoqda.
Agrobiznes
Qonunchilikka ko‘ra, agrar tarmoqda o‘z biznesini tashkil etishga ko‘maklashish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda dehqon xo‘jaliklarining ulushini oshirish maqsadida uzoq muddatga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlarini ijaraga olib, belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tgan dehqon xo‘jaliklari va kichik tadbirkorlik sub’yektlariga 50 million so‘mgacha garovsiz kredit berilishi belgilangan.
Limonchilik
Yangi limonzorlar barpo etish va ko‘chatlar xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlar har bir sotix uchun 300 ming so‘mgacha miqdorda subsidiya sifatida qoplab beriladi.
Subsidiya limonzorlar barpo etish ishlari yakunlanib, tuman ishchi komissiyasining ularni foydalanishga qabul qilish yuzasidan tasdiqlangan dalolatnomalari Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligiga taqdim etilgandan so‘ng 1 oy muddatda ajratiladi.
Paxtachilik
Qonunchilikka ko‘ra, paxta yig‘im-terimi bo‘yicha qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb qilinadigan jismoniy shaxslarning paxta terish orqali topgan daromadiga soliq solinmaydi.
Shuningdek, paxta yig‘im-terimi bo‘yicha mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb qilingan jismoniy shaxslarning bu ishlarni bajarganligi uchun mehnat haqi to‘lashga doir xarajatlar ijtimoiy soliq solish ob’yekti hisoblanmaydi.
Paxta tozalash sanoati korxonalarida paxta tozalash bilan bog‘liq quyidagi ishlarda to‘liq bir mavsum ishlash pensiya tayinlash uchun bir yil mehnat stajiga o‘tadi:
- paxtani quritish;
- paxtani tozalash;
- paxtani yuklash, tushirish;
- paxtani pnevmotransportga ortish;
- quritish-tozalash sexini yig‘ishtirish va isitish, ishlab chiqarish chiqindilarini chiqarib tashlash.
Chorvachilik
Yaqinda qabul qilingan Prezident qaroriga ko‘ra, chorvachilik klasterlariga:
- 60 million AQSh dollari miqdorida kreditlar ajratiladi;
- paxta va g‘alla ekin maydonlarini qisqartirish hisobiga har bir tumanda kamida 100–150 gektar maydon ozuqabop ekinlar ekish uchun ajratiladi.
2023 yil 1 dekabrdan chorvachilik xo‘jaliklari o‘z ehtiyoji uchun import qilgan nasldor qoramollarga hisoblangan qo‘shilgan qiymat solig‘ini Qo‘mita kafolati asosida 180 kun ichida to‘lab berish tizimi joriy etiladi.
2023 yil 1 sentyabrdan 2025 yil 31 dekabrgacha davlat tomonidan quyidagi tartibda subsidiya ajratiladi:
- chorvachilik mahsulotlari yetishtiruvchi xo‘jaliklarga xorijiy davlatlardan import qilingan nasldor qoramolning har bir boshiga 2 million so‘m, nasldor qo‘y va echkining har bir boshiga 400 ming so‘m miqdorida;
- parrandachilik xo‘jaliklariga har bir bosh 1 kunlik nasldor jo‘jani import qilish bilan bog‘liq xarajatlarning 15 ming so‘mini qoplash uchun.