Qishloqqa to‘yga bordim…
*She’riy feleton
Qishloqqa to‘yga bordim, zap kiyinib shaylanib,
So‘ng issiq joy qidirib, qoldi boshim aylanib.
Qaqshab ketdi vujudim, bo‘lsa edi bir kaft cho‘g‘,
Bu uyda ham issiq yo‘q, u uyda ham issiq yo‘q.
Ordona qolsin svet, aybin yopisholmadi,
Bir «dvijok» topishdi, yog‘in topisholmadi.
O‘tini yo‘q, cho‘pi yo‘q ammam chiqdi hovliga,
Qaytib keldikmi yoki Nikolayning davriga?
Ukamlarning rangini ko‘rib ichim ezildi,
Nabirajonlarin ham azoblari sezildi.
To‘yga bormay men o‘lay, issiq joy so‘rar edim,
Qaysi xonaga kirsam, onamni ko‘rar edim.
Kelin bechora menga: “ O‘tiring..” deb qistardi,
Men o‘tirsam oyog‘im o‘ramoqni istardi.
Qo‘llarini ishqalab, dilini tuzlar edi,
Mening ko‘nglimni topish yo‘lini izlar edi.
Hali erta to‘y, bugun xudoyini yerdi el,
O‘tganlarni eslashni savobi bor, derdi el.
Qishloqdoshlarim har qish kuni shunday maloldir,
Ularning azobini yozish amrimaholdir.
Men bir kecha tunadim, kelinim hushyor edi,
Opam azob tortmasin degan fikri bor edi.
Menga zahmat chekdirmay, tadorik ko‘rib chiqdi,
Pechkasini o‘chirmay, tun bo‘yi yurib chiqdi.
Achinib ketdim rosa, to‘yga kelmay men o‘lay,
Bularni nega qiynar, svet, gazini bermay.
Shunday qorli, qirovli Urgut elsiz o‘sarmi?
Xalq holidan xabarsiz, hokim bova o‘salmi?
Bir vaqtlar bunda ham oqova gaz bor edi,
Har oila, har bir uy kichik bir bozor edi.
Qahraton ham bolalar, yayrab, o‘ynab yotardi,
Har inson o‘z uyida, quvonch olib sotardi.
O‘shanda ham shoirning haq deb aqli ozardi,
Otaxon shoir xalqning, tappisini yozardi.
O‘shanda ham hayotni oshi tortilar edi,
O‘shanda ham gazimiz chetga sotilar edi.
Sveti o‘chmas edi, qon qilib o‘g‘lonini,
Yechib yotardi otam do‘ppi-yu, choponini.
O‘shanda yorug‘, issiq bizga beminnat edi,
Qishda ham yozdagidek, uyimiz jannat edi.
O‘shanda eslaysizmi, vijdon uxlamas edi,
O‘zlari o‘marib, so‘ng xalqqa yuklamas edi.
Bir burda non yesa ham ko‘pning qorni to‘q edi,
Oqova gaz, svetdan qarzdorligi yo‘q edi.
Bularning muammosin yechadigan kishi yo‘q,
Bir och bilan bir to‘qning bugun aslo ishi yo‘q.
Fikrimni sal chalg‘itdi, qo‘shni kampir matali,
Burni oqqan bola ham chaqaloqning yo‘tali.
Tiriklik dunyosida qora qish xo‘p shitobsan,
Kimlar uchun mol-u mulk, kimlar uchun azobsan.
Hammadan ham istakli, qizlar turar shoshilib,
Ko‘karib ketgan qo‘l-u oyoqlarin yashirib.
Tashqaridan uch-to‘rt qiz kirdi sovuq quvishib,
Burnigacha ko‘karib, idish-tovoq yuvishib.
Kelinlar kelar bugun, sovuq uylar koshona,
Odamlarning taftidan isib borar to‘yxona.
Men qochaman, to‘y... Ukam...
Tugamayin muddao,
Hammaga qo‘shaloq to‘y nasib aylasin Xudo.
Ikki kuyov bolani toleini kuldirsin,
Uylarini muhabbat nurlariga to‘ldirsin.
Tonglar otsin xayru xush, o‘lanlar turib kelsin,
Eshigidan gul sochib, bahorlar kirib kelsin!
Yaratganning mulkida yuzlarga kirsin yoshi,
Shukur! – deylik, shukurning charaqlasin quyoshi!
Men sovqotib, kimningdir jig‘iga tegdim, uzr!
Yurtning vallamatlari, asl haqiqat shudir...
Siz ham elga osh berib, yashang sovuq uylarda,
Gazu svetsiz qolib, sovuq qoting to‘ylarda.
Zotan, sizga yetmas bu achchiq-tiziq xabarlar,
Xabarsiz ham “Xalqim!” der, insofi bor rahbarlar.
Shu xalq hayot asosi, omon bo‘lsin iloyim,
Hokimlarga yo‘lingni o‘zing ko‘rsat Xudoyim!
Jumagul SUVONOVA.