Qizingiz jangari emasmi?

Kechki payt maktab yaqinidagi pastqam ko‘chalardan birida janjal bo‘lgan. Guvoh bo‘lganlarning  aytishicha, oralarida “karatechi”lari ham bor ekan. Dastlab mashq qilishyapti, deb o‘ylashgan. Keyin qarashsaki, ahvol jiddiy. Yo‘ldan o‘tayotganlar ularni ajratib olishgan. Buning  hech qanday ajablanarli joyi yo‘q. To‘g‘rimi? Shu yerda adashdingiz. “Tepishayotganlar” yigitlar emas,  qizlar bo‘lgan. Hayron qoldingizmi?   

Bu ish  yuzasidan maktablarda  shoshilinch ota-onalar yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi. Voqea batafsil o‘rganildi. Janjallashgan ikki maktab o‘quvchilari, ularning ota-onalari suhbatga chaqirilgan, yuzlashtirilgan. Sababini eshitsangiz, hayratingiz ortadi. Nima emish, bir maktab o‘quvchisi boshqa maktabda o‘qiydigan qizni yoqtirib qolibdi. “Tashlab ketilgan” qiz esa “raqiba”sini darhol “jangga chorlagan”.

Zamon teskari aylanyaptimi? Qizlar–a! Yaqinda qo‘shnim maqtanib qoldi. Qizi sinf rahbarini boplab mot qilganmish. Ustozi hadeb “Imtihonlarga formada kel, sochingni yig‘ishtir” deyavergach, “O‘zingiz zamondan ortda qolgansiz. 4 yildan beri bitta sumka ishlatasiz, salon nimaligini bilmaysiz, qo‘l telefoningiz ham otamdan qolgan” debdi yuziga. “Hozirgi zamonda odam tilli-jag‘li bo‘lgani yaxshi-da, og‘zidagini oldirmaydi, bu tomondan qizim menga tortgan” deydi u g‘ururlanib. Ana xolos! Bunisiga nima deysiz endi?

Farzandlarimiz qachon bunchalik beandisha, betgachopar bo‘lib qolishdi?  O‘qituvchi bilan o‘quvchi o‘rtasidagi nozik parda  qayoqqa yo‘qoldi? O‘smir yoshdagi o‘quvchisini  tartibga chaqirmoqchi bo‘lgan o‘qituvchining aybi nimada? O‘z ustozini sinfdoshlari oldida behurmat qilgan qiz ertaga bu qilig‘ini ota-onasiga ham takrorlamaydi, deb kim kafolat bera olardi? Qolaversa, qiz bolaning muloyim, kamtar, odobli bo‘lganiga nima yetsin! Vaqti kelib kelin bo‘lishi bor. Shartaki, erkakshoda, “yiqilib qolguncha haqqini talab qiladigan”  jangari kelin kimga kerak? Shularni  qo‘shnimga aytganimda, parvo ham qilmadi.

- 30 yillik ish faoliyatim davomida bolalarning ruhiyati bilan bog‘liq turli masalalarni o‘rganishga to‘g‘ri kelgan, - deydi psixolog  G.Shodmonova. Boshlang‘ich sinflarda bolalarning ota-onasi bilan aloqa qilish osonroq. Ota-onalar majlislarga kelib turishadi, bolalarining  o‘qishi, hulqi  bilan qiziqishadi. Yuqori sinflarda  esa,  aksincha. Ularni topish qiyin. Bolalariga ayni kerak paytda yo‘qolib qolishadi, ota-onalar!

Yuqori sinflarda o‘g‘il bolalardan ko‘ra, qizlarning tarbiyasi bilan shug‘ullanish og‘irroq. Qizlar ham jismonan, ham ruhan ertaroq voyaga yetadi.  Eng  a’lochi,  eng namunali o‘quvchilarning xulqida ham g‘alati burilishlar sodir bo‘ladi. Bu ularning yurish turishida, atrofdagilar bilan  muomalasida, qilayotgan ishlarida yaqqol seziladi. Agar shu vaziyatda ota-onalar, ustozlar va ularning boshqa yaqinlari hushyor turishsa, o‘smirlarning bu “qiziqqonliklari” yaxshi tomonga  yo‘naltirilsa, olam guliston.

Aybni internetga, mobil telefonlarga (televizor deyish eskirdi!) yuklashga odatlanganmiz! Albatta, ular bizning o‘rnimizga bolalarimizni “tarbiyalayapti”. Tan olish kerak, o‘zimiz vaqt topmagach, ular farzandlarimizga “ega chiqmoqda!”

Bu juda og‘riqli!

 Ilgarilari bolaligimizda “quloqsiz” o‘quvchilarni jazolashning  turli usullari bo‘lardi. “Burchakka teskari turg‘azish”,  “stulni  ko‘tartirib qo‘yish”, “ sinfdan chiqarib yuborish” va hokazo. Ammo bularning hech biri qizlarga nisbatan qo‘llanilmasdi. Yuqori sinflarda muntazam  “Qizlar majlislari” bo‘lib  turardi. Bugun-chi?  Ularning tarbiyasi e’tibordan chetda qolmayaptimi?

Darvoqe, sizning ham  o‘smir qizingiz bormi? Uni biroz kuzating,  vaqtingizni qizg‘anmang. Qiziqishlariga e’tibor bersangiz, yuqoridagi fikrlar  nechog‘lik  haqiqat  ekaniga  amin bo‘lasiz.

Gulchehra Berdiyorova.