"Qiz o‘g‘rilari"ning ketidan
Yarim tun, odatda ishdan kech qaytayotganimda mashinada musiqani balandroq qilib qo‘yvolaman. Svetoforda to‘xtaganimda oldingi qatordagi "damas" xuddi men eshitayotgan musiqaga hamohang tarzda o‘ynagandek ikki yonga chayqala boshladi. Yoshlar ziyofatdan qaytyapti, deb o‘yladim.
Harakat boshlandi. Shu vaqt yonimda ketayotgan mashina haydovchisi menga qanaqadir ishoralar qilib, signal chalayotganini payqab qoldim. Oynani ochsam, u “oldimizdagi "damas" qizbolani o‘g‘irlab ketyapti, to‘xtatish kerak”, deb baqirdi.
Vaziyatni to‘liq anglamagan bo‘lsam-da, unga qo‘lim bilan ma’qul ishorasini qilib, "damas" ketidan quvdim. Ikkovlon ancha masofadan keyin uni to‘xtatishga erishdik, ammo qahramon bo‘lolmadik. Sababi, damasning ichida qiz emas, bir nechta o‘g‘il bola o‘tirgan ekan. Svetoforda o‘shalardan biri qizbola ovozi bilan “Yordam beringlar”, deb baqiribdi. He, qilig‘ing qursin!
Ochig‘i, bu holat meni xursand qildi. Kimnidir quvlashga to‘g‘ri kelganidan emas, noto‘g‘ri ma’noga bormang, to‘xtata olmaganimizda ham IIBga xabar berib, ketidan qolmay ketaverardik. Balki, odamlarimiz befarqlikdan uyg‘onayotganidan, kimgadir ko‘mak berish uchun o‘z halovatidan voz kechayotganidan quvondim.
Bir begona qizni ko‘cha zo‘rlaridan himoya qilaman deb ust-boshim abgor bo‘lgan, ammo atrofdagilar e’tiborsiz o‘tib-ketavergan bir davr, alamli xotira esimga tushib ketdi.
Shubhali vaziyatda tezkor va to‘g‘ri qaror qabul qilib, jarayonga meni ham jalb qilgan o‘sha haydovchining otasiga rahmat.
Asqar Barotov.